Rossiyaning Ukrainadagi urushi va G'arbning bu mojaro sabab qo'ygan sanksiyalari Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga, xususan don mahsulotlari ta'minotiga ta'sir qila boshlagan.
O'zbekiston hukumati Xitoy, Koreya va Yaponiya ishlab chiqarish zanjiriga qo'shilishga bel bog'lagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa davlatlari, Turkiya va Hindiston bilan ham bu boradagi hamkorlikni kengaytirishni buyurgan.
Toshkent Rossiya, Ukraina va Belarus bilan aloqador bizneslarga imtiyozlar taklif qilmoqda. O'zbekiston bozori, deydi Mirziyoyev, oziq-ovqat kompaniyalariga kengroq ochiladi.
Qozog'iston don mahsulotlari ta'minotida yetakchi rol o'ynaydi va mintaqa bu borada asosan unga va Rossiyaga tayanadi.
Bug'doy va un narxi koronavirus pandemiyasi paytida muntazam ravishda oshib bordi. Qurg'oqchilik bois hosil ozaygan. Ukrainadagi urush tufayli don bahosi ko'tarilishi kutilmoqda. Buning ustiga Rossiya g'alla eksportini kamaytirishi kutilmoqda.
Ekspertlar qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari boshqa manbalar izlashga tushgan.
“O'zbekiston Xitoydan don sotib olmaydi, hozircha. Qo'shnilari singari uni Qozog'istondan oladi. Biroq yaqin kelajakda Xitoy bilan kelishuvlar qilinsa ajabmas", - deydi ism-sharifi bildirilishini istamagan tadbirkor Toshkentda "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy bilan keng ko'lamli savdo aloqalariga ega. Pekin mintaqada o'nlab milliardlab dollarlik sarmoya qilgan, regiondagi yirik infratuzilma loyihalariga homiy.
Qariyb 73 million aholiga ega Markaziy Osiyo, deydi Kaliforniya universiteti professori Kristofer Tang, iqtisodiy jihatdan shundoq ham qiyin ahvolda. Rossiyadek yirik biznes sherigi sanksiyalardan aziyat chekar ekan, oqibatlari mintaqa uchun ham salmoqli bo'ladi.
“Xitoy Markaziy Osiyodan katta miqdorda yonilg'i va metal oladi. Region esa undan kiyim-kechak, elektronik mahsulotlar va texnologiya import qiladi", - deydi Tang.
Professor deydiki, Xitoy Markaziy Osiyoga yordam berishdan manfaatdor. Don mahsulotlariga zarurat tug'ilsa, yo'q demaydi.
Tojikiston hukumatidan Abdulmajid Mo'minzoda deydiki, bunday tovarlarni mamlakat shu kungacha Qozog'iston, Rossiya va O'zbekistondan olib keladi.
“2020-yilda don mahsulotlarining 94 foizi Qozog'istondan, 5 foizi Rossiya, qolgani esa O'zbekistondan kelgan".
Tojikistondan joriy yil boshidan beri bug'doy, yog' va shakar narxi 15 foizga ko'tarilgan.
Oksford universitetidan Irna Hofman taxminicha, oziq-ovqat qimmatlashishda davom etadi. Rossiyadagi migrantlardan daromad pasayar, inflyatsiya yuqorilar ekan, Markaziy Osiyoda tirikchilik murakkablashishi tayin.
Ishlab chiqarish va savdo bobida katta qadamlar tashlanmasa, un ta'minotida uzulishlar bo'ladi, deydi Hofman.
"Rossiya eksportni to'xtatsa, Qozog'iston ham shunday qilishi mumkin, chunki uning o'zi ham undan don mahsulotlari xarid qiladi".
Ukraina va Rossiya bilan tijorat qiyinlashar ekan, deydi ekspertlar, Xitoy Markaziy Osiyoda yangi imkoniyatlar topishi mumkin.
2021-yil oxiridagi hisoblarga ko'ra, dunyoda bug'doy zaxirasining deyarli yarmi Xitoyda.
Facebook Forum