Breaking News

Ukraina: San’at ham qurol, ham ilhom, ham terapiya vositasi


"Urushning yuzi" deya nomlangan portret 5000 ta patrondan yaratilgan
"Urushning yuzi" deya nomlangan portret 5000 ta patrondan yaratilgan

Ukrainada urush to’rtinchi oy davom etayotgan bo’lsa-da, mahalliy ijodkorlar ishdan to’xtagani yo’q. San’at odamlarga kuch va ilhom beradi, ayniqsa urush paytida, deydi ular.

Vitaliy Ruppelt Lvov shahridagi tor kvartirasida grafik asar ustida ishlamoqda. San’at – bu qurol, deb hisoblaydi u. Ruppelt o’zining sevimli dizayneri, ukrainalik qo’zg’olonchilar safida bo’lgan va 1952-yilda halok bo’lgan Nil Xasevich izidan bormoqda.

“Tarix takrorlanyapti. 40-50 yillardagi ozodlik uchun kurash mana bugun yana ro’y berayapti. Bosqinning uchinchi kunida ijodga kirishdim”, - deydi u.

San’atini qurol qilgan ukrainalik rassomlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:25 0:00

Ruppeltning harbiy mavzudagi plakatlari Lvov san’at markazi direktori Lyana Mytsko yordamida dunyo bo’ylab tarqatilmoqda.

“Bu asarlar boshqa shaharlarga jo’natilyapti. Ba’zida gumanitar yordam bilan, ba’zida jurnalistlar orqali. Odatda ularga namunalar beramiz. Bu reaksion san’at turi”, - deydi Mytsko.

San’at markazining bir qismi ta’mirdan o’tmoqda. Binoning katta bir bo’lagi urushdan qochgan bolalar va oilalar uchun boshpana vazifasini o’tayapti.
“Yosh bolalar o’z hayotlarida sodir bo’layotgan yovuzlikka qarshi terapiya sifatida ajoyib buyumlar yaratmoqda. Judayam ta’sirchan”, - deydi Vanessa Brenson.

Britaniyalik san’at asarlari kuratori Ukrainaning Bucha va Gostomel shaharlariga tashrif buyurdi. Marokash festivali asoschisi va milliarder tadbirkor Richard Brensonning singlisi urushdan, xarobalar orasidan yangi Ukraina tug’ilishini aytadi.

“Muzeylar va cherkovlar, ukrainlar o’zligini his qilishi uchun xizmat qiladigan har qanday madaniy obyektlar bosqinda vayron qilinyapti. Bir tomondan, halokatli kuch kirib kelib, hamma narsani yer bilan yakson qilayapti. Boshqa tomondan, odamlar himoya sifatida yaratuvchilik, ijod bilan band. Hech qachon madaniyat bu qadar muhim, hayotbaxsh bo’lmagan”, - deydi Brenson.

Bu Lvovga tushgan Rossiya raketalarining parchalari. Ko’ngillilar va rassomlar ularni bo’yab, auksionga qo’yishdi. Ukraina armiyasi ehtiyojlariga mablag’ to’plash uchun.

“Urushning dastlabki kunlari va haftalarida xayriya tez-tez tushib turar edi. Bugun esa mablag’ jalb qilishning boshqa, kreativ usullarini o’ylab topishimiz lozim. Raketaning mana bu bo’lagida Avliyo Jorj suratini tushirdik”, - deydi auksion tashkilotchisi Tatyana Turchina.

“Bu shunchaki deformatsiyalangan metall bo’lagi emas, agressorning raketasi. Unga tegish ham qo’rqinchli edi. O’z g’oyamni yetkazmoqchi bo’ldim, mana shu yovuzlikni qoplash orqali. MiG-29 reaktiv samolyotimizni chizdim, rus bayrog’i ranglaridagi tikanli simni yorib o’tayotgan samolyotni”, - deydi yosh rassom.

Bu san’atkorlar Ukraina madaniyatini saqlab qolishga harakat qilar ekan, Madaniyat vazirligining bildirishicha, Rossiya kuchlari 30 dan ortiq muzey va qo’riqxonalarni, 116 ta yodgorlikni va 130 dan ortiq cherkovlarni vayron qilgan yoki zarar keltirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG