Breaking News

Texasdagi afg’on qochqinlar: Yetarli yordam olmadik


AQShda joylashayotgan afg’on qochqinlar dardi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:07 0:00

Minglab afg’on qochqinlar AQSh shaharlarida joylashtirilar ekan, mahalliy agentliklar ularga ko’mak yetkazishga ulgurmayapti. Texas shtatidagi ayrim oilalar bilan suhbatlashdik.

Ismoil Purdali Afg’onistonda bir necha yil AQSh harbiylari bilan ishlagan. 2014-yilda Tolibon uni qo’lidan yaralagan, 2016-yilgi portlashda oyog’idan ayrilgan. 2021-yilning avgustida u 75 ming afg’on qatorida AQShga olib kelindi.

“AQSh askarlari bilan ishlayotganda ikki marta yaralanganman. Ular menga Amerikaga borsang moliyaviy yordam olasan, hukumat ko’mak beradi deyishgandi”, - deydi u.

Purdali bir necha oydan beri Texasning Ostin shahrida yashayapti. Protez oyog’i bilan ko’p yura olmaydi. Yangi hayot boshlash, ish topish, oziq-ovqat kuponlarini olish uchun, deydi u, hujjatlar kerak. Masalan, ijtimoiy xavfsizlik raqami.

Qochqinlar uchun ingliz tili darslari tashkil qilish, ularga jamoat transportidan foydalanishni o’rgatish ham va’da qilingan. Purdali qatorida “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan yana ikki afg’on oila bu va’dalar bajarilmaganini ta’kidlaydi.

Purdali yordam olish uchun belgilangan agentlikka, Texas Qochqinlar xizmatiga telefon qilib tusholmayapti.

“Agentlikda biz bilan ishlaydigan xodim tayinlanmagan”, - deydi u.

Hozirda AQSh bo’ylab afg’on qochqinlarining bir qismi harbiy bazalarda yashamoqda, bir qismi esa uylarga joylashtirilgan. Ammo o’tgan yilning kuzidan buyon qochqinlar soni keskin ko’paygani bois mahalliy agentliklar ularning barcha ehtiyojlarini qondirishga ulgurmayapti. Mavjud tizim bunga tayyormi edimi, degan savollar tug’ilmoqda.

Ostinda asoslangan Texas Qochqinlar xizmati rahbari Rassel Smit aynan “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qochqinlarning ishi bilan tanish emasligi, ammo ish bisyor ekanini qayd etadi.

“Joriy moliyaviy yilning dastlabki uch oyida qochqinlar ikki baravar ko’paydi. Ayrimlari e’tiborsiz qolayotganidan afsusdaman. Imkon boricha tezroq xodimlarni yollayapmiz”, - deydi Smit.

Jorjtaun universitetida migratsiya bo’yicha ekspert Elizabet Ferrisning aytishicha, AQShning qochqinlarni joylashtirish infratuzilmasi Tramp prezidentligi davrida ishdan chiqqan. Asosiy sabab – mablag’ kamaygani.

“Bir paytning o’zida qochqinlar ko’paydi. Ularni harbiy bazalardan tezroq shaharlarga, uylarga ko’chirishga harakat qilinmoqda. Mahalliy tashkilotlar ham, qochqinlar ham stress holatida”, - deydi u.

Yordam olmagan qochqin oilalarga zudlik bilan e’tibor zarur, deydi Ferris.

“Mahalliy tashkilotning resurslari bo’lmasa, boshqa bir chorasini ko’rishi lozim. Toki yangi kelgan qochqinlar bunday ahvolga tushmasin”, - deydi professor.

Fazlulla Muhammadiy xotini va 10 farzandi bilan AQShga kelgan. U ham Texasdagi sharoitdan noliydi.

“Mana shu uyda 12 kishi turibmiz. Hayvon emasmiz axir. Inson huquqlari hamma uchun bir bo’lishi kerak”, - deydi u.

Oyiga 2300 dollarlik uyni ijaraga olganim sababli, deydi Muhammadiy, boshqalar olayotgan oylik to’lovlarni menga berishmayapti. U har oy oziq-ovqat talonlari oladi, shuningdek, Afg’onistonda AQSh harbiylari bilan ishlagan paytda yig’gan puliga yashamoqda.

Muhammadiy uyning egasi kimligini, kommunal xizmatlar uchun qachon to’lash kerakligini bilmaydi.

Texas Qochqinlar xizmati bu da’volarni inkor etib, barcha oilalarga bir necha martalab yordam puli uzatilganini qayd etdi.

Agentlik oxirgi to’rt oyda 800 afg’on oilani joylashtirishga ko’maklashgan. Ammo ingliz tili darslari hamda transportdan foydalanishni o’rgatish bo’yicha xizmatlar kechikayotganini tan oladi.

Demetrio Alvero Yepiskop migratsiya tarmog’ini boshqaradi. Federal hukumatdan pul olib, uni Texas Qochqinlar xizmati kabi bo’limlari orqali qochqinlarga tarqatadi.

“Alohida oilalarga tarqatish uchun ancha pul ajratilgan. Siz tasvirlayotgan muammolar filiallarimiz faoliyatiga xos emas. Tekshirib ko’rishimizga to’g’ri keladi”, - deydi u.

Fazlulla Muhammadiy ham aynan shuni so’ramoqda.

“AQSh hukumatidan iltimosim, tashkilotlarga pul berayotgan bo’lsangiz, bu pul nimaga sarflanayotganini kuzatib boring, hisobdorlik bo’lsin. Nimalar bo’layotganini bilishsin”, - deydi u.

Bu orada, yana 20 ming afg’on harbiy bazalardan shaharlarga ko’chirilishini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG