Breaking News

Tolibon “Amerika Ovozi” va BBC dasturlarining efirga uzatilishini taqiqladi


"Tolo News" xususiy telekanali studiyasi, Kobul, Afg'oniston, 2015-yil, 18-oktabr
"Tolo News" xususiy telekanali studiyasi, Kobul, Afg'oniston, 2015-yil, 18-oktabr

Tolibon Afg‘onistondagi xususiy telekanallarga “Amerika Ovozi” va Britaniya Teleradioeshittirish korporatsiyasi (BBC) axborot dasturlarini efirga uzatishni taqiqladi.

Taqiq o‘tgan yili avgust oyida mamlakatda nazoratni qo‘lga kiritgan guruhning so‘z erkinligini cheklashga qaratilgan navbatdagi qadamidir.

Bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan “Amerika Ovozi” Tolibonning bu qarorini qoraladi.

"Biz Tolibondan ushbu tashvishli va baxtsiz qarorni qayta ko'rib chiqishni so'raymiz, - dedi “Amerika Ovozi” direktori vazifasini bajaruvchi Yolanda Lopes yakshanba kuni bergan bayonotida. - Tolibon joriy qilmoqchi bo‘layotgan kontent cheklovlari Afg‘oniston xalqi loyiq bo‘lgan so‘z erkinligiga ziddir”.

Amerika teleradiokompaniyasi o'zining afg'on hamkorlari – “TOLO News” va “Shamshod TV” uchun haftada besh kun Afg'onistondagi ikki asosiy til - pushtu va dariy tillarida yarim soatlik yangiliklar dasturini tayyorlaydi.

Afg'onistonda so'z erkinligi kelajagi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

“Tolibonning mamlakatdagi televideniye bo‘yicha hamkorlarimizga bergan buyrug‘idan hafsalamiz pir bo‘lgan va qayg‘uga tushgan bo‘lsak-da, Afg‘oniston xalqiga faktlarga asoslangan ma’lumotlarni yetkazish bo‘yicha ishlarimiz televideniye, radio va internetda davom etadi. www.pashtovoa.com va www.darivoa.com saytlarida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda”, - deyiladi Lopes bayonotida.

BBC jahon xizmatining tillar bo'limi rahbari ham Tolibonni o'z xabar byulletenlariga qo'yilgan taqiqni darhol olib tashlashga chaqirdi.

“Tolibon bizning telehamkorlarimizga xalqaro teledasturlarni oʻz efirlaridan olib tashlashni buyurganidan soʻng, Afgʻonistonda BBCning pushtu, fors va oʻzbek tillaridagi xabarlari toʻxtatildi”, - dedi Tarik Kafala yakshanba kuni qilgan bayonotida.

"Bu Afg'oniston xalqi uchun noaniqlik va notinchlik davrida tashvishli voqea", - deya qo’shimcha qiladi u.

Uning ta'kidlashicha, "olti milliondan ortiq afg'on har hafta televideniyeda BBCning mustaqil va xolis jurnalistikasidan foydalanadi va kelajakda ularga kirish huquqidan mahrum etilmasligi juda muhim".

Tolibon Axborot vazirligi soʻzlovchisi Afgʻoniston kanallariga xalqaro teleradiokompaniyalarni havo to’lqinlaridan olib tashlashni buyurganmi yoki yoʻqmi, degan savolga maʼlumot yigʻib, qaytib kelishini aytdi.

Mahalliy va xalqaro tanqidchilar Afg‘onistonda Tolibon hukmronligi davrida ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligi yomonlashganini aytadi.

Afg‘onistonlik jurnalistlar bir necha bor hibsga olingan va xavfsizlik kuchlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan. Muvaqqat Tolibon hukumati bir qator “jurnalistika qoidalari”ni, jumladan, ommaviy axborot vositalari “yaxshilikdan bahramand bo‘lish va yomonlikdan qaytarish” haqidagi islom ta’limoti talqiniga amal qilishi kerakligini e’lon qildi.

Dekabr oyida “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) soʻrovini eʼlon qildi. Unda Afgʻonistondagi ommaviy axborot vositalarining kamida 40 foizi gʻoyib boʻlgan, 80 foizdan ortiq ayol jurnalistlar ishsiz qolgan.

Tadqiqotning ko’rsatishicha, poytaxt Kobulda va mamlakatning qolgan qismida jurnalistlar uchun muhit "juda og'ir”. Mahalliy jurnalistlarning erkin ishlashlari uchun sharoitlar bu so’rov o’tkazilgandan beri yanada yomonlashgan.

Avgust oyidan beri yuzlab jurnalistlar Tolibon qatagʻonlaridan qoʻrqib yoki yangi hukumat davrida oʻz kasbi bilan bogʻliq muammolarga yo’liqqani tufayli Afgʻonistonni tark etgan.

RSF soʻroviga koʻra, 15-avgust kuni Tolibon Afgʻoniston poytaxti Kobulni egallab olganidan beri 6400 dan ortiq jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishsiz qolgan.

“Amerika Ovozi” va BBC dasturlariga qo’yilgan cheklov Tolibonga nisbatan xalqaro bosimlar kuchaygan va oʻsmir afgʻon qizlari uchun maktablarga borish yana taqiqlangan bir paytda yuz berdi.

Tolibon 23-mart, chorshanba kuni qishki ta’tildan so‘ng o‘rta maktablarni qayta ochdi. Bu ayni paytda Afg‘onistonning aksariyat viloyatlarida o‘quv yilining boshlanishi hisoblanadi.

Biroq amaldagi rasmiylar so‘nggi daqiqada shariat yoki islom qonunlariga muvofiq maktab formasi yo‘qligini bahona qilib, oltinchi sinfdan yuqori bo‘lgan qizlarning sinfga qaytishiga ruxsat bermaslikka qaror qildi.

Shanba kuni afg‘on ayollar huquqlari faollari Tolibondan qizlar uchun maktablarni qayta ochishni talab qilib ko‘chalarga chiqdi. Agar hukumat bir hafta ichida qizlar maktablarini ochmasa, ular butun mamlakat bo'ylab norozilik to'lqinini boshlashga va'da berdi.

Xalqaro hamjamiyat Tolibonni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida haligacha tan olmagan. Ular buni inson huquqlari, terrorizm va hukumatda ayollarga joy berilmagani kabi masalalar yuzasidan mavjud xavotirlar bilan izohlashadi.

Afg'onistondan qochgan opa-singil jurnalistlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:19 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG