Breaking News

HRW: O'zbekiston endi inson huquqlari bo'yicha xalqaro sahnada namuna bo'lishi kerak


Ulug'bek Lapasov, O'zbekistonning Jenevadagi bosh diplomati
Ulug'bek Lapasov, O'zbekistonning Jenevadagi bosh diplomati

O'zbekistonning Jenevada BMT organlaridagi bosh diplomati Ulug'bek Lapasov 2022-yildan boshlab BMT Inson huquqlari kengashining rais o'rinbosari bo'ladi.

Noyabr oyida bu lavozimga saylanganida Lapasov O'zbekiston bu kengashga o'ta muhim organ sifatida qaraydi va inson huquqlari hamda erkinliklarini o'zida va dunyo bo'ylab himoya qiladi, deya ta'kidlagan.

Buni amalda ko'rish kerak, deydi "Human Rights Watch" (HRW), huquq bo'yicha yetakchi xalqaro tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo idorasi direktori Hyu Uilliamson. Yangi lavozim va O'zbekistonning 2021-yildan bu kengashga a'zoligi xo'jako'rsinga bo'lmasligi lozim, deya eslatmoqda ekspert.


Uilliamson O'zbekiston hamon avtoritar boshqaruvga asoslangan tuzum ekaniga urg'u berib, tashqi dunyoning qator tavsiyalari inobatga olinmayotganini qayd etadi. Jumladan, e'tiqod erkinligi, siyosiy erkinliklar va fuqaro jamiyatini rivojlantirish bilan bog'liq maslahat va ko'rsatmalar, deydi HRW vakili.

Biroq tashkilot O'zbekiston o'tgan besh yilda BMT bilan hamkorlikni kengaytirib, uning maxsus vakillarini qabul qilib, xulosa va hisobotlarini muhokama qilayotganini ijobiy o'zgarish deb biladi.

HRW kuzatishicha, BMT Inson huquqlari kengashida Shri Lanka, Eron va Yamandagi huquqbuzarliklarga qarshi choralar ko'rish masalasi ovozga qo'yilganida O'zbekiston o'zini olib qochgan va a'zo sifatida o'zini irodasiz taraf sifatida ko'rsatgan.

O'zbekiston diplomati endilikda kengash rahbarlaridan biri ekan, huquq uchun qanchalik qayg'urishini amalda isbotlashi, xalqaro me'yorlarni hurmat qilishini ko'rsatishi kerak, deydi Uilliamson.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-dekabrda Konstitutsiya kuni bilan O'zbekiston xalqini tabriklar ekan, jumladan shunday dedi:

"Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz".


Mirziyoyevga ko'ra, hukumat konstitutsiyada muhrlangan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq va shu yo‘lda harakat qiladi.

"Avvalo, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi", - deydi Mirziyoyev.

Prezident deydki, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik kengayib bormoqda. "Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda", - deydi Mirziyoyev.

HRW singari tashkilotlar nazarida O'zbekiston avvalo ichkaridan real o'zgarishi, fuqaro huquqlari chindan hurmat qilinishi, erkinlik kengaygani har sohada bilinishi lozim. Shundagina, deydi Uilliamson, O'zbekiston xalqaro ishonchga ega bo'ladi.

Konstitutsiya kuni arafasida prezident farmoniga ko'ra, 182 mahkum muddatidan oldin ozod qilingan. Ular, rasmiy ma'lumotlarda bayon etilishicha, "bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG