Hirotdagi qochqinlar lagerida ko’plab ota-onalar qizlarini sotmoqda. Siddiqa ismli bir qizning otasi farzandini 2000 dollarga xorijda ishlaydigan bir afg’onga pullaganini aytadi. Qizlarning ko’pchiligi 10 yoshdan kichik.
“Biz farzandlarimizga uxlatuvchi vosita beramiz. Bo’lmasa, ochlikdan yig’laydi, ovqat so’raydi. Avval hayotimiz yaxshi edi. O’zimizga to’q edik. Qurg’oqchilik bo’ldi. Urush yigitlarni qirdi. Faryobdan qochib, Hirotga keldik. Yangi hukumat kelganida, bir qop bug’doy 25 dollarga chiqdi. Qanday sotib olamiz? Uch yildan beri shu ahvolda yashaymiz”, - deydi Abdul Aziz.
Ota-onalarning aytishicha, ular boshqa farzandlari ochlikdan o’lmasligi uchun birini sotadi. Urush va qurg’oqchilik mamlakatni tang ahvolga olib kelgan.
Mamlakat iqtisodi xorijiy mamlakatlar yordamiga tayanar edi. Tolibon kelganidan keyin xorijdan moliyaviy ko’mak to’xtadi. Shundoq ham og’ir vaziyat yanada og’irlashdi.
90 foiz aholining kunlik daromadi ikki dollardan kam. Mamlakat aholisining deyarli yarmi keskin ocharchilikka duch kelmoqda.
“Dori-darmon uchun pulimiz yo’q, bolalarimiz uchun ovqat. Shu qahraton sovuqda shu toshlar orasida yashayapmiz. Isinish uchun o’tin ham yo’q. O’g’lim mana shu axlatni terib keldi. 5-10 sentga sotishimiz mumkin. Qadrimiz shunchalik”, - deb nola qiladi lagerdagi Shirin ismli bir ayol.
Siddiqaning otasi qizi o’smir yoshiga yetganida uzatilishini aytdi. Ya’ni, sotib olgan kishining o’g’li unga uylanadi. Lekin puli to’langani uchun uning hayotini endi sotib olgan oila to’liq nazorat qiladi. Istasa boshqa birovga ham sotishi mumkin.
“Hali yosh. Hech narsani bilmaydi. Endi ularga tegishli. Istagan ishlarini qilishlari mumkin. Boshqa choramiz yo’q edi. Shu ishni qilishga majbur bo’ldik. Taqdirida nima bor, bilmaymiz”, - deydi ota.
“Farzandlarimizni hayvon sotgandek sotamiz”, deydi boshqa bir ayol g’azablanib, umidsizlanib.
Facebook Forum