Ukrainadagi urushning uchinchi oyi boshlanar ekan, uning qachon tugashi hanuz noma’lum. Ukrainani mudofaa qilish uchun otlanayotgan xorijliklar orasida amerikaliklar ham bor.
Endryu Bennet duradgor. Ayni paytda Ukrainaga jo’nab ketish uchun hozirlanmoqda. Kech kirishi bilan u vaqtini mintaqani o’rganishga sarflaydi.
“Prezident Zelenskiy juda ajoyib va sadoqatli yetakchi. Yer yuzidagi eng jasur va ilhombaxsh lider”, - deydi u.
Bir necha kundan so’ng Bennet Polshaga jo’nab ketadi. Bu yerdan Ukrainaga o’tishni va Rossiya bosqiniga qarshi kurashishni maqsad qilgan.
“Keyingi hafta o’q o’tmas kaskamni olaman. Zirxli kiyimlarim allaqachon tayyor”, - deydi u.
Endryu ilgari hech qachon Ukrainada bo’lmagan. Ammo ozodlik kurashida bu mamlakatga yordam berishga ahd qilgan. U Ukrainaning Hududiy mudofaa kuchlari xalqaro legioniga qo’shilish ilinjida. U yolg’iz emas. Legionda u kabi minglab chet elliklar bor.
Ukraina rasmiylariga ko’ra, xalqaro legionga allaqachon 20 mingdan ortiq xorijlik qo’shilgan. Amerikadan ham olti mingdan ortiq odam ariza topshirgan. Hozircha ularning yuzdan ortig’i qabul qilingan.
Entoni Kepoun axborot texnologiyalari bo’yicha mutaxassis. U Ukraina xalqaro legioniga qo’shilishni istaganlarga moddiy yordam ko’rsatmoqda.
“Xalqaro legionga qo’shilishni xohlardim, lekin bunga qurbim yetmaydi, uchishga pulim yo’q, transportim yo’q yoki qanday viza olishni bilmayman, deydigan odamlarga yordam bera olaman, deb o’yladim”, - deydi u.
Kepoun 10 kishilik jamoa bilan Polshada logistika va hujjat ishlariga yordam bermoqda. Ko’ngillilar maosh olmaydi. Pullarning barchasi o’q-dori sotib olish va transport xarajatlariga sarflanmoqda.
“Boshida ancha qiyin bo’ldi. Buni e’lon qilganimda samolyotda edim, 10-15 odam chiqsa kerak, deb o’ylagan edim. Lekin yetti soatlik parvoz tugab, yetib borgunimcha 170 odam ko’ngilli bo’lish uchun ariza topshirdi”, - deydi u.
Ko’ngillilarni tekshirish hamda ularni homiylar bilan bog’lab qo’yish uchun Kepoun maxsus vebsayt yaratdi. Hanuz harbiy xizmatni o’tayotganlar qabul qilinmaydi. Bugungacha Ukrainada jang qilish uchun 36 davlatdan arizalar tushgan. AQSh va Yevropadan tashqari Kolumbiya, Chili, Janubiy Koreya, Marokash va Yangi Zelandiyadan ham ko’ngillilar bor.
AQSh hukumati amerikaliklarni Ukrainaga safar qilmaslik haqida ogohlantirmoqda. Ammo bu Bennetni to’xtata olmaydi. Harbiy kiyimdan tashqari, u o’zi bilan sun’iy yo’ldosh telefoni, ukrain tili darslari yozilgan plansheti hamda Injil kitobini olib ketmoqchi.
U urush nihoyasida duradgor sifatida ham Ukrainaning qayta qurilishiga o’z hissasini qo’shish umidida.
Facebook Forum