Breaking News

Demokratlar Ukrainaga Oq uy so'raganidan ko'proq yordam bermoqchi


Oq uy, Vashington, 9-may, 2022
Oq uy, Vashington, 9-may, 2022

Kongressning har ikki palatasida demokratlar Prezident Jo Baydenning Ukrainaga yordamga oshirish taklifini quvvatlab, u so'ragan 33 milliard dollarga qo'shimcha ko'mak berish ustida bosh qotirmoqda.

Oq uyga ko'ra, koronavirusga qarshi kurash uchun ajratiladigan mablag' bu taklifga kiritilmagan. Respublikachilarning aksariyati esa madad miqdorini ko'paytirishga qarshi.

"Vaqtni boy bera olmaymiz", - deydi Bayden. "Ukrainaga yordamga yo'l beruvchi bu hujjat tez orada stolimda bo'lishiga tayyorman".

Prezident harbiy madad ko'rsatish uchun nimaiki qila olsa, bu vakolatlardan foydalanayotganini qayd etadi.

Senatda respublikachilar takliflar bilan tanishib chiqqanini ta'kidlab, ayrim o'zgartirishlar kiritishini bildirgan.

"Ishni tez orada bitiramiz", - deydi Senatda konservatorlar sardori Mitch Makkonnelll.

Bayden esa Kongress uning taklifini boricha ma'qullashiga ishonishini aytadi.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi 11-haftadirki, davom etmoqda. Mojaroning oxiri ko'rinmayapti, deydi rasmiylar, ammo Vashington Kiyevga ko'makni davom ettiradi.

Ukraina sharqida janglar ko'lami kengaygan. Har ikki tomonda katta talafotlar kuzatilmoqda. Rossiya ustun kelayotganini isbotlovchi dalillar oz. Biroq Kreml uning kuchlari chekinmasligini eslatib turibdi.

Mart oyida qonunchilar Pentagonga Ukrainaga 13,6 milliard dollarlik harbiy yordam uzatish uchun ruxsat bergan. 100 million dollarlik qismi qoldi xolos, deydi vazirlik matbuot kotibi Jon Kirbi.

"Madad uzilmasligi uchun Kongress tezlikda harakat qilib, hozirgi taklifni ovozdan o'tkazishi kerak", - deydi Kirbi.

Demokratlar fikricha, Amerika gumanitar yordamni ham oshirishi lozim.

Koronavirusga qarshi so'ralayotgan mablag' mirdori 22,5 milliard dollar bo'lib, u AQShning o'zida va dunyo bo'ylab vaksina ta'minoti va COVID-19ning yangi turilarining oldini olish uchun sarflanishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG