Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining payshanba kuni chop etilgan yangi yillik hisobotiga ko’ra, 2021-yilda o’nlab mamlakatlarda davlat to’ntarishlari va muxolif kuchlarga qarshi zug’umlar sodir etilganiga qaramay, dunyo bo’ylab demokratik o’zgarishlar tomon siljish bor.
O’tgan yil fevralida harbiylar Myanmada demokratik ravishda saylangan hukumatni ag’darib, mamlakat prezidenti va davlat maslahatchisini qamoqqa tashladi.
Nikaraguada noyabrdagi saylovdan oldin muxolifat a’zolari xiyonatda ayblanib hibsga olinishi ketidan Prezident Daniel Ortega hokimiyatini yanada kuchaytirdi.
Ugandada esa xavfsizlik kuchlari muxolifat tarafdorlari va jurnalistlarni kaltaklashi, namoyishchilarni o’ldirishi, muxolifat namoyishlarini izdan chiqarishi ketidan 2021-yil yanvarida Prezident Yoveri Museveni qayta saylandi.
“Chetdan qarasa, avtokratlar hokimiyati kuchayayotganday, demokratik rahbarlar esa zaiflashayotgandek ko’rinishi mumkin, biroq so’nggi bir yilga nazar tashlaganda bunday qarashlarning o’ta sun’iyligiga va soddalashtirilganiga guvohmiz”, - deydi “Human Rights Watch” ijrochi direktori Kennet Rot.
Unga ko’ra, ko’p joylarda demokratik qarshilik alomatlarini ko’rsa bo’ladi.
“Avtokratlarga qarshi xalqning demokratik namoyishlari. Buni Tailand, Myanma, Sudan, Uganda, Nikaragua, Kuba, Polsha va ko’plab boshqa joylarda ko’rdik. Inson huquqlari va demokratiya uchun, avtokratik boshqaruvga qarshi namoyishlar”, - deydi mutaxassis.
Biroq demokratik o’zgarishlar va inson huquqlari uchun kurash talafotsiz kechmayapti. O’n minglab odam qamalgan, kaltaklangan yoki o’ldirilgan. Rossiyada asab gazi bilan zaharlanishdan omon qolgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqda hozir. Xitoyda ham minglab demokratik faollar qamalgan.
“Hokimiyatni kuch bilan ushlab turish qisqa muddatli strategiyadir. Agar salkam bir yil oldin harbiy to’ntarish sodir etilgan Myanmaga qaraydigan bo’lsak, xunta kuch qo’llashdan boshqasiga yaramayapti. Butun mamlakat ularga qarshi”, - deydi Kennet Rot.
Hisobotda aytilishicha, nisbatan erkin saylov mavjud mamlakatlarda muxolif siyosatchilar va elektorat bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.
“Keng siyosiy koalitsiyalar va ittifoqlarni ko’ryapmiz. Ana shunday koalitsiyalar tufayli Chexiyada Bosh vazir Babish ketdi, Isroilda Netanyaxudan qutulishdi, Amerikada Jo Bayden saylandi, bugun Vengriya va Turkiyada Bosh vazir Orban va Prezident Erdog’an ularning hokimiyatini savol ostiga qo’yayotgan ana shunday keng koalitsiyalar bilan yuzlashmoqda”, - deydi “Human Rights Watch” rahbari.
Tashkilotning bildirishicha, demokratik mamlakatlardagi rahbarlar Saudiya Arabistoni va Misr kabi avtokratik rejimlarni qo’llab-quvvatlashni bas qilishi, qashshoqlik, COVID-19 va iqlim o’zgarishi kabi muammolarga qarshi kurashda faol bo’lishi kerak.
Facebook Forum