Breaking News

Bayden kelasi oy Saudiya Arabistoni va Isroilga safar qilishi mumkin


Baydenning jurnalist Qoshiqchining o'limida saudiya valiahd shahzodasini ayblashi ikki tomonlama aloqalarning sovuqlashishiga sabab bo'ldi
Baydenning jurnalist Qoshiqchining o'limida saudiya valiahd shahzodasini ayblashi ikki tomonlama aloqalarning sovuqlashishiga sabab bo'ldi

AQSh rahbari Isroil va Saudiya Arabistoniga safar qilishi mumkinligi haqida og’iz ochdi. Jo Bayden yo’lga kelasi oy chiqishi mumkin. Oq uy ayni damda tashkiliy masalalar bilan shug’ullanmoqda.

Xalqaro hayot - 7-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:56 0:00

“Yaqin Sharqni barqarorroq va tinchroq qilish yo’llari ustida ishlayapmiz. Isroil va ayrim arab mamlakatlari rahbarlari bilan muloqot uchun mintaqaga safar qilish ehtimolim bor. Safar tashkil etilsa, Saudiya Arabistoniga boraman, ammo shu on bunday reja yo’q”, - dedi Bayden.

Qo’shma Shtatlar qirollik bilan o’nlab yillar davomida yaqin aloqada bo’lgan. Biroq Jo Bayden bu mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni ochiq tanqid qilib keldi, jumladan valiahd shahzoda jinoyatlarini.

“Jo Bayden prezidentlikka nomzod bo’lgan paytda shahzoda Muhammad bin Salmonni bir necha yil oldin Istanbulda Jamol Qoshiqchining o’limini rejalashga aloqasi uchun qattiq tanqid qilgan. U o’sha paytda Saudiya Arabistoniga moxov davlat sifatida muomala qilishini aytgan edi”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Bryus Ridel.

AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, saudiyalik muxbirni diplomatik vakolatxona binosida o’ldirib chavaqlash rejasida valiahd shahzodaning qo’li bo’lgan, biroq bin Salmonning o’zi bu da’volarni inkor etadi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, so’nggi 16 oyda ikki mamlakat aloqalari ancha yaxshilangan.

“Munosabatlar barqarorlashmoqda. Manfaatlarimizni ilgarilashga, himoya qilish va targ’ib qilishga imkon beruvchi aloqalar”, - dedi rasmiy.

Tahlilchi Ridelning aytishicha, Prezident Bayden Yamandagi urushga, ochlik, azob-uqubatlarga barham berishni ustuvor vazifa deb belgilagan.

“Saudiya Arabistoni bilan muloqotimizda ushbu jarayonni siyosiy kelishuvgacha, urushni tugatishgacha yetkazishda davom etishdan muhimroq masala yo’q. Prezident amaldagi sulhni saqlab qololsa va mojaroga siyosiy yechim topilishigacha olib borolsa, o’n minglab odamlar hayotini saqlab qolgan bo’ladi”, - deydi siyosatshunos.

Bayden Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni yaxshilay olsa, neft ishlab chiqarishni oshirishga da’vat etib, Amerikada yoqilg’i narxlarini tushirishga muvaffaq bo’ladi, deydi kuzatuvchilar.

“Bir barrel neft narxi yuqori bo’lib turgan bir paytda prezident Saudiya Arabistoniga global talabga javob berish uchun neft ishlab chiqarishni oshirishni so’rash uchun boradi”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Jonatan Kats.

Biroq kuzatuvchilar nazarida, G’arb sanksiyalari natijasida rus nefti eksporti kamaygan bir paytda Saudiya Arabistoni narxni yolg’iz ozi tushira olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG