AQSh Fazo agentligi NASAning Kaliforniyadagi Reaktiv harakat laboratoriyasida muhandislar “Sayki” kosmik apparatini uchishga tayyorlamoqda.
Hammasi rejadagidek kechsa, u metalga boy asteroid orbitasini aylanadi. Olimlar bu missiya orqali Yer qanday paydo bo’lgani haqida ko’proq bilmoqchi.
“Sayki” deb nomlangan asteroid Mars va Yupiter o’rtasida, Yerdan taxminan 2,4 million kilometr uzoqlikda joylashgan. Missiyani NASA Arizona universiteti bilan hamkorlikda boshqaradi.
“Hayajondamiz. Orqadagi apparat yaqin orada to’liq ishga tushadi, hamma qismlari soz. Raketaga qo’shib, uchirsa bo’lgani. Shu nuqtaga yetish uchun 11 yil vaqt ketdi”, - deydi planetolog Lindi Tanton.
Kema puxta sinovlardan o’tdi. Uning vazifasi – asteroidning yoshini aniqlash va xususiyatlarini o’rganish. Olimlarga ko’ra, boshqa asteroidlardan farqli o’laroq bunisining tarkibi, ko’rinishidan, nikel va temirdan iborat.
“Gipotezamiz shuki, bu boshqa jismlar bilan to’qnashib, qobig’i tushib ketgan qandaydir sayyoraning yadrosi, - deydi muhandis Mariya de Soriya. - Asteroid qanday shakllanganini yaxshiroq tushunib olsak, bu bizga o’z sayyoramiz va quyosh tizimi haqida xulosa qilishga imkon beradi”.
Olimlar fikricha, Yerning yadrosi mana shu asteroidga o’xshash. Ammo uni ko’rish va o’lchash imkonsiz ekan, “Sayki” missiyasi quyosh sistemasi va Merkuriy, Venera va Mars kabi boshqa planetalar qanday shakllangani haqida muhim ma’lumotlar beradi.
“Muayyan bir sayyorani yashashga yaroqli qiladigan nima, deb o’zimizdan doim so’raymiz. Yerni bir tort bilan tasavvur qilsak, asteroid bu – mana shu tortni tayyorlash uchun kerakli tuxum, un va saryog’dir. “Sayki” asteroidida mana shu ingrediyentlarning bir qismini topishimiz mumkin, deb o’ylaymiz. Balki hayot uchun zarur boshqa xususiyatlarini ham aniqlarmiz”, - deydi Lindi Tanton.
Apparatni avgust oyida Floridadan uchirish rejalangan. Asteroidga yetib borish uchun Marsning yonidan uchib o’tadi. Sayohatga taxminan 3,5 yil vaqt ketishi kutilmoqda. Yetib borgach esa qariyb 2 yil davomida asteroid atrofida aylanadi.
Missiya davomida, shuningdek, kosmik zond va Yer o’rtasida ko’proq ma’lumotni tezroq uzatishga imkon beruvchi yangi lazer aloqa texnologiyasi sinovdan o’tkaziladi.
Facebook Forum