Breaking News

Huquq tashkiloti: Xitoy xalqaro inson huquqlari uchun tahdid


Uyg'urlar himoyasi uchun Gonkongda o'tkazilgan namoyish, 2019-yil, 22-dekabr
Uyg'urlar himoyasi uchun Gonkongda o'tkazilgan namoyish, 2019-yil, 22-dekabr

“Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, Xitoy o’z aholisini nazorat qilish uchun ommaviy kuzatish dasturini ishlab chiqmoqda. Bu haqda inson huquqlari bo’yicha 90 dan ortiq mamlakatdagi vaziyat sarhisob qilingan yangi hisobotda so’z boradi.

Hisobotga ko’ra, Xitoy aholisi hozir 1989-yil Tiananmen maydonida yuz bergan qonli namoyishlardan beri eng kuchli repressiya davrini boshdan kechirmoqda. Eng ko’p tazyiqqa uchrayotganlar Shinjon viloyatidagi uyg’urlar. Bir milliondan ortiq musulmon lagerlarda diniy va madaniy o’zligidan voz kechishga majburlanayotgani aytiladi. Xitoy bu iddaoni rad etadi.

“Human Rights Watch” ijrochi direktori Kennet Rosning aytishicha, Xitoy hukumati misli ko’rilmagan kuzatish tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Bu dastur, asosan, uyg’urlarning kundalik hayotini nazorat qilish uchun ishlatiladi, deydi u.

“Ulkan ma’lumotlar bazasi kimni hibsga olish yoki olmaslikni aniqlash uchun qo’llanadi. Ko’chalardagi politsiyachilar qo’lida shu ma’lumotlar jamlangan jihozlar bo’ladi. To’xtatilgan odamlarni tekshirib, hibsga olishlari mumkin. Odamlarning uylariga barkodlar biriktiriladi. Politsiya bu uyda yashovchilarning qanchalik ishonchli ekanini osonlikcha tekshirishi mumkin bo’ladi”, - deydi Ros.

Xitoyda kuchli senzura hukmron bo’lib, hukumat bu tizimni iqtisodiy qudrati orqali xorijga ham yoymoqda, deydi Ros.

Uning qo’shimcha qilishicha, hukumat Xitoyga kiradigan eksport mollarini nazorat qilish orqali kompaniyalarni o’z yo’rig’idan yurishga majbur qilmoqda. Xitoyga keladigan eksport mollari global iqtisodiyotning 16 foizini tashkil etadi.

“Bozorga kiritmaslik tahdidi bilan kompaniyalarni o’z ishchilarini senzura qilishga majburlamoqda. Boshqacha qilib aytganda, Xitoy senzura tizimini xorijga eksport qilyapti. Xitoyni tanqid qiladigan dunyodagi har qanday fuqaroni shu yo’l bilan nazorat ostiga olishmoqchi”, - deydi u.

AQSh Milliy basketbol assotsiatsiyasi bilan yuz bergan voqea bunga yaxshi misol. Gonkongdagi namoyishlar haqida fikr bildirgan sportchilar mashmashasi tufayli Xitoy assotsiatsiyaning bir milliard dollarlik translyatsiya shartnomasini bekor qilishi haqida tahdid qilgan edi.

Rosning aytishicha, Xitoy o’zi yoqtirmaydigan masalalarda diplomatik bosim o’tkazish vakolatlaridan ham foydalanmoqda. Masalan, Xitoy BMT Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan foydalanib, Suriya, Myanma va Venesuela kabi davlatlardagi vaziyat xalqaro tashkilotda ko’rib chiqilishiga yo’l qo’ymayapti.

“Human Rights Watch” rahbarining aytishicha, xalqaro hamjamiyat Xitoyga bosim o’tkazishda davom etishi kerak. Chunki, deydi u, Xitoy qanchalik qudratli bo’lmasin, barcha mamlakatlarga bir paytda qarshilik qila olmaydi. Xitoy butun dunyo bilan iqtisodiy aloqalarni uzish halokatli ekanini yaxshi biladi, deydi Ros.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG