Breaking News

Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyadan konkret qadamlar kutmoqda


Shvetsiya va Finlyandiya “belgilangan muddat ichida” Anqara e’tirozlari borasida “konkret qadamlar tashlamasa”, Turkiya bu ikki mamlakatning NATO ga qo’shilishiga qarshi ovoz beradi. Bu haqda Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalin ma’lum qildi.

Shvetsiya va Finlyandiya delagatsiyalari bilan 25-may kuni Anqarada kechgan muzokaralar qariyb besh soat davom etgan.

Ikki mamlakat vakillarini Anqarada Ibrohim Qalin va Turkiya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Sedat Onal qabul qilgan. Shvetsiya delegatsiyasiga davlat kotibi Oskar Stenstrom, Finlyandiya delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Yukka Salovaara boshchilik qilgan.

“Biz xavfsizlikka doir o’z e’tirozlarimizni aniq va ravshan tarzda bildirdik. Tomonlar belgilangan muddatda konkret qadamlar bilan javob bermasa, bu jarayon olg’a siljimasligini ham ma’lum qildik”, - dedi Qalin muzokaralardan so’ng.

Rossiyaning qo’shni Ukrainaga bosqini ortidan xavfsizlik choralarini oshirish maqsadida Shvetsiya va Finlyandiya o’tgan hafta NATO blokiga a’zolik uchun ariza topshirgan. Agar ittifoqchi mamlakatlar bir ovozdan ma’qullasa, blokning geografik qamrovi kengayishi mumkin. Bunday o’zgarish Rossiya-Ukraina urushining muhim geosiyosiy oqibati sifatida tarixga kirishi mumkin.

Biroq Turkiya alyansga bu ikki mamlakatning qo’shilishiga e’tiroz bildirib, ularni “terrorchilarga” boshpana berganlikda, Turkiyaga qarshi sanksiya qo’yganlikda ayblamoqda.

Anqaraga ko’ra, Shvetsiya va Finlyandiya terrorchi deb hisoblangan guruhlarga, xususan, Kurdiston Ishchilar Partiyasi (PKK) va Fathulla Gulenga aloqador shaxslarga boshpana bergan. AQShda yashovchi diniy ulamo Gulenni Anqara 2016-yilgi to’ntarishni uyushtirganlikda ayblaydi.

Turkiya 2019-yilda Suriyadagi kurdlarga qarshi harbiy operatsiyalar boshlagach, Shvetsiya va Finlyandiya Anqaraga qurol eksportini taqiqlab qo’ygan edi. Anqara bu taqiqni bekor qilishni talab qilmoqda.

Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyadan terrorchi kurd otryadlari vakillarini ekstraditsiya qilishni so’ramoqda. Anqaraning bildirishicha, Shvetsiya kurd jangarilarini dastaklash maqsadida 2023-yilda 376 million dollarlik yordam ko’rsatishni rejalagan. Kurd otryadlariga tanklarga qarshi qurol va dronlar yetkazib bergan.

Finlyandiyaning STT axborot agentligi xabariga ko’ra, Anqara yaqinda to’qqiz nafar shaxs ekstraditsiyasini so’rab murojaat qilgan. Ulardan ikki nafari ekstraditsiya qilingan. Olti nafari bo’yicha rad javobi berilgan. Bir kishining ishi bo’yicha hozircha yakuniy qarorga kelinmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG