Parijda asoslangan va xayriya evaziga faoliyat yuritadigan nohukumat tashkilot - "Chegara bilmas muxbirlar" har yili dunyo bo'ylab matbuot erkinligi darajasini o'rganib, o'z reytingini chiqaradi. Bu yilgisida 180 davlatdagi ahvol tekshirilgan. O'zbekiston bu ro'yxatdan o'tgan yilgi 157-o'rindan bu yil 133-o'ringa ko'tarilgan.
Biroq tashkilot, umuman olganda, O'zbekistonda matbuot erkinligi hamon keskin cheklanishiga urg'u beradi. 2016-yildan beri ommaviy axborot vositalari sifati va siyosatda qator ijobiy qadamlar kuzatildi, deya baholaydi "Chegara bilmas muxbirlar", ammo mamlakatda mustaqil media va jurnalistika hamon orzu.
O'zbekistonning qo'shnilari Qozog'iston 122, Qirg'iziston 72, Tojikiston 152, Turkmaniston 177, Afg'oniston 156-o'rinlarni egallagan.
"Chegara bilmas muxbirlar"ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eksperti Janna Kaveliye "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki:
"Biz O'zbekistonda o'tgan yil davomida matbuot erkinligida biror progress ko'rmadik. 2022 va 2021-yillardagi reytinglar va ko'rsatkichlarni baholashda ehtiyot bo'lish kerak. Chunki so'nggi reyting yangicha metodologiyaga asoslangan. Qolaversa, boshqa davlatlardagi o'zgarishlar ham unga ta'sir qiladi."
Ya'ni, deya tushuntiradi Kaveliye, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi matbuot erkinligiga qattiq zarba bergani hisobga olinadi.
"O'zbekistonda matbuot erkinligi yomon ahvolda va hisobotda bu aks etadi. Jurnalistlar tazyiq ostida, faoliyati uchun bosimga olinadi. Hukumat axborot ustidan nazoratni boy bermaslik uchun hamma chorani ko'radi. Buni biz Qozog'istonda namoyishlar avj olgan paytda ko'rdik va hozir Rossiyaning Ukrainadagi urushida ham shunga guvohmiz".
Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining vasiylik kengashi raisi o'rinbosari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to'ng'ich qizi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida O'zbekiston jurnalistlarini Xalqaro matbuot erkinligi kuni bilan qutlar ekan, ularni "Chegara bilmas muxbirlar" reytingida 24 pog‘ona ko‘tarilgani bilan ham tabrikladi.
"Biz olti yil davomida ushbu saytda yashil ko‘rsatkich harakatini kuzatib bordik va har qanday kichik yutuqqa ham quvondik. Bugun esa keskin ko‘tarildik. Xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda, bu nafaqat g‘urur va xalqaro hamjamiyat tomonidan sa’y-harakatlarimizning e’tirof etilishiga sabab, balki keyingi rivojlanish uchun javobgarlikni anglashga turtkidir. Biz top 5 talikka kirib, tabassum bilan hozirgi 133-o‘rinni eslaydigan kun kelishini kutib qolaman", - deya yozdi Mirziyoyeva.
"Chegara bilmas muxbirlar" 155-o'rindagi Rossiyada vaziyat yanada o'girlashganiga e'tibor qaratib, buni Ukrainaga bostirib kirish va Kremlning bu ishini oqlovchi propaganda kuchaygani bilan bog'laydi. Rossiyaning yaqin ittifoqdoshi Belarus 153-o'rinda.
Jahonda matbuot eng erkin davlat Norvegiya deya tan olinadi. Sobiq sovet davlatlaridan Estoniya 4-o'rinda, Litva esa 9-o'rinda dunyoning bu tarafidagi eng namunali mamlakatlar deb e'tirof etiladi.
Yevropada matbuot erkinligi darajasi pasaygani kuzatiladi, xususan, Gretsiya, Germaniya, Fransiya, Italiya va Niderlandiyada jurnalistlarga bosim va tazyiq hollari ko'paygan.
Sloveniya, Polsha, Vengriya, Albaniya va Serbiyada shaffoflik va javobgarlik darajasi oshgan.
"Chegara bilmas muxbirlar" Yevropada jurnalistlarni va matbuotni himoya qiluvchi choralar ko'rilayotganini ta'kidlaydi. Biroq, tashkilotga ko'ra, Rossiya propagandasini asosli qonunlarsiz man etish Kremlning Yevropa mediasiga nisbatan shunday qadamlar tashlashiga yetaklab, ommaviy axborot vositalariga yangidan-yangi muammolar tug'dirishi mumkin.
Turkiya 149-o'ringa tushgan. Indeksda Rajab Toyyip Erdog'an "giper-prezident" deb ta'riflanib, "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti nazarida, u qudratli avtokrat bo'lib, matbuotni ezmoqda, adliya tizimi mustaqilligiga tahdid solmoqda. O'tgan ikki yil ichida Turkiyada ikki jurnalist o'ldirilgan.
Facebook Forum