AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin 26-aprel kuni Germaniyada Ramshtayn Havo bazasida so’zlar ekan, Rossiya rahbari Vladimir Putin “butun dunyo Ukraina ortida bu qadar tez va dadil jamlanishini aslo kutmagan”ini ta’kidladi.
Vashington Ukrainaga yordamni muvofiqlashtirish uchun 40 dan ziyod mamlakatlar sammitini o’tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda.
Ostinning bildirishicha, tashabbus Rossiya asossiz boshlagan urushda Ukraina g’alabasini ta’minlash hamda mamlakatning kelgusi muammolarini hal etishga ko’maklashishga qaratilgan.
Ostinning 25-aprel kuni bergan bayonotiga ko’ra, AQShning Ukrainaga yordam berishdan ko’zlagan pirovard maqsadi Rossiya armiyasini zaiflashtirishdan iborat.
Germaniya esa ilk bor Ukrainaga og’ir qurol va texnika yetkazib berishini ma’lum qildi.
Moskva G’arbni qurol yetkazib berish bilan Ukraina vositasida Rossiyaga qarshi urush ochganlikda aybladi. Bunday pozitsiya yadroviy nifoq uyg’otishga jiddiy turtki bo’lishidan ogohlantirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Moskvaga tashrif buyurib, Prezident Vladimir Putin hamda tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovlar bilan uchrashdi. Liderlarni Ukrainaga qarshi urushni to’xtatishga chaqirdi.
“Biz effektiv dialog va o’t ochishni uzil-kesil hamda tinch yo’l bilan hal etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishdan nihoyat darajada manfaatdormiz”, - dedi Guterrish Lavrov bilan muloqotda.
Bosh kotib nazdida, garchi BMT va Rossiya Ukraina mavzusida qarama-qarshi pozitsiyaga ega bo’lsa-da, hanuz talafotlarni qisqartirish va qisqa fursatda urushni to’xtatish imkoniyatlari mavjud.
Guterrish va BMT tashabbusini qo’llab-quvvatlagan Lavrov G’arb mamlakatlarini konfliktni hal etishga bir yoqlama yondashayotganlikda aybladi.
Rossiya bosh diplomatiga ko’ra, Moskva Ukrainada tinch aholi vakillari hayotini saqlab qolishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Biroq Ukraina rasmiylarining bildirishicha, rus qo’shinlari Mariupolda gumanitar yo’lak joriy etish harakatlariga bir necha bor jiddiy qarshilik ko’rsatgan.
Bu orada Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an Putinni Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara olib borishga chorlamoqda. Biroq ham Rossiya, ham Ukraina bilan umumiy dengiz chegarasiga ega Turkiyaning o’rtadagi vositachiligi shu kunga qadar besamar ketmoqda.
“Rossiya Ukrainani dastaklayotgan dunyoni qo’rqitib qo’yishga doir so’nggi umidini boy berdi. Bu Moskvaning Ukrainada mag’lubiyatni his etayotganini anglatadi. Shuning uchun ham, dunyo Ukrainaga yordamni ikki hissa oshirishi va shu yo’l bilan biz ga’labaga erishib, Yevropa va global xavfsizlikni saqlab qolishimiz kerak”, deb yozdi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba “Twitter” sahifasida.
Facebook Forum