Breaking News

Bayden to'xtatishga qaror qilgan "Title 42" qanday qonun?


Muhojirlar yo'lini to'sayotgan "Title 42" qanday qonun?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00

Bayden ma'muriyati 23-may kuni “Title 42” deb nomlanuvchi Tramp davridagi siyosatga chek qo'yilishini e'lon qildi. Aynan shu qonun asosida pandemiya davrida Meksika orqali kirib kelgan ko’plab muhojirlar AQShdan chiqarib yuborilgan edi.

Ba’zi demokratlar siyosatning tugatilishini olqishladi, ammo respublikachilar qonunning chegaradagi ijrosi to’xtatilganidan norozi.

“Title 42” aslida qanday qonun?

"Biz “Title 42” deganda, aslida Kasalliklarni nazorat qilish markazi direktori tomonidan chiqarilgan buyruqni nazarda tutamiz", - deydi Ikki partiyaviy siyosat markazi tadqiqotchisi Tereza Braun.

Bu buyruq chegarani muhofaza qilish idoralariga kasallikning oldini olish vaji bilan Qo'shma Shtatlarga o'tayotgan muhojirlarni, shu jumladan, siyosiy boshpana so'rash umidida bo’lganlarni mamlakatga kiritmaslik huquqini berdi.

"Bu buyruq, asosan, AQSh-Meksika chegarasida hujjati bo'lmagan muhojirlarning kirishini to’sishga qaratilgan", - deydi Braun.

Qonun ijroga kirishi bilan AQSh-Meksika chegarasida patrul xizmati xodimlari chegaradan noqonuniy kirib kelgan muhojirlarni bir necha soat yoki kun ichida Meksikaga qaytarib yubordi. Siyosiy boshpana so’rashni istagan odamlar ham qabul qilinmadi.

“Agar ular immigratsiya qonuni boʻyicha koʻrib chiqilganda edi, rad javobini olganlar mamlakartga qaytib kela olmasdi. “Title 42” asosida chiqarib yuborilayotganlar uchun hech qanday huquqiy oqibat yo’q. Shu bois ko’plab muhojirlar, xususan, Meksikaga qaytarib yuborilgan yana qayta kirib kelmoqda”, - deydi Tereza Braun.

AQSh Bojxona va chegara xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 2020-yil mart oyidan beri Braziliya, Markaziy Amerika, Gaiti, Meksika va Kolumbiyadan 2 millionga yaqin muhojir shu tartib asosida mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Amerika Manzaralari: Muhojirlar, sog'liq, kino
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:58 0:00

Chegarani kesib o’tayotganlar soni aslida chiqarib yuborilayotgan muhojirlarning haqiqiy sonidan ko'proq, chunki bu muhojirlarning ko'pchiligi bir oyda bir necha marta qayta AQShga kirmoqda.

Fevral oyida chegarani kesib o’tishlar soni 164 973 ta bo’lgani qayd etilgan. Mamlakatdan chiqarilgan jami muhojirlar soni esa 91 513 nafarni tashkil etgan.

Qayta-qayta kesib o'tishga urinishlar darajasi “Title 42” ijro qilingan davrda 30 foizga oshgan.

Federal qonun boshqa mamlakatlardan kelgan odamlarga, agar ular o'z vatanlaridagi ta'qibdan qochayotgan bo’lsa, Qo'shma Shtatlardan boshpana so'rashga ruxsat beradi.

Ular AQShga qabul qilinishi uchun beshta asosdan biri bo'yicha ta'qibga uchraganini isbotlashi kerak: irqi, dini, millati, siyosiy qarashi yoki ma'lum bir ijtimoiy sinfga mansubligi tufayli.

Rasmiylarga ko’ra, 23-maydan keyin AQSh janubiy chegaralaridan keladigan muhojirlar soni ko’payadi, ammo Qo'shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asos ko’rsata olmaganlar mamlakatga kiritilmaydi.

“Biz, shunchaki, AQSh bojxona va chegara xizmati tarixi davomida doim amalda bo’lgan “Title 8” qonuni bo’yicha ishlashga qaytamiz. Lekin oxir-oqibat, agar kimdir qonuniy ruxsatsiz kirishga urinsa va qolish uchun huquqiy asosga ega bo'lmasa, bunday odamlar mamlakatdan chiqarib yuboriladi”, - deydi Bojxona va chegara xizmati rasmiysi Luis Miranda.

Shu paytgacha amalda bo’lgan tartib bo’yicha, agar siyosiy boshpana so’rayotgan muhojir chegara xodimining ilk tekshiruvidan o’tsa, uning ishi immigratsiya sudiga yuboriladi. U yerda migrant deportatsiyadan himoya sifatida boshpana so'rashi mumkin.

Agar muhojir dastlabki skriningdan o'ta olmasa yoki immigratsiya sudida arizasi rad etilsa, mamlakatdan deportatsiya qilinadi. U mamalakatga yana noqonuniy kirib kelsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki kelajakda har qanday immigratsiya vizasiga murojaat qilish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG