Breaking News

Tojikiston va Xitoy o’rtasidagi ochiq va xufiyona biznes kelishuvlar


Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘lidagi Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan 5253 metrlik tunnel
Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘lidagi Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan 5253 metrlik tunnel

Tojikistonni Xitoy bilan faqatgina 500 kilometrlik umumiy chegara, diplomatik, siyosiy va iqtisodiy aloqalargina emas, balki qo‘shma loyihalar va joiz bo‘lsa, milliardlab dollarlik qarzlar ham bog‘lab turadi.

Oxirgi 15 yilda Xitoy Tojikiston uchun asosiy investorga aylanib ulgurdi. Tahlilchilar fikricha, Tojikistonni Xitoy bilan bog‘laydigan omillar aslida jamoatchilikka e’lon qilinganidan ham ko‘proq va bu aloqalar ikki davlat xalqi va siyosiy rahbariyat orasida emas, balki tor doira, ma’lum shaxslar orasidadir.

Pekinga safar qilgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon 5-fevral kuni Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan muloqotda ikki davlat orasidagi hamkorlikdan qanoatmand ekanini bildirdi.

25-yanvar kuni Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari orasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi bilan tashkil etilgan onlayn sammitda Rahmon “o‘tgan 30 yil davomidagi ikki davlat aloqalarining rivojlanishida erishilgan yutuqlarni yuqori baholadi hamda hamma taraflama strategik sheriklik darajasiga yetganligini” ta’kidlagan edi.

Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘li - Tojikistondagi yagona pulli yo‘l
Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘li - Tojikistondagi yagona pulli yo‘l

Tojikiston prezidenti, shuningdek, tegishli huquqiy baza shakllantirilgani, o‘zaro ishonch ruhidagi uzluksiz siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikdagi yuksak ko‘rsatkichlar, xususan, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning muhim omili ekanini aytgan.

Haqiqatan Xitoy Tojikistonning to‘rtta qo‘shnisi orasida 30 yildan beri uzluksiz mo’tadil aloqada bo‘lib kelayotgan yagona davlat. Tojikistonning qo‘shni O‘zbekiston bilan aloqalari Islom Karimov prezidentligining oxirgi yillarida sovuqlashgani sir emas. Hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelganidan keyingina ikki davlat orasida munosabatlar tiklandi.

Hozirda Tojikistonning ikki qo‘shni davlat bilan munosabatlari yaxshi emas. Chegara bahslari ortidan Tojikiston va Qirg‘iziston orasida barcha qatnovlar to‘xtatilgan. Afg‘onistonda hokimiyatni Tolibon egallab olishi, shuningdek, Dushanbe toliblarga qarshi kurashayotgan Milliy qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashi ortidan bu davlat bilan ham munosabatlar sovuqlashgan.

O‘tgan 30 yilda Xitoy Tojikiston uchun eng asosiy xorijiy hamkorlardan biriga aylanib ulgurdi. Tojikiston umumiy tashqi qarzining qariyb 35 foizi Xitoydan olingan.

Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzodaning aytishicha, 2022-yilning 1-yanvarida mamlakat tashqi qarzi 3,2 milliard dollarga teng bo‘lgan. Bu mablag‘lardan 1,1 milliard dollari Xitoydan olingan.

Markaziy Osiyodagi eng katta kitobxona, Dushanbe
Markaziy Osiyodagi eng katta kitobxona, Dushanbe

Vazirning aytishicha, bu qarz Eksimbankdan (China Exim Bank / The Export-Import Bank of China) olingan kreditlar hisobidan yig‘ilgan.

“Dunyoda tashqi qarzi bo‘lmagan davlat yo‘q. Mamlakatimiz iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kredit va grantlarni ham faol jalb etmoqda. Imtiyozli kreditlar bo‘lsa, Tojikiston barcha rivojlangan davlatlar, jumladan, Xitoy bilan ham hamkorlik qiladi”, – deydi vazir.

Ammo muxolif yetakchilar Tojikiston rahbariyatini mamlakat hududining bir qismini Xitoyga sotganlikda ayblab keladi.

Jurnalist va siyosiy sharhlovchi Saidmuhammad Do‘stmuhammadiyonning aytishicha, Tojikiston rahbarining Xitoy bilan til topishgani to‘g‘ri, ammo bu xalq uchun foydali emas.

“Prezident Emomali Rahmonning Tojikiston-Xitoy munosabatlari “ishonch ruhida” ekani to‘g‘risidagi bayonoti to‘g‘ri, ammo bu Tojikiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi ishonch emas. Shuningdek, bu tojik siyosiy sinfi va Xitoy siyosiy sinfi o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar ham emas, balki Tojikistondagi hukmron oila va Xitoy Kommunistik partiyasi rahbariyati o‘rtasidagi alohida munosabatlardir. Aksincha, tojik jamiyati va hattoki ko‘plab ziyolilar va investorlar mamlakatda Xitoyning hissasi o‘sib borayotganidan qo‘rqishadi va bu bejiz emas. 1158 kvadrat kilometrdan ortiq Tojikiston yerlarining Xitoyga noqonuniy berilishi, Dushanbe-Chanoq avtomobil yo‘li qurilishi va Tojikiston prezidentining oilasiga yaqin bo‘lgan “IRS” kompaniyasi orqali to‘lovlar joriy etilishi, ya’ni mamlakat shimolini markaz bilan bog‘laydigan yagona yo‘lning hech qanday alternativsiz pulli qilinishi, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida (Pomirda) Xitoyning harbiy bazasi tashkil etilishi va “Huawei” kabi Xitoy kompaniyalarining Tojikiston kuch tizimlari bilan yashirin hamkorligi kabi masalalar jamoatchilik uchun ko‘p noaniq tafsilotlarga ega”, – deydi Do‘stmuhammadiyon.

“Afsuski, Tojikistonning amaldagi hukumatining Xitoy hukumati bilan Tojikiston tog‘ konlari, ayniqsa, qimmatbaho metallar olinadigan konlar, Dushanbeda Markaziy Osiyodagi eng yirik kutubxona, Markaziy Osiyodagi eng katta teatr, yo‘l va tunnel qurilishi kabi sohalardagi hamkorligi ham shaffof emas. Mutaxassislar davrasida va hukumat koridorlarida bu loyihalarning barchasidan asosiy foyda oluvchilar prezidentning yaqinlari ekanligi taxmin qilinadi. Bu ham bejiz emas”, – deydi suhbatdosh.

Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘li - Tojikistondagi yagona pulli yo‘l
Xitoy shirkatlari tomonidan qurilgan Dushanbe-Xo‘jand-Bo‘ston-Chanoq yo‘li - Tojikistondagi yagona pulli yo‘l

Uning aytishicha, qo‘shni Qirg‘izistonda “Qumtor” koni bilan bo‘lgan holat Tojikistonda ham takrorlanishi mumkin.

“Tojikiston hukumati yiliga 800 million dollargacha bo‘lgan qiymatdagi oltin va kumush kabi qimmatbaho metallarni xorijga olib ketishlari Xitoyning Tojikistonning iqtisodiga chuqur o‘rnashib olib, zuluk kabi so‘rayotganidan dalolat beradi. Ko‘rinib turibdiki, Tojikistonning ham o‘z “Qumtor”lari bor va uning tafsilotlari erta-indin fosh bo‘ladi”.

Do‘stmuhammadiyon fikricha, Tojikiston va Xitoy munosabatlarining kelajagi aniq emas, ammo hozirgi kunda rasmiy Dushanbega Rossiyaning ta’siri katta bo‘lganligi uchun ham Pekin Kremlni ranjitmaslikka harakat qilayotgan ko‘rinadi.

“Tojikiston rahbariyatining Xitoy bilan munosabatlarining kelajagi noaniq. Biroq Xitoy Tojikistonni o‘zining milliy manfaatlarining bir qismi, Dushanbe hukumatini esa sun’iy yo‘ldosh sifatida ko‘rayotgan [Vladimir] Putin Rossiyasini xavotirga solib qo‘ymaslikka katta e’tibor qaratayotgan ko‘rinadi. Xitoy rahbarining Tojikistonga tashrifi chog‘ida Prezident Emomali Rahmonning talabiga qaramay Tojikiston Mudofaa vazirligi binosining qayta ochilish marosimida ishtirok etishdan bosh tortgani bu ehtiyotkorlikning eng yorqin misoli. Yana bir misol, Xitoyning Tojikistondagi bank tizimi va neft bozori kabi Rossiya hukmron bozorlariga kirishni istamasligi. Vaholanki, Tojikiston hukumati va Rahmonning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan mamlakatdagi 11 ta bankning benefitsiarlari har oyda kamida 70-100 million dollar banklararo kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi. Ularning murojaatlariga Xitoy rad javobini berib kelmoqda”, – deydi Do‘stmuhammadiyon.

Tojikistonda bir necha bankning bankrot bo‘lishi va Xitoyga murojaat qilishi Pekinning bu mamlakat bank tizimiga o‘rnashib olishiga qulay imkoniyat edi, deydi suhbatdosh, ammo ular bu imkoniyatdan foydalanmaganligi ham Xitoyning Rossiya bilan ziddiyatga bormaslikka qaror qilganining dalilidir.

“Inqirozga uchragan “Tojiksodirotbank” va “Agroinvestbank”ning manfaatdorlari murojaatlariga Xitoy rad javobini berdi. Vaholanki, Xitoy uchun bu tizimga kirib kelish uchun qulay fursat va 200-300 million dollarlik Tojikiston bank bozori ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat edi. Xitoy uchun Tojikistonning bir million tonnalik neft bozori ustidan nazoratni qo‘lga kiritish ham uzog‘i bilan ikki yilda erishiladigan holat, biroq ular buni amalga oshirishni ham istamayapti, chunki ular Kreml va yaqin atrofdagi investorlarning xavotirlanishini istamaydilar”, – deydi tahlilchi.

Tojikistonga aynan Xitoy tomonidan katta investitsiya kiritilishining asosiy sababi, deydi u, rasmiy Pekin va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘z manfaati yo‘lida hamma holatga moslashuvchan ekanligi bilan bog‘liq.

“Xitoyning Tojikiston bilan munosabatlari kelgusida qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin, ammo bir narsa aniqki, bu munosabatlar qanday bo‘lishini aniqlaydigan rasmiy Pekin va Xitoy Kommunistik partiyasidir, Tojikiston emas. Bugungi kunda Xitoy Prezident Emomali Rahmon va uning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor. Kelgusida qanday bo‘lishini vaqt va geopolitik sharoit ko‘rsatadi”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG