Xitoy 2021-yilning aksariyat qismini Osiyo boʻylab o’z da’volarini olg’a surish bilan o’tkazdi va kamdan kam hollarda murosaga bordi. Bu esa iqtisodiy taʼsir va qudratli davlat maqomining oʻsishi natijasidir, deydi ekspertlar.
Noyabr oyida Xitoy Prezidenti Si Zinpin uning mamlakati janubi-sharqiy Osiyo uchun har doim "yaxshi do'st va yaxshi sherik" bo'lishini aytdi. Ammo mintaqaning ba'zi hukumatlari Pekinning dengiz hududlaridagi agressiv siyosatidan norozi.
Xitoy sentabr oyida Tolibon nazoratidagi Afg‘onistonda yangi infratuzilma qurish taklifi bilan chiqdi.
Bu orada Pekin o'zining 22 117 kilometrlik quruqlik chegarasida qurol ishlatishga ruxsat beruvchi yangi chegara qonunini qabul qildi.
Yil davomida Xitoyning Hindiston bilan ziddiyatli munosabatlari saqlanib qoldi. Shuningdek, 2021-yilda deyarli har kuni Tayvanning havo mudofaasiga Xitoy samolyotlari kirib turdi.
"Menimcha, ularning ixtiyorida ko'proq vositalar va ta’sir o’tkazish qurollari bor. Xitoy manfaatlariga bo'ysunmayotgan mamlakatlarni jazolash kerak bo'lsa, buning uchun ularda kerakli dastaklar bor", - deydi AQShda joylashgan “Rand Corporation” tadqiqot tashkilotining mudofaa bo'yicha katta tahlilchisi Derek Grossman.
Ko'p qatlamli diplomatiya
Xitoyning 200 dan ortiq baliqchi qayiqlari Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlarga o’tishi Manila bilan munosabatlarga soya soldi. Fevral oyida Myanmada harbiy to‘ntarish yuz berishi ortidan Xitoy qochqinlar oqimi muammosi bilan yuzlashdi. Kelajakda Xitoy bilan birlashishi kutilayotgan Tayvan yil davomida Xitoyning agressiv yondashuviga qarshi o’z mavqeini boy bermaslikka urindi.
Noyabr oyi oxirida boʻlib oʻtgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi sammitida Si Zinpin Filippin va bahsli dengiz hududlariga da’vogar yana uch davlatni tinchlantirish uchun Pekin har doim ASEAN uchun “yaxshi doʻst” boʻlishiga vaʼda berdi. Bir oy oldin esa u o'zini o'zi mustaqil boshqaradigan orol bo'lgan Tayvan bilan tinch yo'l bilan birlashishni yoqlab bayonot bergan edi. So’rovlarning ko’rsatishicha, aksariyat tayvanliklar avtonomiyani afzal ko'radi.
"Xitoyning xatti-harakatlari tarixiy jihatdan yangilik emas, - deydi Singapur Milliy universitetining davlat siyosati maktabi tadqiqotchisi Eduardo Araral. - Bu har doim o'sib borayotgan buyuk davlatlarning xatti-harakati bo'lib kelgan. ASEAN mamlakatlari Xitoyning yuksalishidan tashvishlanishlari, xavotir olishlari uchun asosga ega. Shuning uchun Prezident Sining va'dalari juda mamnuniyat bilan qabul qilinadi".
Olimlarning ta'kidlashicha, Si hukumati ko'plab mamlakatlarga COVID-19 vaksinalari va shaxsiy himoya vositalarini taklif qilish orqali o’z so’ziga sodiq ekanini ko’rsatishga urindi.
Filippinliklar buni payqashdi, deydi ekspert Aron Rabena.
"Lekin jkamoat shubha bilan qaraydi. Xitoy vaksinalari haqida gap ketganda, ular buni (Filippin) hukumati kabi qabul qilishmaydi. Ammo ko'pchilik xalq Xitoy vaksinalarini oldi, chunki ularda tanlash imkoniyati yo'q edi”, - deya qo’shimcha qildi u.
Pandemiya diplomatiyasi dunyoning ko‘p mamlakatlarida Xitoyning obro‘sini “yaxshilash”ga yordam berdi, deydi Yaponiyadagi Templ universitetining tarix o‘qituvchisi Jeffri Kingston.
Afg‘onistonga tez yordam ko‘rsatish Xitoyning 2021-yildagi eng katta yutuqlaridan biri, deya qo‘shimcha qildi Kingston.
Tolibon xitoylik ishchilar va ularning mol-mulki xavfsizligini kafolatlay olsa, Xitoy milliardlab dollar sarmoya kiritmoqchi, dedi oktyabr oyida Tolibonning axborot va madaniyat vaziri oʻrinbosari.
Myanmada avtoritar boshqaruvning qaytishi Xitoyning bu yerdagi gaz quvurlari va tabiiy resurslardagi manfaatlariga yordam berdi, deydi Kingston. G'arb davlatlari xunta boshqaruviga qarshi chiqqani sababli Myanma Xitoyga yaqinlashishi kutilgan edi.
AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatdagi ziddiyatlar
Xitoy Osiyo boʻylab va undan tashqarida, asosan, “boʻri jangchi” diplomatiyasi nomi bilan mashhur boʻlgan siyosat olib borgani uchun ko’plab ixtilofli munosabatlarga duch keldi. Bu shakldagi diplomatiyada Pekin bahsli mavzularni ochiq bayon qilgani bois o’zaro aloqalarda sovuqliklar ochiq ko’zga tashlandi.
"Bo'ri jangchi” diplomatiyasi butun dunyo bo'ylab Xitoyning ijobiy imijini namoyish etish harakatlarini chippakka chiqardi, - deydi Kingston. – Bu narsa Osiyoda xavotir uyg'otdi; bu esa Pekinning niyatlariga teskari ta'sir ko'rsatdi."
Pekinning izohlari va Osiyodagi harbiy harakati G'arb ittifoqchilarini Janubiy Xitoy dengizi bo'yicha da'vogar ASEAN davlatlari foydasiga birlashishga undadi. Ayniqsa, ikki tomonlama aloqalarni davom ettirishni ta'minlaydigan harbiy hamkorlik bo'yicha AQSh va Filippin o’rtasidagi kelishuvining yangilanishi ham muhim voqea bo’ldi. Bu kelishuv asosida AQSh Filippin qurolli kuchlari bilan "mutaxassis almashinuvi"dan tortib, qo'shma "o'quv mashg'ulotlari"gacha bo’lgan yo’nalishlarda hamkorlik qiladi.
Yevropa Ittifoqining ko'plab a'zolari Xitoy boshqa jahon suv yo'llari bilan muvofiqlikni ta'minlash va Osiyo bilan rivojlanayotgan dengiz savdosini saqlab qolish uchun Janubiy Xitoy dengizida Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengiz qoidalariga rioya qilishidan umidvor.
G'arb davlatlari bu yil ham Xitoyga qarshi demokratik boshqaruvga ega Tayvanni qo'llab-quvvatlash uchun birlashdi.
2022-yil boshida Pekindagi Qishki olimpiada o‘yinlari bir qator yirik davlatlarning diplomatic boykotlari fonida bo’lib o’tadi. AQSh va G’arbning bir necha davlati olimpiadaga rasmiy delegatsiyasini jo’natmaslikka qaror qildi. Ular Xitoyda inson huquqlarining keskin toptalishi va uyg’ur xalqining jabr-zulm ostida yashayotgani bois musobaqada diplomatlarining qatnashishini xohlamasligini bildirgan.
Facebook Forum