Kongress huzuridagi AQSh-Xitoy iqtisody va xavfsizlik komissiyasi 12-may kuni qator ekspertlardan Markaziy va Janubiy Osiyo bo'yicha maslahatlar oldi. Oq uy, Vakillar palatasi va Senat tomonidan tayinlanadigan 12 a'zo, demokratlar va respublikachilar xizmat qiladigan bu organning asosiy vazifasi - Xitoy bilan savdo va biznes hamkorlikning Amerika xavfsizligiga tahdid solmasligini ta'minlash, ya'ni jarayonni kuzatib, tekshirib, hukumatga yo'l ko'rsatish.
Pitsburg universitetidan professor Jennifer Murtazashvili nazarida Afg'onistondagi vaziyat va Tolibonga nisbatan munosabat eng muhim omillardir. Afg'oniston - Markaziy va Janubiy Osiyo, qolaversa Xitoy va mintaqa orasidagi notinch hudud.
"Xitoy Afgonistonda tinchlik istaydi, u yerdagi asosiy manfaati shu. Terrorizm va ekstremizmga qarshi va o'z hududini bu tahdidlardan himoya qilishga bel bog'lagan", - deydi Murtazashvili.
Uyg'urlar Sharqiy Turkison, Pekin esa Shinjon deb ataydigan ulkan mintaqada turkiy-musulmon aholi erkinlik istashidan xavotirlanadigan Xitoy hukumati ular orasida mutaassib elementlarni ko'radi. Uyg'urlarga keskin munosabatni Xitoy shu bahona bilan oqlashga urinadi.
Rossiya va Xitoyning Afg'onistondagi manfaatlari o'xshash, deydi tadqiqotchi. Moskva va Pekin - hamkorlar, ammo Ukrainadagi urush Rossiyaga nisbatan ishonch va hurmatni pasaytirgan.
AQSh esa, deydi Murtazashvili, Afg'onistondan chiqib ketganidan beri va Tolibon boshqaruvi bilan muloqotda emas ekan, dunyoning bu qismidagi nufuzidan ayrilib bormoqda. 20 yillik urush samara bermadi, aksincha ahvolni yanada murakkablashtirdi, degan xulosa hukmron, deydi ekspert.
"AQSh iqtisodiy yordamni oshirib, mintaqada tijorat va taraqqiyot yo'lida salmoqli hissa qo'shishi kerak. Afg'onistonning qo'shnilari Xitoy ta'siriga nisbatan mana shunday muvozanat bo'lishini xohlaydi".
Virjiniya universitetidan Muhammad Tayyab Safdar komissiyani Islomobod-Pekin aloqalarini ko'zdan qochirmaslikka undadi.
"Pokiston va Xitoy xavfsizlik rishtalari uzoq tarixga ega va mustahkam. Biroq bu hamkorlik doimiy sinov ostida. Xitoy Pokistondagi turli siyosiy guruhlar bilan ishlaydi va tizimni ular bilan til topishishga moslagan".
2015-yildan beri iqtisodiy sheriklik o'sib, sarmoya ko'lami kengaygan. Hozirda Pokiston tashqi qarzining eng yirik qismi Xitoydandir, deydi olim. Biroq Pekin buni bosim sifatida ishlatmaslikka urinadi, deya kuzatadi Safdar, orada ishonch bo'lishiga harakat qiladi.
Safdar AQShga Pokiston hukumati bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishni maslahat beradi.
"Sizdan ugina-bizdan bugina degan qabilda ishlamaslik lozim. AQSh tayansa bo'ladigan sherik sifatida ko'rinishi kerak", - deydi u.
Xitoyga qarz va sarmoya orqali bog'lanib qolmang, degan argument o'tmaydi, deydi ekspert. Pokiston Xitoy bilan yaqindan ishlash uning suvereniteti, infrastrukturasi va sanoatlariga tahdid solishiga ishonmaydi. Orada tajriba va tarix bor.
Ikki davlatning xususiy sektori yaqindan bog'langan. Hukumat bilan kelishiladi, ammo bizneslar ham o'z qudratiga ega, deya eslatadi Safdar.
Amerika yangi infratuzilmalar barpo etishda Xitoy bilan bellashishni ma'qul ko'rmaydi, ammo Pokiston inson kapitalini rivojlantirishda hamda ilg'or texnologiyadan to'g'ri foydalanishda komakka muhtoj.
"Amerika Pokiston va Hindiston orasida ham samarali vositachi bo'la oladi. Vashington-Dehli aloqalari mustahkam ekan, AQSh yangicha dialogga boshlashi kerak", - deydi ekspert.
Singapurdagi S. Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar oliy maktabidan Raffaello Pantuchi komissiyaga deydiki, AQSh effektiv siyosat yuritishni istasa, Markaziy va Janubiy Osiyoga nisbatan qarashlarini yangilashi shart. Mintaqa yirik davlatlar bir-biriga mushaklarini ko'rsatadigan joy bo'lmasligi kerak va buni mamlakatlar aslo xohlamaydi, deydi olim.
Pantuchi fikricha, Davlat departamenti Sharqiy Turkiston Islomiy harakatini terrorchi tashkilotlari ro'yxatidan chiqarmasligi kerak edi. Oz bo'lsa-da, ekstremist kuchlar borligini tan olish Xitoy bilan muloqotni osonlashtiradi, deydi u.
Afg'onistonda esa, deydi mutaxassis, oddiy aholi hayotini osonlashtiradigan ishlarni qilish lozim, jumladan ular uchun mablag' uzatish.
"Tolibon G'arb talablarini qondirmayapti, vaziyat tang, ammo harakatni jazolaymiz deb AQSh afg'on xalqi la'natiga uchramoqda. Bu esa Xitoyga qo'l keladi, chunki Pekin azaldan Vashingtonni mana shunday o'yinlarda ayblab keladi".
"Amerika Markaziy Osiyo chegara kuchlariga ko'makni oshirsin. Uzoq yillik hamkorlik endi yangi bosqichga o'tishi, takomillashishi lozim, chunki xavfsizlikni ta'minlash uchun endi ko'proq harakat zarur", - deydi Pantuchi.
Pokistonda Baluchiston mintaqasi beqaror. Islomobod u yerdagi norozilikni kuch bilan bostirmoqchi. Vashington Pokistonning yangi rahbariyatini bu yo'ldan qaytarishga urinishi kerak, deydi ekspert, aks holda oqibatlari butun regionga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Garvard universitetidan Nargis Kassenova AQShni Markaziy Osiyo davlatlari suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashda davom etishga undaydi. Mamlakatlar dunyoga ochilaverishi lozim, global bozorlarga ulanib, ta'lim tizimlari zamonaviylashib, astalik bilan siyosat va jamiyat ham liberallashishi kutiladi, deydi olima. Amerika shu paytgacha qilgan harakatlari sabab ham, deydi u, mintaqada kelajakka umid so'nmagan.
"Amerika Afg'onistondan ketib, Markaziy Osiyodan ham yuz o'girdi, degan xavotir hukmron. Ukrainadagi urush aholi va hukumatlarda qo'rqinch darajasini oshirgan. Urush mintaqaga ham ta'sir qilmoqda, albatta. Xitoy faktori, Eron faktori, Kaspiy-Qora dengiz koridori... Markaziy Osiyo bu masalalarda muhim ahamiyat kasb etadi", - deydi Kassenova.
Uning qayd etishicha, Xitoy region hukumatlariga hurmat bilan yondashadi, birortasi bilan jiddiy ziddiyati yo'q. Do'stona qo'shnichilik aloqalari yo'lga qo'yilgan, o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlaydi. Liderlar muntazam uchrashadi, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlikka urg'u beriladi. Pekin Markaziy Osiyo davlatlari ko'zida madadkor tomon, deya izohlaydi ekspert.
"Xitoy ichki masalalarga aralashmaydi. Rangli inqiloblarni qoralagan, yovuz tashqi kuchlar bor deb keladi. Rasmiylariga ko'ra, Pekin aloqalarda va ko'makda G'arb singari shart qo'ymaydi".
Amerika diplomatlari va qonunchilari esa har qanday hamkorlikning shartlari borligini ta'kidlab, Xitoy ham hech bir tomon bilan ularsiz ishlamasligini eslatadi. Vashington uchun tashqi siyosatda o'z qadriyatlarini targ'ib qilish ham faxr, ham majburiyat, deydi ular.
Bishkekdan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti akademiyasi tadqiqotchisi Niva Yau qator iqtisodiy ko'rsatkichlarni keltiradi:
2020-yilda, koronavirus pandemiyasi avj olgan davrda, Markaziy Osiyoda yalpi milliy mahsulot qariyb 286 miliard dollarni tashkil etgan. Uning 170 milliardga yaqini Qozog'istonga to'g'ri kelgan. 57 milliard dollar O'zbekistonda, 45 milliard dollar Turkmanistonda, 8 milliard Tojikiston, 7 milliard esa Qirg'izistonda.
"Xitoy bilan savdoning kamida yarmini Markaziy Osiyoda Qozog'iston qiladi. Tijorat asosan Xitoyga xomashyo eksportidan iborat, import esa Xitoyning iste'mol tovarlaridan. O'tgan 20 yildan beri manzara shunday", - deydi Niva Yau.
Ukrainadagi urush oqibatlari Markaziy Osiyoga Rossiyaga tobelikdan qutulish zarurligini eslatdi va davlatlar bu borada yordamni olqishlaydi. Amerika ularga global tizimlar bilan bog'lanishda ko'maklashsin, deydi ekspert.
"Hukumatlar Rossiya va Xitoy bilan sheriklikni qanchalik qadrlamasin, butun jahon bilan sermahsul aloqa xohlaydi. Ular mintaqaviy integratsiya tarafdori va shu tarzda dunyo bozorlariga bilan ulanishni orzu qiladi", - deydi Niva Yau Konressga murojaatida.
AQSh, deydi u, Osiyodagi ittifoqchilari va hamkorlari bilan ham bu borada loyihalar boshlashi mumkin, xususan Yaponiya va Janubiy Koreya bilan. Har ikki davlatning Markaziy Osiyodagi nufuzi azaldan yuqori, ularga "zararsiz" taraflar sifatida qarashadi.
Niva Yau AQShni jurnalistika va media taraqqiyoti yo'lida ham sarmoya qilishga undaydi. Mintaqadagi yangiliklar G'arb va umuman jahon axborot vositalarida deyarli yoritilmaydi, deydi mutaxassis. Buni o'zgartirish uchun esa mablag' va kadrlar zarur. Mintaqani tushunish, xususan Amerika o'z manfaatlarini himoya qila olishi uchun ham Markaziy Osiyo bilan informatsion bog'lanish kerak, deydi ekspert.
Uning yana bir tavsiyasi - Afg'onistonni yakkalamaslik. O'zbekiston ham xalqaro hamjamiyatni toliblar bilan til topishishga undamoqda. Niva Yau fikricha, izolyatsiya nafaqat mintaqaga qimmatga tushadi, balki G'arb ham bunda ko'plab imkoniyatlarni boy beradi.
Tinchlikka erishish, terrorizm tahdidini bartaraf etish, regional bog'liqlikni tan olib, hamjihatlikni quvvatlash uchun ham Amerika Afg'oniston bilan muloqot qilishga majbur, deydi Niva Yau.
Facebook Forum