Breaking News

Urush va inflyatsiya: Amerika dehqonlari daromadi oshdimi?


Urush, inflyatsiya va Amerika dehqonlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Urush, inflyatsiya va Amerika dehqonlari

AQSh fermerlari dalaga urug’ qadashga hozirlanar ekan, makkajo’xori, soya kabi g’alla mahsulotlarining narxi rekord darajaga chiqdi. Daromad oshishi bilan bir qatorda, xarajatlar ham ko’paymoqda.

Illinoyslik fermer Mark Tatl dalaga makkajo’xori va soya ekmoqda. U bu yil g’alladan mo’may daromad topish ilinjida.

“Uzoq vaqt makkajo’xorini ikki dollardan sotdik. Hozir sakkiz dollardan sotilyapti”, - deydi u.

Soya narxlari ham qariyb rekord darajada. Bu yaxshi yangilik.

“Lekin xarajatlar ham oshyapti”, - deydi Tatl.

Masalan, urug’ va o’g’it narxlari.

“Makkajo’xori 2 dollarlik paytida yarim gektar joy uchun urug’lik 80 dollar bo’lgan. Hozir 150-160 dollar atrofida. Hamma narsa ikki barobar qimmatladi”, - deydi fermer.

G’alla yetishtirish va yetkazib berish uchun mas’ul bo’lgan global ta’minot zanjiridagi uzilishlar hanuz davom etmoqda. Rossiya Ukrainada boshlagan urush vaziyatni yanada og’irlashtirdi.

“Qora dengizdan deyarli hech narsa kelmayapti hozir. Bu deyarli to’liq Qora dengizdan mahsulot tashigan Rossiya va Ukrainani o’z ichiga oladi. Urush tufayli shu yerdan o’tgan global bug’doy eksportining 30 foizi to’xtab qoldi. Bu makkajo’xori eksportiga ham ta’sir qilyapti”, - deydi iqtisodchi Mayk Dokerti.

Dokerti Illinoys Fermerlar byurosi bosh iqtisodchisi. Uning aytishicha, Ukraina urushi ortidan e’lon qilingan sanksiyalar tufayli Rossiyaning xalqaro neft bozoridagi ishtiroki qisqarmoqda. Xaridorlar boshqa ta’minot manbalarini izlar ekan, narxlar keskin oshyapti.

“Bu energiya zanjirining bir qismi. Neft mahsulotlari narxining oshishi kimyoviy o’g’itlar narxini ham ko’tarib yuboryapti”, - deydi Dokerti.

Ekinlar yaxshi o’sishi uchun o’g’it muhim. Lekin Tatlning xarajatini oshirayotgan faqat bu emas. Traktor va yuk mashinalari uchun zarur yoqilg’i narxlari o’tgan yilga qaraganda qariyb ikki barobar oshdi.

“Tejamkor yashil energiyaga o’tish haqida gap bo’lyapti, lekin barcha fermerlar dizel yoqilg’isi bilan ishlaydi. Shu bois hozir ta’minotni cheklay olmaysiz”, - deydi u.

Sharqiy Yevropadagi urush, AQSh g’arbi va Janubiy Amerikadagi qurg’oqchilik hamda makkajo’xori va soyadan olinadigan bioyoqilg’iga oshgan talab, shuningdek, qimmatlagan neft mahsulotlari kabi omillar oziq-ovqat narxlarining oshishiga va inflyatsiyaga sabab bo’lmoqda.

“Inflyatsiya bizni qiynab qo’ydi. 8, 9, 10 foiz haqida gapirishyapti. Fermerdan tortib so’nggi iste’molchigacha hammaga ta’sir qilyapti”, - deydi Tatl.

Uning bu yildan umidlari u qadar yuqori emas. Ko’proq pul topishi bilan birga xarajatlar uchun sarfi ham oshmoqda.

Arizonada paxta yetishtirayotgan fermerlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:08 0:00

“Foyda marjasi 20 yil avvalgi holatga o’xshaydi. Qo’lingizda katta pul aylanadi. Bitta traktor hozir 250 ming dollar. Uni 80 ming dollarga olardik. Inflaytsiya shu darajaga olib keldi. Yashash standarti ko’p o’zgarmasa kerak. Shunchaki, kirgan dollar yana qaytib chiqib ketyapti”, - deydi Tatl.

Ayniqsa, urush kelajakni yanada mavhumlashtirdi.

“Urush hech kimga yaxshilik olib kelmaydi”, - deydi fermer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG