Breaking News

Bayden Yaqin Sharqqa nega bormoqchi?


Jo Bayden
Jo Bayden

Jo Bayden kelasi oy AQSh prezidenti sifatida ilk bor Yaqin Sharqqa safar qiladi. Oq uyga ko’ra, u Isroil va Saudiya Arabistonida bo’ladi. Qizig’i shundaki, Amerika prezidenti ilk bor Isroildan to’g’ridan-to’g’ri bu mamlakatni tan olmaydigan arab davlatiga uchadi.

Prezident Bayden so’nggi kunlarda diplomatik sahnada faollik ko’rsatmoqda. Kaliforniyada Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarida joylashgan davlatlar rahbarlari bilan muloqotidan so’ng iyun oxirida Germaniyada “Katta Yettilik” sammiti hamda Ispaniyada NATO majlisida qatnashadi. Iyul o’rtalarida esa Bayden Isroil, G’arbiy Sohil va Saudiya Arabistonida bo’lib, Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etadi.

“Safarim Isroil milliy xavfsizligi bilan bog’liq. Bu borada bir rejam bor. Yoqilg’i narxlarini muhokama qilishdan kattaroq masalalar haqida gaplashamiz”, - dedi Bayden.

AQSh-Saudiya aloqalari sobiq prezident Donald Tramp paytida ancha yaqin bo’lgan, biroq qirollikni “moxov davlat” deb atagan Bayden Oq uyga kelishi bilan munosabatlar sovuqlashdi.

Bunga 2018-yil oktabrida jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limi sabab bo’ldi. AQSh razvedkasiga ko’ra, muxbirni o’ldirishga Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgan.

Biroq Amerikada inflyatsiya kuchayib, yoqilg’ining qimmatlashishi Amerika prezidentini Yaqin Sharqqa borishga majburlamoqda.

“Safar chog’ida Yaman, Eron, [mintaqa davlatlarining] Isroil bilan aloqalarni normallashtirish, neft ishlab chiqarishni oshirish, yashil energiya, unga o’tish va saudiyaliklarning ushbu jarayondagi roli, iqtisodiy taraqqiyot va hamkorliklar, Saudiya Arabistonida ayollar rolining oshishi haqida gap ketadi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Jon Alterman.

Isroildan Bayden to’ppa-to’g’ri Saudiya Arabistoniga uchadi. Trampning 2017-yilda Isroil bilan diplomatik aloqasi yo’q Riyoddan Tel-Avivga uchgani kabi bu ham tarixiy parvoz bo’ladi.

Tramp ma’muriyati tashabbusi bilan Isroilning mintaqadagi arab davlatlari bilan aloqani o’rnatishga qaratilgan siyosatini Bayden davom ettirishga qaror qildi.

“Hozirgi bosqichda olamshumul kelishuv bo’lishini kutmagan bo’lardim. Eshitishimcha, saudiyaliklar Falastin masalasida olg’a siljish yo’qligidan, Quddus kabi joylarda davom etayotgan beqarorlikdan o’ta norozi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Brayan Katulis.

Isroil bilan munosabatlarni yo’lga qo’yishdan oldin qirollik Isroil-Falastin tinchlik muzokaralaridan natija chiqishini kutyapti, biroq hozirgi vaziyatda hamda yaqinda G’arbiy Sohilda falastinlik-amerikalik muxbirning Isroil askarlari tomonidan o’ldirilishi ketidan tinchlikka umidlanmasa ham bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG