Breaking News

O'zbekistonni o'rgangan amerikalik jurnalist: Erkinlik xohlasangiz, mediani tinch qo'ying, qonunga tayaning


Amerikalik jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Sheril Rid 2022-yilning bahorini O'zbekisgtonda o'tkazdi
Amerikalik jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Sheril Rid 2022-yilning bahorini O'zbekisgtonda o'tkazdi

Amerikalik jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Sheril Rid (Cheryl Reed) 2022-yilning bahorini O'zbekistonda o'tkazib, mamlakatdagi media muhitni o'rgandi.

Rid xonim AQSh Davlat departamenti moliyalaydigan Fulbrayt dasturida qatnashib, o'z sohasida izlanishlar olib bormoqda. Maqsadi - O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda jurnalistika, ommaviy axborot vositalari va matbuot erkinligi bilan bog'liq muammolar va jarayonlarni tahlil qilish. Ishni u Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati O'zbekistondan boshladi.

Mutaxassis - bir necha kitoblar muallifi, Amerika bosma matbuotida uzoq yillik tajribaga ega, yetakchi gazetalarda muxbirlik va muharrirlik qilgan, AQSh va Ukrainada jurnalistikadan dars bergan.

Rid xonim bilan uning hovlisida - Virjiniya shtatining Lottsburg degan qishlog'ida, Atlantika okeaniga olib chiqadigan Chesapik bo'g'ozi sohillarida suhbatlashar ekanmiz, Amerikaning bu qismida odamlar O'zbekiston haqida qanchalik biladi, deb so'radik.

"Qo'shnilarim iste'fodagi ziyolilar, jumladan diplomatlar va harbiylar," - deydi jurnalist.

"Ozmi-ko'pmi O'zbekiston va Markaziy Osiyo haqida tushunchaga ega. Lekin boshqalar bu yerda deyarli bilishmaydi".

"DXX jurnalist va blogerlarni tinch qo'ysin" /Cheryl Reed Uzbekistan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:27:19 0:00

Rid xonim post-sovet davlatlaridan to'qqiztasini kezib, tadqiqotlar va treninglar olib borgan. Eng ko'p vaqtini Ukrainada o'tkazgan. Rossiya bosqini ostidagi mamlakatda media og'ir vaziyatda qattiq mehnat qilmoqda, deydi suhbatdosh.

"Ukrainadagi shogirdlarimning ishini ko'rib, xursandman, lekin ularning hayoti tahlika ostida".

Ukraina jurnalistlariga bu yil Amerikadagi nufuzli "Pulitzer" mukofoti berilgani to'g'ri qaror, deydi u, chunki notinch mamlakat matbuoti bunga munosib faoliyat olib bormoqda.

Markaziy Osiyoda Rid xonim Qozog'istonni yaxshi biladi. Qozoq jurnalistlar va matbuot uyushmalari bilan hamkorlik qiladi.

"Qozog'istonda aynan media erkinlik va jurnalistlarning huquqlarini bo'yicha ishlaydigan, ularning buzilish holatlarini birma-bir xatlab boradigan guruhlar bor. Afsuski, O'zbekistonda bunday professional hamjihatlik va harakatni ko'rmadim", - deydi u.

Rid xonim Fulbrayt dasturi doirasida mintaqaga borishga bir necha yil oldin bel bog'lagan edi. Tayyorlanish, takliflarini ma'qullatish ancha vaqt oldi. Koronavirus pandemiyasi sabab safari kechikdi. O'zbekistonga vizani to'qqiz oy kutdi.

"2018-yilda harakatimni boshlaganimda O'zbekistonda islohotlar avj olmoqda, media erkinlashmoqda, degan ishonch kuchli edi. Men borgunimcha bu ishonch va umidlar ancha so'nibdi".

Lottsburg, Virjiniya shtati: Jurnalist Sheril Ridning hovlisida
Lottsburg, Virjiniya shtati: Jurnalist Sheril Ridning hovlisida

Rid xonim shu yilning mart-may oylarida O'zbekistonni aylanib, muharrirlar, muxbirlar, blogerlar, huquq himoyachilari, axborot vositalarining rahbarlari, mutasaddilar, media egalari va erkinlik targ'ibotchilari bilan suhbatlashdi. Tafsilotlar uning bir necha maqolalarida va postlarida aks etdi.

Bunday tadqiqotlardan O'zbekistonga nima foyda?

"Hukumat, agar buni anglay olsa, mening izlanishlarim natijasiga qarab mamlakatda media muhit aslida qanday ekaniga tashqaridan kelgan mustaqil, izchil mutaxassis ko'zi bilan qarab, vaziyatni yaxshilash uchun saboqlar oladi. Jurnalistlar uchun foydasi, umid qilamanki, ularning dardini tinglayotganimiz va bu borada tashqi dunyoni xabardor qilayotganimiz. Ommani voqif qilish - asosiy vazifamiz".

Rid xonim O'zbekistonda ishlashga qiynalayotgan jurnalistlar haqida materiallar berdi. Ularda muammolarni ochiq aytgan muxbirlar, muharrirlar va blogerlar buning uchun hozirda bosimga uchramayapti, degan umidda.

"O'zbekistonda jurnalistlar aslida o'zlari o'ylaganidan ko'proq kuch va imkoniyatlarga ega. Biror jurnalist qamoqda emas. Belarus, Rossiya, Ozarbayjon bilan qiyoslasak, u mamlakatlarda ko'plab jurnalistlar panjara ortida".

Mutaxassis tahlilicha, O'zbekistonda OAV xodimlari o'zlariga ko'proq ishonib, dadilroq bo'lishi; o'zini-o'zi cheklamasdan, jiddiyroq materiallar ustida ishlashi lozim.

"Buni blogerlar qilayotganini ko'rdim. Matbuot erkinligi kengayishi uchun ular ko'proq hissa qo'shmoqda, nazarimda. Blogerlar hukumatning qarorlariga ta'sir qilmoqda. Men Komil Allamjonovning hamma fikriga ham qo'shilmayman, ammo matbuot erkinligi berilmaydi, unga erishiladi, deganida haq ekanini bilaman".

"Matbuot erkinligi haqida qonunlar mavjud ekani uni bor qilib qo'ymaydi. Bu erkinlik uchun har kuni qattiq ishlash kerak. Amerikada ham shu, doimiy kurash. Qonunlarda yozilgani bilan bu erkinlik hech kim uchun kafolatlangaman".

Mustaqil, professional jurnalistikani yo'lga qo'yish erkinlik bilan birga kasbiy me'yorlarning to'g'ri tatbiq etilishini talab qiladi.

"Ochiqlik, oshkoralik mamlakatni rivojlantirish uchun suv va havodek zarur. Ochilmasangiz, taraqqiy etmaymiz. Tashqi dunyodan jurnalistlar kelib, O'zbekistondagi hamkasblari bilan bog'lanishi, fikr va tajriba almashishidan hukumat ham manfaatdor, chunki u bosh-qosh jarayonlarni tushunish uchun matbuot xodimlarining bilimi va dunyoqarashi keng bo'lishi zarur".

Rid xonim O'zbekistonning bugungi hayoti va o'tmishini o'rgandi. Tarixiy va zamonaviy maskanlari orqali uni kashf etdi.

"Ajoyib, g'aroyib, taraqqiy etish uchun cheksiz imkoniyatlarga ega yurt. Minglab o'zbekistonliklar grin-karta lotereyasi o'ynab, Amerikaga intiladi, vaholanki, mamlakatning o'zida potensial yuqori", -deya xulosa qiladi mutaxassis.

O'zbekistonni aylanar ekan, Rid xonim bittagina amerikalik sayyoh ko'rgan. AQShga ketishni xohlagan o'zbekistonliklarni esa savolga tutgan: nima uchun olisdagi mamlakatga ketishni xohlayapsiz? Hayot u yerda qanchalik qiyin ekanini bilasizmi?

"Real amerikaliklar O'zbekistonga borib, hayot va vaziyatni real qiyoslab berishi jamoatchilikka ishonchli axborot beradi", - deydi jurnalist.

Odamlar AQSh haqida turli "ertaklar" og'ushida yurar ekan, deydi suhbatdosh, hayot tarzi, tirikchilik va umumiy muhit ular tasavvur qilganidan mutlaq boshqacha.

Rid xonim Farg'ona vodiysida, shuningdek, O'zbekiston g'arbida, Xorazm viloyati va Qoraqalpog'iston muxtoriyatida bo'ldi. Samarqand va Buxoro bilan ham yaqindan tanishdi.

Odatda o'zbekistonliklar amerikaliklar ularning yurti haqida bilmasligidan noliydi. Suhbatdoshimiz tahlilicha, O'zbekiston ahli ham real Amerikani uncha bilmaydi. Ularning tasavvuridagi AQSh ko'proq Gollivud kinolaridan shakllangan, deydi u.

"Ish, maosh, sog'liqni saqlash, ta'lim va boshqa masalalar bu yerda qanchalik murakkab ekanini aytganimda, o'zbekistonliklar ishonishga qiynaldi. Amerikada yuk mashinasi haydab boyib ketishim mumkin, deb o'ylaydiganlar ko'p ekan. Boshqa mamlakatlarda ham odamlar shunday xayollar bilan yurishadi. Kelib, bu yerda yashash naqadar qimmat ekanini ko'rib, keyin tushunishadi".

Rid xonim bilan gaplashgan o'zbek jurnalistlarining birortasi undan AQShga ketish uchun yordam so'ramagan. Tanqidchi muxbirlar G'arb diplomatlari yoki u yerdagi hamkasblar bilan gaplashsa, mutasaddilar va hatto oddiy odamlar ham ularni chet elga ketish uchun ataylab e'tibor izlayotganlikda ayblaydi.

Suhbatdoshimiz Samarqandda bir tadbirkor unga do'stini AQShga ketishida ko'maklashish uchun 20 ming dollar taklif qilganini aytadi. Rid xonim taklifni jiddiy olmagan.

Jurnalist kuzatishicha, O'zbekistonda hukumat media bilan muloqot qilishdan nafaqat hayiqadi balki bu boradagi normalardan ham xabardor emas. Rasmiylar bilan intervyuga kelishasiz, uchrashib suhbatlashasiz, ammo uning oxirida bu odam materialni nashr qilmang, hech qayerda chiqmasin, degan talabni yoki iltimosni qiladi, deydi Rid xonim.

Intervyu so'ralganda har qanday odam tushunishi va qabul qilishi kerak: Sizdan olingan ma'lumot chop etiladi, ommaga bayon etiladi. Efir uchun gapirish, yopiq muloqot qilish yoki umuman gaplashmaslik yoki savollarga javob bermaslik borasida qoidalar bor, ularni o'rganish kerak, deydi jurnalist.

O'zbekistonda brifinglarda jurnalistlarga savol berish imkoniyati berilmaydi, ular faqat eshitish uchun chaqiriladi. Vaholanki, media har qanday joyda savol berishga haqli. Axborot yig'ish ularning asosiy vazifasi ekan, savol berish eng mantiqli harakat.

Rid xonim kuzatgan yana bir holat: jurnalistlar va blogerlar ular ko'targan masalalar darhol hal qilinishi yoki materiallarga tezda munosabat bildirilishini xohlashadi. Mutaxassis buni Ukraina va boshqa davlatlarda ham ko'rgan.

"Materiali jarayonlarga ta'sir qilishi, o'zgarishlarga yetaklashini istamaydigan jurnalist yo'q, ammo unutmang, siz avvalo odamlarni ogoh qilasiz. Masalani keng jamoatchilikka olib chiqasiz. Qolgani sizning qo'lingizda emas. Siz jarayonlar xronikasini shakllantirasiz. Mana shu birlamchi ishimizdir".

"O'zgarishlar sekin bo'ladi, har qanday mamlakatda. Jurnalist ularga turtki berishi mumkin, ammo ularni tezlashtira olmayapmiz, deb umidsizlanmang. Mentalitet, qarashlar, odatlar o'zgarishi kerak".

Rid xonim O'zbekiston haqidagi maqolalarida yozishicha, mamlakatda axborot vositalari ham korrupsiyaslashgan; manfaatlar to'qnashuviga e'tibor juda past; ko'plab materiallar shaxsiy, biznes yoki rasmiy buyurtmalar asosida qilinadi va bu borada ommaga bildirilmaydi.

"Jurnalistlar ishi samara berishi uchun, materiallar kuchli, ishonchli, serqirra bo'lishi lozim. Masalalar ortidagi odamlar, hukumat qarorlari, qudrat va siyosat - bular savolga tutilgan, muammolar ochib berilgan materiallarning ta'siri ham shunga yarasha bo'ladi. Men O'zbekistonda bunday jurnalistik ishlarni deyarli ko'rmadim".

"Surishtiruvlar olib borish har doim xavfli, lekin bunga bel bog'lasangiz, ishni puxta qilish kerak. Bitta manba bilan material bera olmaysiz. Siz informatsiyani obdon tekshirishingiz, uni elakdan o'tkazishingiz kerak".

Hukumat yagona manba emas va bo'la olmaydi. Jurnalistlar buni anglab, muqobil manbalar topishi, ularning ishonchli ekanini aniqlab, o'zlariga nisbatan ishonchni ham ta'minlashi zarur. "Bu - ishimizning eng qiyin va maroqli jihati", - deydi Rid xonim.

Jurnalist materialda o'z shaxsiy fikrini bildirmasligi kerak, ammo sharhlar va tahliliy materiallar u to'plagan ma'lumotlar tadqimotidir, ya'ni faktlar va iqtiboslarni saralash va tanlash - muxbirning qarori. Rid xonim deydki, fikr-qarashlarga to'la materiallar metin argument, mustahkam asos va yangi ma'lumotdan iborat bo'lishi kerak. Kolumnistika degan janr shu tarzda rivojlangan, deydi u. O'zbekiston jurnalistikasida, uning nazarida, mana shunday yo'nalish yetishmayapti. Bloglar ham sayoz, deydi u, chunki ularda faktlar emas, hissiyotlar va asossiz tashviqot hukmron.

Jurnalist ism-sharifsiz iqtiboslar qo'llamaslikni tavsiya qiladi. Siz yoritayotgan masala haqida axborot, izoh yoki fikr bera oladigan odamning kim ekani ommadan saqlanmasligi, juda bo'lmaganda uning qayerda ishlashi, nima uchun ishonchli manba ekani qayd etilishi kerak.

Yopiq muloqotlar tizimni tushunishda yordam beradi, deydi Rid xonim, lekin tizimdagilar ham tushunishi kerakki, jurnalistning vazifasi - tizimdagi masalalarni keng ommaga olib chiqish.

Rid bilan gaplashgan o'zbekistonliklarning ko'pi, ayniqsa jurnalist va blogerlar, Toshkentda va viloyatlarda, o'z faoliyati davomida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan chaqirtirilgani, kuzatilgani yoki ogohlantirilganini aytgan. Ayrimlar shu bois amerikalik jurnalist bilan belgilangan uchrashuvni bekor qilgan.

"DXXdan shu qadar ko'p nolishdiki, men bu idoraga murojaat qilib, jurnalistar, blogerlar va faollardan tushgan tanqidlarga ulardan javob olishim kerak", - deydi Rid xonim.

Material xolis bo'lishi uchun DXX javobi muhim, deydi u, chunki O'zbekistonda matbuot erkinligi yo'lidagi asosiy to'siq mana shu organ, degan qarash keng. Biroq idoradan javob yo'q.

Amerikada xavfsizlik organlari matbuot bilan gaplashadimi? Albatta, deydi jurnalist, xususan Federal qidiruv byurosi va Markaziy razvedka agentligi matbuot xizmatlari bilan gaplashasiz.

Rid xonim O'zbekistonda uni kimdir kuzatganini shaxsan ko'rmagan, lekin qayerga borsa, suhbatdoshlari DXXdan qo'ng'iroq kelganini aytgan. Jurnalist Belarusda organlar u kabilarni ochiq kuzatishini aytadi, ya'ni mutaxassis bunga o'rganib ketgan.

Uning O'zbekiston haqidagi xulosalarini Toshkentdagi diplomatik korpus qiziqib tinglagan. Biroq Rid xonim Amerika mediasiga respublika haqida materiallar taklif qilganida, ijobiy javob olmagan.

"AQSh axborot vositalari bir necha yil oldin Ukraina haqida ham deyarli bilmas edi, unga qiziqmas edi. Urush sabab hozir u diqqat markazida. O'zbekistondagi jarayonlarning global ahamiyati, ularning xususan amerikaliklar hayotiga bevosita ta'siri bo'lmas ekan, talab ham shunga yarasha", - deydi jurnalist.

Uzbekistan media freedom challenge/Cheryl Reed, Fulbright scholar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:16:34 0:00

Rid xonim deydiki, O'zbekistonning Afg'onistonga qo'shni mamlakat ekani siyosiy jihatdan o'ta muhim omil, ammo bu ham AQSh mediasida izchil aks etmaydi.

O'zbekistondan turib, G'arb axborot vositalariga material berishni xohlovchi jurnalistlar va sharhlovchilar ham bu yerdagi auditoriyani bilmasa va media yondashuvni tushunmasa, maqsadiga yeta olmaydi, deydi suhbatdosh.

Matbuot erkinligini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarning e'tibori ham tor, deya kuzatadi Rid xonim. Shu bois ham mamlakatdagi jurnalistlar tashqi dunyo bilan bog'lanaverishi kerak.

Taraqqiyotni ta'minlash va professional media muhitga erishish uchun hukumat jurnalistlarga haqiqiy jurnalistika bilan shug'ullanishi uchun yo'l berishi lozim, deydi mutaxassis. "Avvalo DXX ularni tinch qo'yishi kerak".

O'zbekistonda media va jurnalistlar himoyasi, axborot erkinligi to'g'risida qator qonunlar bor, deydi Rid xonim, "hukumat ular amaliyotini ta'minlasin".

U, shuningdek, blogerlarni treninglardan o'tkazishni tavsiya qiladi. "Ular katta mavzularni olib chiqib, ommani o'ziga qaratmoqda. Samarali ishlashi, sifatli kontent berishi uchun ularni o'qitish ma'qul emasmi? Jurnalist emas deb, ularni mensimaslik xato, chunki ularning auditoriyasi katta".

"Jurnalistlar ham o'z ravnaqi uchun birdamlikda harakat qilishi kerak. Kuchli kasaba uyushmalari, sidqidilgan ishlaydigan professional uyushmalar zarur. O'zbekiston jurnalistlar bemalol ishlaydigan muhitga aylanishi uchun hali juda katta qadamlar tashlanishi kerak, ham hukumat, ham jurnalistlar tomonidan", - deydi Rid xonim.

Hukumat rostan ham professional jurnalistika xohlasa, media xodimlar yetishishi, uquvini oshirib, erkin ishlay olishi uchun sharoitni joyiga qo'ysin, deydi amerikalik mutaxassis. "Noprofessional deb ularni chetga sursangiz, na matbuot rivojlanadi, na erkinlik kengayadi".

Rid xonimning sohaga kirib kelayotganlarga maslahati: jurnalistika maqsadi va mohiyati, asosiy kasbiy ko'nikmalar va me'yorlarni o'rganing, ularni amalga qo'llashga harakat qiling. Ishni kichik materiallardan boshlang. Katta loyihalar qilish uchun oldin qisqa va sifatli maqola yozishni o'rganish kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG