Breaking News

Rossiya Dumasida “azovchilar”ni ayirboshlashni taqiqlash muhokamada


Mariupol qamalidagi ukrain harbiylarining taslim bo’lishi uchinchi oyga kirgan Ukraina-Rossiya urushidagi burilishlardan biri sifatida ko’rilmoqda.

Mariupol shahridagi “Azovstal” zavodida ikki mingdan oshiq ukrain harbiylar mudofaani davom ettirayotgan edi. Ayni paytda ularning qanchasi asirga tushgani bahsli masala.

Mariupolda taslim bo’lgan jangchilar taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:24 0:00

Rossiya Mudofaa vazirligi so’ngi ikki kun davomida zavoddagi harbiylarning 1000 ga yaqini, aniqrog’i 959 nafari asirga tushganini aytayotgan bo’lsa, Ukraina tomoni hozircha 300 atrofida jangchilar taslim bo’lgani, ular keyinchalik rus askarlarini bilan ayirboshlanishini ta’kidlamoqda.

Prezident Volodimir Zelenskiy Mariupoldagi jangchilar matonatini olqishladi. Ular shu paytgacha dushman armiyasining katta kuchini chalg’itishga muvaffaq bo’lishgani, endi o’z jonlarini saqlab qolish haqida buyruq olishganini ta’kidladi.

Shunga qaramasdan, asirga tushgan bu harbiylar taqdiri o’ta mavhum, ayniqsa Rossiyada millatchi guruh sifatida ko’riladigan “Azov” polki jangchilari nazarda tutilsa.

Mariupol himoyachilari taslim bo’lishar ekan, Rossiyada “Azov” polkini terrorchi guruh deb topishga qaratilgan jarayon boshlandi.

Rossiya Dumasi “Azov” jangchilarini harbiy asirlar bilan almashtirilishiga taqiq qo’yuvchi qaror qabul qilmoqchi. Ayrim manbalarda Duma deputatlari Rossiyada o’lim jazosini tiklashga doir tashabbus bilan chiqishayotgani, bu tashabbus bevosita asirga tushayotgan “Azov” jangchilari bilan bog’liq ekani qayd etilmoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligi va Prezident Zelenskiy ham Mariupol himoyachilari bir muddat o’tib, asirdagi rus habiylariga almashtirilishini, muzokaralar borayotgani, qiyin kechayotgan bu jarayon haqida ortiqcha tafsilotlar berish maqsadga muvofiq emasligini aytishmoqda.

Ammo Ukraina va Rossiya o’rtasidagi muzokaralar to’xtab qolgani, buni har ikki tomon rasman tasdiqlayotgani inobatga olinsa, asirga tushgan harbiylarning o’zaro almashtirilishi, ayniqsa “Azov” polki jangchilari bilan bog’liq vaziyat rostdan ham o’ta murakkab ko’rinadi.

Har holda, avvalroq Mariupoldagi jangchilarining yaqinlari bu masalada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga, Xitoy rahbariga murojaat bilan chiqishgan, dunyo liderlaridan jangchilarni uchinchi bir mamlakatga ko’chirish uchun yordam so’rashgan edi.

Mariupoldagi jangchilarning taslim bo’lish qarori bu murojaatlarning natijasiz qolganiga qanchalik bog’liqligi noma’lum.

Bu boradagi muzokaralardan xabardor bo’lgan Ukraina parlamenti deputati Mustafo Jemilov “Amerika Ovozi”ga Rossiya tomoni Mariupoldagi jangchilarning taslim bo’lishini talab qilayotganini aytgan edi.

Xullas, uchinchi oy davom etayotgan Rossiya-Ukraina urushi davomida eng og’ir nuqtalardan bo’lib kelgan Mariupol nazorati to’liq Rossiyaga o’tishini kutish mumkin.

Bu og’ir janglar davom etayotgan frontdagi vaziyatga qanchalik ta’sir o’tkazishini esa yaqin kunlar ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG