Breaking News

Bayden: Zaharli mafkuradan, irqchilikdan qutulishimiz lozim


AQShda qurol vositasida sodir etilgan navbatdagi qotillik bu jamiyatni larzaga soldi. 18 yoshli yigit do’konda 10 kishini otib o’ldirgan, yana uch kishi yaralangan. Prezident Baydenga ko’ra, oq tanlilar boshqa irq vakillaridan ustun ekani haqidagi zaharli mafkurani targ’ib qilishda siyosatchilar ham, media ham aybdor.

Nyu-Yorkning Baffalo shahrida ro’y bergan qurolli hujumda o’lganlarning hammasi qora tanlilar. Shulardan biri – yaqinda tug’ilgan kunini nishonlagan Selestin Cheyni. Olti nevaraning buvisi.

“Men uning o’g’li, yagona farzandiman. His etayotganim – g’azab va qayg’u”, - deydi Veyn Jouns.

Bayden otishmani “mahalliy terrorizm” deb qoraladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Hujumchi oziq-ovqat do’konida Selestin Cheyni qatorida yana 12 kishini otgan. Aksariyati keksalar. Hujumni onlayn translyatsiya qilgan. Jouns onasining o’limini internetda ko’rganini aytadi.

“Avvaliga bir marta otdi. Onam yerda yotgan edi. Qurolini qayta o’qlab, yana bir bor o’q uzdi”, - deydi Jouns.

18 yoshli Peyton Jendron kasalxona kiyimida sudga olib kelindi. Birinchi darajali qotillikda ayblanmoqda. U o’zini aybsiz deb biladi. U aynan qora tanlilar yashovchi rayonga mashinada 320 kilometr yo’l bosib kelgan. Peyton onlayn xatida o’zini fashist va oq millatchi deb ta’riflaydi.

Rasmiylarning qayd etishicha, Peyton oq tanlilarning ustunligi, muhojirlar oqlarni siqib chiqarayotgani haqidagi nazariyalarni qo’llab-quvvatlaydi.

2019-yilda Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida ikki masjidda 51 kishini o’ldirgan shaxs ham o’xshash g’oyalar tarafdori bo’lgan.

18 yoshli Peyton Jendron do'konga qurol bilan kelgan
18 yoshli Peyton Jendron do'konga qurol bilan kelgan

Prezident Jo Bayden va rafiqasi Jill Bayden marhumlar oilasiga hamdardlik bildirib, ular bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi. So’ng prezident xalqqa murojaat qildi.

“Bu voqea – terrorizm. Mahalliy terrorizm. Nafrat asosida sodir etilgan zo’ravonlik. Ommaviy axborot vositalari, siyosat va internet orqali ana shu nafrat g’azablangan, adashgan odamlarni radikallashtirmoqda. Ular o’rnini ularga o’xshamaydigan boshqa odamlar egallashi to’g’risidagi yolg’onlarga ishonmoqda”, - deydi Bayden.

Baffalodagi qotillik yana qurolga egalik borasidagi bahslarga turtki berdi. AQShda qurol sotib olish juda oson, deydi faollar.

“Mamlakatimizda qurol-yarog’ nazoratini oqilona yo’lga qo’yish kerak. Bu kabi hodisalar AQShning istagan bir joyida, shaharda ham, qishloqda ham ro’y berishi mumkin”, - deydi Baffalo meri Bayron Braun.

Darhaqiqat, bir haftaning o’zida Amerikada to’rtta ommaviy otishma yuz berdi, biri Kaliforniyadagi cherkovda. 2022-yilning boshidan beri 200 dan ziyod otishma.

“Saraton kasalligidan, uch operatsiyadan omon qolgan singlim shundoq do’konda o’ldirildi”, - deydi Joan Cheyni.

“Hammamiz oddiy odamlar. Oqmi, qorami, farqi yo’q. Hayotdan ketsangiz, kimdir ozor chekadi, chunki ketganlar qaytib kelmaydi”, - deydi Jouns.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG