Xalqaro Valyuta fondining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Jihod Azur deydiki, 2022-yilga kelib, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston koronavirus pandemiyasi oqibatlarini sezilarli darajada yengib, iqtisodini ancha tiklab olgan edi.
"Biroq Rossiyaning Ukrainadagi urushi bu jarayonni buzdi. Mojaroga yaqinlik, Rossiyaga iqtisodiy bog'liqlik, G'arb federatsiyaga qo'ygan sanksiyalarning ta'siri endi bu mamlakatlardagi vaziyatni og'irlashtirib, o'sishni sekinlashtirmoqda", - deydi u.
Fond buni Kavkaz davlatlarida ham kuzatmoqda. Yil boshida Markaziy Osiyo va Kavkazda iqtisod 2022-yilda kamida 5 foizga kengayadi deya taxmin qilingan edi. Hozirgi taxmin shuki, o'sish dunyoning bu qismlarida uzog'i bilan 2,6 foizda bo'ladi.
"Neft eksport qiladigan davlatlar, jumladan Qozog'iston, Ozarbayjon va O'zbekiston, narx yuqoriligi uchun foyda qiladi. Lekin sanksiyalarning oqibatlari ularga ham bevosita zarba", - deydi Azur.
Fond rasmiysiga ko'ra, har bir hukumat hozir o'z tizimini himoya qilish uchun chora ko'rishi, yangi imkoniyatlar izlashi lozim. Shuningdek, oziq-ovqat ta'minoti uzilmasligi zarur.
Azur nazarida hukumatlar inflyatsiyani jilovlashga harakat qilmoqda. Moliyaviy siyosat qayta ko'rib chiqilmoqda, konvertatsiya ustidan nazorat kuchaygan, tavakkaldan chekinilmoqda.
Markaziy Osiyo va Kavkazda, fond ta'biricha, bu yil inflyatsiya 10,7 foizga ko'tariladi.
Hukumatlar uchun qattiq sinov davri, deydi Azur, ular moliyaviy barqarorlikni ta'minlashi zarur va bir paytning o'zida sanksiyalarning hozirgi va kelasi ta'sirlariga qarshi qadamlar tashlashi kerak.
"Markaziy Osiyo aslida transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. O'tgan yillar ichida mintaqaviy savdo kengaygan. Biz subregional integratsiya boshlanganini kuzatayotgan edik. Bu jarayonlar susaymasligi lozim, chunki aynan hozir mintaqa shunday hamkorlikka muhtoj", - deydi Azur, qo'shnilar orasida tijorat va tranzit oqimi oshganiga ishora qilib.
Uning tahlilicha, Markaziy Osiyoda pandemiya davridagi eng katta yutuq - insonlar hayoti saqlab qolingani. Jahonning boshqa mintaqalariga qaraganda kamroq odam nobud bo'ldi, deya xulosa qiladi mutaxassis. Iqtisod ham izdan chiqib ketgani yo'q.
Azur Kavkaz davlatlariga nisbatan ham shunday deydi. Emlanish vaqtida va keng ko'lamda kechmadi, deydi u, ammo mamlakatlar orqada ham qolib ketmadi.
Qozog'iston Milliy banki rahbarlaridan biri Akiljan Baymagambetov uning davlati Rossiyaga naqadar yaqinligini, iqtisodiy jihatdan tobe ekanini eslatadi.
"O'tgan bir yilda importimizning 42 foizi Rossiyadan kelgan. Shu bois Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar bizga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qilib, zarar keltiradi. Neftimizning 95 foizini Rossiya quvurlari orqali jahon bozoriga chiqaramiz. Biz ulkan iqtisodiy va moliyaviy tahdidlar bilan yuzlashayapmiz", - deydi Baymagambetov.
"Hukumatimiz Rossiya bilan har bir masalani, har bir muammoni obdan muhokama qilib, ish yuritmoqda, chunki zararlar mushtarak. Inflyatsiya yuqorilashi ham bizni, tabiiyki, qattiq tashvishga soladi".
Baymagambetovning aytishicha, ta'minot va logistika tizimlari ishdan chiqa boshlagan. Bu esa savdo tarmoqlarida sezilmoqda, aholi sarosimada.
"Boshqa tomondan biz o'zimiz uchun yangi imkoniyatlarni ham ochayapmiz. Jahon bozoriga bevosita chiqish uchun variantlarni ko'rib chiqayapmiz. Importni kamaytirib, zarur mahsulotlarni o'zimizda ishlab chiqarishni kengaytirish harakatidamiz".
Qozog'iston rasmiysiga ko'ra, Rossiya orqali boshqa davlatlardan keladigan tovarlar endi boshqa yo'llardan yetkazilishi kerak, masalan, Kavkaz tarafdan.
Baymagambetov Rossiyadagi migrant ishchilar yuboradigan mablag' va bu mamlakatdan keladigan turistlar Markaziy Osiyo iqtisodiyotida muhim rol o'ynashini qayd etadi.
Lekin u o'z davlati yil boshidan beri ko'rayotgan foydani ham qayd etadi: neft eksporti 66 foizga oshgan, mahsulot bahosi ham ko'tarilgan.
Ekspertlar esa jahon bo'ylab energetik inqiroz boshlangani haqida bong urmoqda. Neftning barreli 100 dollardan tepada.
Baymagambetov fikricha, narxlar yaqin orada tushmaydi. Biroq uzoq muddatda pasayishi aniq va Qozog'iston hozirgi fursatdan foydalanib qolishi kerak.
Michigan Davlat univesitetidan tadqiqotchi Marta Olkot deydiki, Ukrainada urush davom etib, Rossiya zararlanaversa, uning qo'shni davlatlarga bosimi oshishi tayin. Ya'ni, g'azabdagi Kreml alamini atrofidagi boshqa mamlakatlardan olishga harakat qilishi mumkin, deydi olima.
Olkot ta'biricha, Rossiya rahbari Vladimir Putin kutilmagan qadamlar tashlashi mumkin. Moskva uning Ukrainadagi urushi atrofdagi hukumatlar tomonidan quvvatlanmayotganini biladi. Faqat Belarus uni olqishlab turibdi, deydi ekspert.
"Yana bir jihati - Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarning mintaqaga salbiy ta'siri Markaziy Osiyodagi strukturaviy muammolarga e'tiborni oshirib, ularni hal etishga undamasmikan? Rahbariyatlar bu masalalarni yechish uchun yangi zamonga qadam qo'ya oladimi? Xalqni rozi qiladigan qarorlar qilib, birga ishlay oladimi?"
Markaziy Osiyo hamisha sarmoyadorlarni o'ziga jalb qilgan, deydi Olkot, lekin u yerdagi murakkab siyosiy-iqtisodiy sharoit investitsiya oqimiga asosiy to'siq bo'lib kelgan. Real islohotlar qilinmasa, deydi olima, taraqqiyot haqidagi orzular orzuligicha qolaveradi.
Gruziya Milliy banki rahbarlaridan biri Koba Gvenetadze uning davlati o'tgan bir yildan beri moliyaviy nazoratni kuchaytirganini aytadi. Sabab - oziq-oqvat va boshqa iste'mol mahsulotlarining narxi oshayotgani.
Gvenetadze deydiki, Gruziya liberal iqtisod tarafdori va taraqqiyotni erkinlikda ko'radi. Ammo region geosiyosiy qiyinchiliklar ichida ekan, hukumat muvozanatlashga majbur, deydi u.
"Biz eng qiynalayotgan qatlamga qarashimiz zarur. Daromadining asosiy qismini yegulik va energiya uchun sarflaydigan oilalar haqida gapirayapman. Hukumat borki, mana shunday xonadonlarni unutmasligi lozim. Ijtimoiy-iqyisodiy himoyani oshirish payti hozir", - deydi Gvenetadze.
Baymagambetovning ta'kidlashicha, Qozog'istonda Rossiyaning uch banki ishlaydi, hammasi sanksiya ostida.
"Ular ishlayapti, rubl va tengeda. Faoliyati sustlashgan, ahvoli og'ir", - deya tasvirlaydi rasmiy.
Hukumat zararning oldini olishga urinyapti, deydi Baymagambetov, lekin oson emas. Chegara osha to'lovlar qiyinlashgan.
Qozog'iston rasmiysi fikricha, har qanday yechim uzoq muddatni ko'zlashi lozim. "Rossiya eng yirik biznes sherigimiz va katta qo'shnimiz. U bilan savdo va hamkorlik - tabiiy talab".
Olkot yil boshida Qozog'istonda yuz bergan qonli voqealarni yodga olib, islohotlar zaruratiga urg'u beradi. Hukumatlar saboq olmay, va'davozlik va yuzaki harakatlar bilan band bo'lsa, kelajak porloq emas, deydi olima.
"Ijobiy tomoni - hukumatlar o'z tizimlarining zaif jihatlarini bugun yaxhiroq tushunadi va tan oladi, - deydi Olkot. - Davlat iqtisod va bozordagi rolini kamaytirishi kerak."
O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlari Rossiya tadbirkorlari va mutaxassislariga eshikni keng ochayotganini bildiradi. Ular olib kelayotgan kapital bozorga qanchalik ta'sir qilmoqda? Qozog'istonda hali baholashga erta, deydi Baymagambetov, biroq tizim ularga sharoit yaratib beradi.
Markaziy Osiyo milliy va markaziy banklari orasida bugun hamkorlik qanday?
Sanksiyalar ta'siriga qarshi kurashda ular birga ishlay oladimi?
Shuningdek, Ukrainadagi urush oqibatlari Qozog'istonda va'da qilingan islohotlarni yo'qqa chiqarishi mumkin degan xavotirlar bor. Hukumat nima deydi?
"Amerika Ovozi" Xalqaro Valyuta fondida 19-may kuni kechgan virtual forumda shunday savollarni o'rtaga tashladi.
Baymagambetov javob berishga qiynaldi. Hamkorlik va islohotlar istiqboli haqida konkret biror narsa demadi.
Xalqaro Valyuta fondining regional direktori Jihod Azur deydiki, bu tizimlar orasida aloqa jadallashgan va kelishgan holda chora ko'rishga intilishmoqda.
"Fondimiz o'tgan yili Markaziy Osiyo banklarini imtihondan o'tkazgan va bilamizki, koronavirus pandemiyasiga chidab berganidek, boshqa turdagi inqirozlarga ham bu tizimlar bardosh bera oladi", - deydi Azur.
Lekin islohotlar davom etishi zarur, deydi u, sistemalar mustahkamlanaversin.
Facebook Forum