Qo’shma Shtatlardagi Afg‘oniston elchixonasi va yana ikki konsulligi 23-mart tushdan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda AQShdagi afg’on diplomatlari xabar berdi.
AQSh Davlat departamenti rasmiylari dushanba kuni afg'on diplomatlari bilan uchrashib, ularga uchta afg'on missiyasi o’z ishini to’xtatishi haqida ma'lumot bergan.
Bu voqea Kobulda sobiq Afg‘oniston hukumati qulaganidan yetti oy o‘tib, Vashingtonda bir necha oy davom etgan ma’muriy va diplomatik maslahatlashuvlardan so‘ng yuz bermoqda.
Diplomatik vakolatxonalar yopilishi ortidan Davlat departamentining Tashqi missiyalar boshqarmasi Vashingtondagi elchixona hamda Nyu-York va Los-Anjelesdagi konsulliklarni himoya qilish va saqlash vazifalarini o'z zimmasiga oladi.
Ikki afg‘on diplomatiga ko‘ra, Afg‘onistonning Tolibon hokimiyatga kelgungacha amalda bo’lgan uch rangli milliy bayrog‘i AQShdagi afg‘on diplomatik binolarida osilib turishda davom etadi.
AQShda joylashgan 100 ga yaqin afg‘on diplomatlarining aksariyati allaqachon AQShdan boshpana so‘rab murojaat qilgan yoki Kanadaga ko‘chib o‘tgan. 23-aprelgacha AQShdagi immigratsiya maqomini o‘zgartirishi kerak bo‘lgan yana 25 ga yaqin diplomat bor.
18-yanvar kuni Afg‘oniston elchixonasiga yuborilgan maktubga ko‘ra, AQSh rasmiylari Afg‘onistonning AQShdagi elchisi sifatidagi asosiy vazifalarini faqat Adela Raz davom ettirishi mumkinligini va afg‘on diplomatik korpusining qolgan a’zolari vakolatlari tugatilishini bildirgan edi.
Faqat moliyaviy muammolar sababchimi?
AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, og'ir moliyaviy yuk afg'on diplomatik vakolatxonalari faoliyatiga putur yetkazgan.
Afg‘on diplomatlari 2021-yil oktabr oyidan beri maoshlarini olmagan; uch diplomatik bino uchun kommunal va sug‘urta to‘lovlarini to‘lashda ham muammolar yuzaga kelgan.
O‘tgan yili diplomatlar o‘z bank hisoblariga ham kirish huquqidan mahrum bo‘lgan. Bu esa ularni konsullik xizmatlari to‘lovlarini shaxsiy bank hisoblariga o‘tkazishga majbur qilgan.
Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, elchixona bank hisoblarini toʻxtatib turish qarori AQSh hukumati aralashuvidan mustaqil holda “Citibank” tomonidan qabul qilingan.
Amerika Diplomatiya Akademiyasi prezidenti va AQShning Afg‘onistondagi sobiq elchisi Ronald Neymanning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bank hisoblari muammosi birinchi navbatda moliyaviy masala.
"Bunda hech qanday siyosiy motiv yo'qligiga ishonchim komil", - dedi u.
Ikki afg‘on diplomati va sobiq Afg‘oniston hukumatidagi yuqori martabali bir rasmiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Davlat departamenti qaroriga afg‘on missiyalari duch kelayotgan moliyaviy to‘siqlar sabab bo‘lmagan.
“Elchixona va konsulliklar konsullik xizmatlaridan yetarlicha daromad olayotgan edi”, - dedi dunyo boʻylab Afgʻoniston elchixonalari bilan aloqada boʻlgan va ismi sir qolishini soʻragan sobiq rasmiy.
“To‘xtatib qo‘yilgan bank hisoblarimizda 700 ming dollardan ortiq mablag‘ bor”, - dedi afg‘on diplomati.
Tolibon hanuz tan olinmagan
AQSh Afg'oniston elchixonasini yopgan birinchi davlatdir. Afg‘onistonning Yevropa davlatlari, Kanada, Rossiya, Avstraliya va boshqa bir qancha davlatlardagi elchixonalari ochiqligicha qolmoqda. Afg‘onistonning Nyu-Yorkdagi BMT doimiy vakolatxonasi ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Afg‘onistonning Yevropa poytaxtlaridan biridagi elchisi “Amerika Ovozi”ga mezbon davlatdan rasmiy vazifalarini davom ettirishi mumkinligi haqida kafolat olganini aytdi.
"Ular hatto moliyaviy yordam taklif qilishdi", - dedi o'zini tanishtirmaslikni so'ragan elchi.
Hozircha hech bir davlat Afg‘onistondagi de-fakto Tolibon hukumatini tan olmagan, biroq ko‘pchilik Tolibon rasmiylari bilan diplomatik aloqalar olib bormoqda. O'tgan hafta Tolibon tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Turkiyadagi Antaliya Diplomatik forumida ishtirok etdi va u yerda bir qator boshqa mamlakatlar rasmiylari qatorida AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Tomas Uest bilan ham uchrashdi.
AQSh rasmiylari Afgʻoniston elchixonasini yopish chogʻida Tolibon rasmiylari bilan maslahatlashmaganini va bu harakat Tolibonning amaldagi hukumatini tan olish istagini anglatmasligini aytmoqda.
"Menimcha, bu AQShning amaldagi Tolibon hukumati bilan munosabatlari uchun hech narsani anglatmaydi", - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda sobiq amerikalik diplomat Robin Rafel.
Neyman ham shu fikrni takrorlab, “bilishimcha, AQSh hukumatining Tolibon bilan aloqa o‘rnatish niyati yoki manfaati yo‘q”, dedi.
Fuqaroligi bo'lmagan diplomatlar
Sobiq Afg‘oniston hukumati qulashi va deyarli barcha sobiq amaldorlar, jumladan, prezident Ashraf G‘ani va tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar Afg‘onistondan qochib ketganiga qaramay, afg‘on diplomatlari hali ham Afg‘onistonning xorijdagi vakillari ekanini da’vo qiladi.
Atmar oʻzining “Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri” nomi ostida tasdiqlangan “Twitter” sahifasi orqali goʻyoki hamon Afgʻonistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini boshqarayotgandek axborot yozadi.
Biroq amalda diplomatlar unga quloq solmay qo’ygan.
Dekabr oyida Atmar BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga BMTdagi afgʻon missiyasiga yangi rahbar vazifasini bajaruvchi nomzodini taqdim etish toʻgʻrisida maktub yoʻllaganda, amaldagi vakil Nosir Faiq Atmar yangi diplomatlarni tayinlash uchun “qonuniylik va vakolat”ni yoʻqotganini aytib, oʻz lavozimini tark etishdan bosh tortdi.
"Har bir elchi suveren shaxs sifatida ishlamoqda va buyruqbozlik zanjiri yo'q", - dedi Afg'onistonning Yevropa davlatlaridan biridagi amaldagi elchisi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Biz qonuniyligimiz uchun emas, balki dunyo Tolibondan nafratlangani uchun faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz", - deya qo'shimcha qildi u.
Facebook Forum