Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li chorshanba kuni Vashingtonda Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashadi. Bu NATO bo‘yicha ikki ittifoqchining o’zaro aloqalarni tiklash yo’lida tashlangan navbatdagi qadam ekani aytilmoqda.
Turkiya avvalroq Finlyandiya va Shvetsiyaning Atlantika ittifoqiga qo'shilish takliflariga veto qo'yishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Ayni masalada Chavusho’g’li Vashingtonda jiddiy savollarga tutilishi kutilyapti.
Anqara uzoq yillar Vashingtonning yaqin ittifoqchisi sanalgan. Turkiyada inson huquqlari ahvolining yomonlashishi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan yaqin aloqalar qurgani tufayli so’nggi yillarda ikki mamlakat o’rtasida munosabatlar keskinlashgan.
Rossiya bosqiniga qarshi Turkiyaning Ukrainani yaqindan qo‘llab-quvvatlashi AQSh-Turkiya munosabatlarini tiklash imkoniyatini taqdim etdi va tahlilchilar Chavusho‘g‘lining Vashingtonga tashrifi bu jarayonga yordam berishini taxmin qilmoqda.
Ammo Yevropa Kengashining katta ilmiy xodimi Asli Oydintoshboshga ko’ra, Erdog‘anning NATOga a’zo bo‘lish bo’yicha Shvetsiya va Finlyandiya tashabbusiga veto qo’yish tahdidi Chavusho’g’li tashrifiga soya solmoqda.
"Bu, albatta, tashrifni murakkablashtiradi, lekin uni yanada muhimroq qiladi, - dedi Oydintoshbosh. - Bayden ma'muriyati o’z ishini ijtimoiy masofa saqlash, Yaqin Sharqdan chekinish siyosati bilan boshladi, shuningdek, Turkiyani katta shaxmat taxtasidagi muhim geosiyosiy o’yinchi sifatida ko'rmadi. Turkiya esa bunga yo'l qo'ymasligini bildirmoqda”.
“Va, albatta, Ukraina urushi Turkiyaning geostrategik joylashuvi va ahamiyatini yana bir bor oshirdi” – deya qo’shimcha qildi u.
Dushanba kuni Erdo‘g‘on Finlyandiya va Shvetsiyani kurd guruhlariga ishora qilib, Turkiyaga qarshi kurashayotgan terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinki Turkiya fikrini o‘zgartirish uchun Anqaraga diplomatik delegatsiyalar jo‘natib ovora bo’lmasin.
Tahlilchilarning ogohlantirishicha, Erdog'anning keskinlashgan pozitsiyasi Vashingtonda Turkiya prezidentining Putin bilan yaqin aloqalari haqidagi xavotirlarni kuchaytiradi. Avvalroq Turkiyaning Rossiyadan “S-400” raketaga qarshi mudofaa tizimini sotib olgani Vashingtonni Anqaraga qarshi harbiy sanksiyalar joriy etishga undagan edi.
Istanbuldagi Qodir Has universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Soli O‘zelning aytishicha, Chavusho‘g‘lining maqsadlaridan biri – Vashingtonni Turkiyaga “F-16” qiruvchi samolyotlarini sotishga ko‘ndirish.
"Bu savolni ko'taradiganlar bo'ladi, - deydi O'zel. – “F-16” samolyotlarini sotish va yangilashga qarshi AQSh Kongressida yanada salbiy kayfiyat paydo bo’lishidan qo’rqaman. Shu ma'noda men Turkiyaning hozirgi ommaviy harakatini unchalik ma'qul ko'rmayapman".
Seshanba kuni Rossiya ommaviy axborot vositalari Putin yaqin kunlarda Turkiyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini e'lon qildi. Bu xabar hozircha Anqara tomonidan tasdiqlanmagan, ammo Turkiyaning G'arb ittifoqchilari, jumladan, Vashington xavotirini kuchaytirishi mumkin. Pensilvaniyada joylashgan Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti rahbari Aaron Shtaynning aytishicha, Vashingtonda Turkiyaga nisbatan kayfiyat yanada salbiylashishi mumkin.
“Anqara oʻz manfaatlarini koʻzlayotgani oydinlashdi, - dedi Shtayn. – Ba’zilar Turkiyaga “F-16”larni sotish vaqti keldi, desa, boshqalari “S-400” bo'yicha murosaga kelish kerakligini aytishyapti”.
Tahlilchilar, shuningdek, Chavusho'g'li ikki mamlakat prezidenti o'rtasida yaqinroq aloqani tiklash muhimligini ta'kidlashini kutmoqda. Bunday so'rovlar qanday qondirilishi Vashingtonning yondashuviga va Erdo'g'anning Shvetsiya va Finlyandiya masalasidagi veto tahdidiga AQSh rasmiylari qanday munosabatda bo’lishiga bog’liq.
Facebook Forum