Inson huquqlari tashkilotlari va media kuzatuvchilar xulosasiga ko’ra, dunyo bo’ylab hukumatlar so'z erkinligini cheklaydigan qonunlar ishlab chiqish va mustaqil matbuotni bo’g’ish uchun pandemiyadan foydalanyapti.
Buni isbotlovchi misollar ko’p. Masalan, Xitoyda koronavirus tarqalayotgani haqida birinchi bo’lib bong urgan shifokor Li Venliang politsiyaga chaqirtirilib, mish-mish tarqatayotganlikda ayblangan. U keyinroq virusni yuqtirib vafot etgan. Eron, Turkiya va Taylandda jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hibsga olingan. Vengriyada “yolg’on” xabar tarqatganlik uchun kishi jarimaga tortilishi yoki qamoqqa olinishi mumkin.
Ko’pgina davlatlarda favqulodda holat deya qabul qilinayotgan yangi qonunlarning muhlati belgilanmagan. Avtoritar hukumatlar yangi vakolatlaridan tanqidchilarga tazyiq o’tkazish uchun foydalanishi mumkin, deydi huquq tashkilotlari.
Janubiy Afrika va Eronda jurnalistlar koronavirus haqida tibbiy mutaxassislar yoki “norasmiy” manbalardan suhbat olishi taqiqlangan. Filippinda brifinglarga faqat davlat OAV kiritiladi – boshqalarga savollarini oldindan berish buyurilgan.
Hindistonda bosh vazir pandemiya haqidagi xabarlar hukumat tasdig’idan o’tishi kerak, deya Oliy sudga murojaat qilgan. Sud taklifni rad etgan.
“Inqiroz hukumatlarga o’z vakolatlarini kengaytirish imkoniyatini bermoqda. Hokimiyatdagilar vahimadan foydalanib, aholini himoya qilishga aloqasi bo’lmagan huquqlarni ham qo’lga kiritmoqda. Ular inqirozdan keyin ham bu vakolatlardan voz kechisi amri mahol”, - deydi “Human Rights Watch” (HRW) huquq tashkiloti ijrochi direktori Kennet Rot.
Masalan, AQShda 2001-yil 11-sentabr hujumlari ketidan fuqarolarni kuzatish va dron hujumlarini amalga oshirish kabi vakolatlar haligacha to’liq bekor qilinmagan. Guantanamo qamoqxonasi ham hanuz ochiq.
Isroil, Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropaning ayrim davlatlarida koronavirusni yuqtirgan odamga yaqin bo’lganingizni ko’rsatuvchi telefon ilova ishga tushirilgan. Mazkur texnologiya pandemiyaga qarshi kurashda qo’l kelsa-da, keyinchalik undan qanday foydalanilishi xavotir uyg’otmoqda.
“Hukumatlar odamlarni kuzatish bo’yicha har qanday yangi vakolatlar virusga qarshi kurashda yordam berishini isbotlashi, daxlsizlik kabi masalalarni hisobga olishi lozim”, - deydi “Elektron chegara jamg’armasi” nomli tashkilot vakili Adam Shvarts.
Kennet Rot so’zlariga ko’ra, tanqid va pandemiyaga oid ma’lumotlarni senzura qilish orqali Misr va Xitoy kabi davlatlar o’z oyog’iga bolta urmoqda.
“Boshidan SARSga o’xshash virus haqida ogohlantirmoqchi bo’lgan shifokorlarga quloq tutish o’rniga, ularning ovozi o’chirilgan. Natijada virus ilk kunlarda uch haftagacha tarqalishda davom etgan”, - deydi HRW vakili.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi rahbari Joel Saymon deydiki, repressiv tuzumlar yolg’on ma’lumot tarqalishining oldini olish bahonasida tanqidiy materiallarni nishonga olmoqda.
“Ochiq jamiyatlar inqirozni yengib o’tishi osonroq, chunki erkin ma’lumot oqimi samarali qarorlar qabul qilinishiga, aholi xabardor bo’lishiga olib keladi”, - deydi u.
Facebook Forum