Breaking News

AQSh: avtoritar rejimlar inson huquqlarini toptashda davom etmoqda


Uyg'ur huquq faollari namoyishi, Istanbul, Turkiya, 2019-yil, 13-dekabr
Uyg'ur huquq faollari namoyishi, Istanbul, Turkiya, 2019-yil, 13-dekabr

AQSh dunyodagi bir qator avtoritar rejimlarni hokimiyatga tahdid sifatida faollarning haq-huquqlarini keskin toptayotganlikda aybladi. Bu haqda Inson huquqlari amaliyoti bo’yicha 2019-yilgi mamlakatlar hisobotida so’z boradi.

“Tajriba ko’rsatadiki, o’z xalqining huquqlarini toptovchi, jabr-zulm o’tkazuvchi va buni inkor etuvchi hukumat rasmiylari korrupsiya, zo’ravonlik va terrorizmga yetaklovchi iqtisodiy va gumanitar inqirozlar uchun ham javobgar bo’ladi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hisobot taqdimotida.

Hisobotda Eronda o’tgan yili noyabr oyida benzin narxi oshishiga qarshi boshlangan namoyishlar zo’rlik bilan bostirilgani qayd etiladi.

“Tehron hukumati, xalqaro OAV xabarlariga ko’ra, bir hafta davomida deyarli barcha xalqaro va mahalliy internet aloqalarini bloklab qo’ydi va xavfsizlik kuchlari shafqatsiz kuch ishlatib, 1500 odamni o’ldirdi hamda 8600 kishini hisbga oldi. Namoyishchilar o’limiga oid hukumat idoralari mustaqil va xolis tekshiruv o’tkazgani ma’lum emas”, deyiladi hisobotda.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Suriya Prezidenti Bashar Assad va boshqa Eronga moyil guruhlarni qo’llab-quvvatlash orqali Eron hukumati Suriya, Iroq va Yamandagi inson huquqlari toptalishi uchun ham mas’ul.

Xitoyda uyg’urlarga zug’um davom etayotgani tilga olingan. Hisobotga ko’ra, ozchilik musulmonlarni lagerlarda saqlash va ularni diniy, milliy va madaniy o’zligidan ayirish ishlari kuchaygan.

“Xitoy Kommunistik partiyasi siyosiy faollarni kuzatish uchun yuqori texnologiyali nazorat tizimlaridan foydalanmoqda. Diniy ozchilik guruhlarni qamoqqa olish, lagerlarga tashlash siyosatini davom ettiryapti”, - dedi Pompeo.

Xitoyda noqonuniy odam o’ldirish, odamlarning g’oyib bo’lishi, majburan hibslarga olish amaliyoti ham keng yoyilgani aytiladi.

AQSh Saudiya Arabistonida 2018-yilda o’ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi ishi bo’yicha o’tgan sud jarayonining qanchalik oshkora o’tgani yuzasidan ham xavotir bildirgan.

“Jamol Qoshiqchining o’ldirilishi qabul qilib bo’lmas jinoyat. Saudiya yetakchilariga xavotirlarimizni yetkazganmiz. Bu masalada qarashimiz o’zgargani yo’q”, - dedi Davlat kotibining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo’yicha yordamchisi Robert Destro.

Hisobotda O’zbekistondagi vaziyat ham tahlil qilingan. Unda mamlakatda huquq-tartibot organlari tomonidan huquqlarning buzilishi holatlari davom etayotgani qayd etilgan. Korrupsiya holati yuqori, ammo so’nggi paytlarda poraxo’rlik ayblovi bilan javobgarlikka tortilgan rasmiylar soni oshgan, deyiladi hisobotda. Shuningdek, senzura, diniy erkinlikdagi cheklovlar, so’z erkinligi to'la ta’minlanmagani kabi muammolar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG