Breaking News

Mariupoldagi harbiylarning yaqinlari dunyo rahbarlariga murojaat qildi


Mariupol - Rossiya-Ukraina urushidagi eng qaqshatqich nuqta. Ayni paytda shahar Rossiya nazoratida, ammo to’liq emas. “Azovstal” po’lat zavodida taxminan 2000 ukrain harbiysi mudofaani davom ettirmoqda, ular zavod hududidagi yerosti binolarda joylashgan.

Ikki oy davomida qamalda bo’lgan bu harbiylarga doir vaziyat o’ta og’ir baholanadi. Ular orasida og’ir jarohat olganlar ko’pligi, tibbiy xizmat yo’qligi, dori-darmon tugagani, oziq-ovqat ta’minoti bilan muammolar mavjudligi ta’kidlanadi.

Qamaldagi jangchilar Erdog’an yordamiga umid qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:21 0:00

Mariupoldan tinch aholi evakuatsiya qilinganidan keyin harbiylar joylashgan zavodni raketa, to’plardan o’qqa tutish yanada kuchaygan. Qarshilikni davom ettirayotgan ukrain harbiylari yaqin kunlarda butunlay yakson qilinishi mumkin.

Bu harbiylarning yaqinlari ularni favqulodda evakuatsiya qilishni so’rab, dunyo liderlariga, xususan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga murojaat qilmoqda.

12-may kuni Kiyevda o’tgan matbuot anjumanida zavoddagi harbiylarning yaqinlari, shuningdek, bu boradagi muzokaralarda qatnashayotgan Ukraina parlamenti deputati Mustafo Jemilov ham ishtirok etdi.

Uning aytishicha, Erdog’an Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Mariupol yuzasidan ikki marta gaplashgan. Bundan tashqari, Erdog’anning maslahatchisi Ibrohim Qalin Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan gaplashgan.

Turkiya Mariupoldan bu harbiylar chiqarilsa, urush tugamaguncha mamlakat hududini tark etmasligiga kafolat bergan

“U Shoyguga Istanbul portida ikki ming kishi sig’imidagi kema turganini, agar bitimga erishilsa, bu kema istalgan paytda Berdyansk portiga borishi, kemada Mariupoldagi harbiylarni portga olib keluvchi avtobuslar borligi, Turkiya tomoni ularni portgacha kuzatib borishini aytgan. Bundan tashqari, Turkiya Mariupoldan bu harbiylar chiqarilsa, urush tugamaguncha mamlakat hududini tark etmasligiga kafolat bergan. Shoygu tinch aholi evakuatsiyasiga rozilik bergan, ammo harbiylar taslim bo’lishi shart ekanligi, Prezident Volodimir Zelenskiy shunday buyruq berishi zarurligini aytgan. Turkiya vakili oliy qo’mondan hech qanchon o’z jangchilariga bunday buyruq bera olmasligini, ularni asirdagi rus harbiylariga almashrishni taklif etgan. Rossiya hozircha bunga rozi emas, ammo muzokaralar davom etmoqda”, - deydi Jemilov.

“Azovstal” zavodida qolayotgan harbiylarning ko’pchiligi ukrain millatchilari sifatida ko’riladigan “Azov” polki jangchilaridir.

Ulardan birining turmush o’rtog’i Natalya Zaritska jangchilarni qutqarishga chaqirar ekan, Erdog’anga turkchada murojaat qildi.

Zaritskanining ta’kidlashicha, eri urush kundaliklarni yozib, har kuni unga yuboradi. Zavodda qo'lidan, oyog’idan ajralgan yuzlab yaradorlar bor. Mariupol dunyo tanasida yaraga aylanmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, “Azovstal” zavodidagi o’ta og’ir jarohatlarga ega jangchilarni evakuatsiya qilish, asirdagi Rossiya harbiylariga almashish yuzasidan muzokaralar bormoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG