Breaking News

Tolibon qizlar ta’limini to’liq tiklash va’dasini bajarmadi


Afg’onistonda 23-mart kuni maktablar qayta ochilgan. Biroq 7-12-sinf qizlarining ta’lim olishi taqiq ostida qolmoqda. Tolibon hukumatining tushuntirishicha, o’smir qizlar ta’limi Islom qoidalari va shariat qonunlariga muvofiq tizimga tushirilishi uchun vaqt kerak.

Maktab ochiladigan birinchi kunga qadar e’lon qilinmagan bu favqulodda taqiq ortidan mahalliy hamda xalqaro maydonlarda Tolibon siyosatiga nisbatan tanqidlar kuchaymoqda. Guruh 23-mart kunidan barcha qizlarning ta’lim olishiga ruxsat berish borasidagi va’dalarini bajarmayotgani e’tirozlarga sabab bo’lmoqda.

“Maktablarning 6-sinfdan yuqori sinflarida tahsil oladigan qizlarning maktabga borishi navbatdagi bayonotimizga qadar taqiqlanadi”, deyiladi Tolibon hukumati xabarida.

Ushbu qaror darslar boshlanishiga yaqin qolgan so’nggi daqiqalarda e’lon qilingan. Maktabga yangi umidlar bilan kelgan o’smir qizlar yana uyga qaytishga majbur bo’lgan.

“Maktab ochilayotganidan kecha ham quvonchdan ko’zimga yoshlar kelib, hayajonda edim. Bugun esa maktab ostonasidan ortga qaytganim uchun yig’layapman. Umidlarimiz sarob ekan”, - deydi ismini oshkor qilmagan o’quvchi qiz “TOLO” yangilik kanali muxbiri bilan suhbatda.

Tolibonning BMT dagi doimiy elchisi Suhayl Shohinning izohlashicha, o’smir qizlar ta’limiga qo’yilgan taqiq vaqtinchalik chora. Buni doimiy deb qabul qilish xato.

“Qaror qizlar ta’limini taqiqlash bilan bog’liq emas. Bu o’smir qizlar maktab formasi standartlarini belgilash bilan bog’liq texnik masala. Bu ta’limni taqiqlash emas, kechiktirish chorasi. Umid qilamizki, maktab formasiga doir masala qisqa fursatda o’z yechimini topadi”, - dedi Shohin.

Tolibon Afg’onistonni boshqargan 1996-2001-yillarda qizlar ta’limini to’xtatgan. Ayollarning yolg’iz uydan chiqishini taqiqlagan edi. Mamlakatda hokimiyatni qayta egallagan Tolibon o’z bayonotlarida va xalqaro platformadagi anjumanlarda bu safar mutlaqo yangicha siyosat yuritishini aytib kelayotgan edi.

Tolibon boshqaruvi davrida o’tgan sakkiz oy mobaynida mamlakatning 34 viloyatidan oltitasidagina o’rta maktablarda qizlar ta’limi davom etdi.

Qizlar asosan boshlang’ich ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lgan olis hududlarda ayol o’qituvchilarni topishning o’zi imkonsiz.

UNICEF taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, Afg’onistonda 4 million bola maktabga bormaydi. Ularning 60 foizi qizlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG