BMTning Afg’onistondagi idorasida ishlagan Jon Muhammad Sobir bugun besh farzandi bilan Amerikaning Jorjiya shtatida yashamoqda. O’tgan yili avgustda Tolibon mamlakatni bosib olgach, ular Afg’onistondan olib chiqilgan.
Ammo uning xotini Kobul aeroportidagi tartibsiz evakuatsiya paytida oilasidan ajralib, qolib ketgan.
“Aeroportga kirish uchun olomon ichidan, otishma va mushtlashuvlardan o’tish kerak edi. Bolalar oyoq tagida qolib ketmasin deb, bir-birimizga yordam berayotgan edik. Lekin oxir-oqibat xotinim kira olmadi. Aeroport darvozasi yopilgach u tashqarida qolib ketdi. Ikki-uch kun ochishmadi, samolyotga chiqmasak bo’lmasdi”, - deydi Sobir.
Farzandlari AQShda onasini kutib yashamoqda.
“Ular har kuni onasini so’raydi. Ovqatlanayotganda ham, o’ynayotganda ham. Onasiz qiyin, butun muhit boshqacha. Kiyimini almashtirayotganda, nima qilayotganidan qat’i nazar ular onasini eslaydi”, - deydi Sobir.
Bolalar Qo’shma Shtatlarga ko’chganidan xursand.
“AQShda yashayotganimizdan xursandmiz, lekin onamiz biz bilan emasligi bilinadi. Onamiz bilan baxtliroq edik. Bizga ovqat pishirib berardi. Sog’inamiz, kelishini xohlaymiz”, - deydi Sobirning o’g’li Ibror.
“Maktabga borayotganim quvontiradi. Onamni har kuni eslayman, tezroq kelishini kutyapman”, - deydi Sobirning qizi Sara.
Farzandlar Afg’onistondagi onasi bilan imkon boricha tez-tez bog’lanadi va gaplashadi. Lekin u qachon AQShga kela olishi haqida hech qanday ma’lumot yo’q.
2021-yilning avgustida AQSh va ittifoqchi davlatlar 124 mingdan ziyod odamni Kobul aeroporti orqali evakuatsiya qilgan. Yana o’n minglab afg’onlar mamlakatni tark etish yo’llarini izlamoqda.
Facebook Forum