Breaking News

Media tashkilotlar, BMT Tolibonni jurnalistlarni hisbsga olishni bas qilishga chaqirmoqda


Afg’onistondagi media tashkilotlar va BMT Tolibonni jurnalistlarni o’zboshimchalik bilan hibsga olish holatlariga chek qo’yishni talab qilmoqda.

Afg’oniston jurnalistlar xavfsizligi qo’mitasinining bildirishicha, uning G’or viloyatidagi vakili G’ulom Rabboniy Hadafmand va yana bir mahalliy jurnalist hibsga olingan. Jurnalist ikki soatdandan keyin qo’yib yuborilgan, Hadafmand esa hamon hibsda.

BMTning Afg’onistondagi missiyasi (UNAMA) bayonotiga ko’ra, Tolibon tomonidan jurnalistlar va media xodimlarining o’zboshimchalik bilan, hech kimga xabar bermasdan hibsga olinishi tinimsiz davom etyapti. UNAMA toliblarni “ommaviy axborot vositalarini qo’rqitishni” bas qilishga chaqirmoqda.

Missiyaning bildirishicha, jurnalist Bismillo Vatando’stni toliblar 10 kun hibsda saqlab, keyin ozod etgan. U va yana besh jurnalist 28-mart kuni Qandahorda to’rt radiostansiyada o’tkazilgan reyd ketidan hibsga olingan edi.

Xost viloyatidagi radiostansiya boshqaruvchisi Zohir Shoh Angarning aytishicha, zo’ravonlik va hibslar jurnalistlar ishini yanada qiyinlashtirmoqda.

“Albatta, bu jurnalistlar faoliyatiga ta’sir qiladi, qo’rquv uyg’otadi”, - deydi u.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid, deydi Angar, OAV vakillari bilan uchrashuvlarda toliblar so’z erkinligini hurmat qilishini, jurnalistlar hibsga olinmasligini qayta-qayta takrorlagan.

“Muvaqqat hukumat [Tolibon] so’zida turadi, deb umid qilamiz. Aks holda, mustaqil matbuot mamlakatda ishlay olmaydi”, - deydi u.

Jurnalistlar xalqaro federatsiyasi Afg’onistonda OAVga tazyiq kuchayganini qayd etadi. 26-28 mart kunlari kamida 8 media xodimi hibsga olingan, ikki radio yopilgan. Federatsiya Tolibonni “hibsdagilarni zudlik bilan ozod etishga, yangi cheklovlardan ziyon ko’rgan barcha kanallar va tashkilotlar faoliyatini tiklashga chaqiradi”.

Afg’oniston jurnalistlar federatsiyasi ma’lumotiga ko’ra, mart oyida mamlakat bo’ylab jami 21 jurnalist hibsga olingan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ham Afg’onistonda jurnalistlarga nisbatan “tahdidlar, so’roqqa chaqiruvlar va o’zboshimcha hibsga olishlar” ko’payganini ma’lum qildi. Tashkilotga ko’ra, Tolibon razvedkasi hamda Saxovatni targ’ib qilish va illatlarni yo’qotish vazirligi ta’qiblarga bevosita aloqador.

Afg’oniston advokatlar ittifoqi raisining sobiq muovini Abdul Subhon Misbahning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, jurnalistlarning hibsga olinishi noqonuniydir.

“Jurnalistlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, bu bilan shug’ullanuvchi OAV komissiyasi mavjud. Agar holat komissiya tomonidan ko’rib chiqilmasa, sudga yuboriladi. Hibslar qonunni buzish demakdir”, - deydi Misbah.

Uning ta’kidlashicha, so’nggi 20 yildagi asosiy yutuqlaridan biri, so’z erkinligi tahdid ostida.

Yanvar oyida bo’lib o’tgan anjumanda mahalliy radio egalari Tolibondan erkinlikni kafolatlashni, OAVga doir qonun bo’yicha o’z pozitsiyasini aniqlashtirib berishni so’ragan edi.

2021-yilning avgustida hokimiyatni qo’lga kiritgan Tolibon Afg’onistonda OAV “erkin va mustaqil” bo’ladi, deya va’da bergan edi, biroq mustaqil OAVga bosim kuchaygani kuzatilmoqda.

Jurnalistlar xalqaro federatsiyasining noyabr oyidagi bayonotiga ko’ra, Tolibon boshqaruvining dastlabki uch oyida kamida yetti jurnalist o’ldirilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti 2021-yilning dekabrida o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra esa Afg’onistonda avgustdan beri OAVning qariyb 40 foizi yopilgan, jurnalistlar va media xodimlarining 60 foizi ishsiz qolgan, jumladan ayol jurnalistlarning 80 foizi.

Tolibon, shuningdek, “Amerika Ovozi”, “BBC” va “Doyche Velle” axborot dasturlarini efirga uzatishni taqiqlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG