Breaking News

O'zbekistonning Yevrosiyo ittifoqi bilan hamkorligi qanday ketmoqda?


O’zbekiston dastlab Jahon savdo tashkilotiga qo’shiladimi yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiradimi, hozircha bunoma’lum; ammo har ikki yo’nalishda tayyorgarlik davom etyapti, deydi rasmiylar.

Shu hafta O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Belarusda, Senat raisi Tanzilla Norboyeva AQShda O’zbekistoning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi yuzasidan muhokamalar o'tkazdi.

Norboyevaning AQSh savdo vakili o’rinbosari Kristofer Uilson bilan uchrashuvida savdo va investitsiyalar bo’yicha hamkorlik, O’zbekistoning Jahon savdo tashkilotiga qo’shilishi jarayoniga doir muzokaralar haqida gaplashilgan. Kiristofer Uilson AQSh bu masalada O’zbekistonni to’liq qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston kuzatuvchi maqomida bo’lgan yana bir xalqaro tashkilot Yevrosiyo ittifoqi bilan hamkorlik Bosh vazir Abdulla Aripovning Minskdagi uchrashuvida muhokama qilingan.

Bu ittifoq a’zolarining hukumat rahbarlari darajasida o’tgan yig’inida dunyodagi og’ir iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilingan. Tashkilot doirasida savdo, transport, import o’rini bosuvchi mahsulotlarga doir bitimlar imzolangan.

O’zbekiston tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomida, biror huquqiy majburiyatlarga ega emas, a’zolik masalasi manfaatli hamkorlik istiqbolidan kelib chiqishi bildirilgan.

Belarus matbuotida Bosh vazir o’rinbosari Jamshid Qo’chqorovning O’zbekiston Yevrosiyo ittifoqi bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligi haqidagi fikrlaridan iqtibos keltiriladi.

Ammo O’zbekistonda, jamoatchilik, ekspertlar doirasida bu tashkilotga nisbatan tanqidiy qarashlar kuchli. Ayniqsa, Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’izistondan iborat bu iqtisodiy ittifoqda Rossiyaning ulushi, nufuzi o’ta yirikligi, tashkilotga qo’shilgan mintaqa davlatlaridagi kayfiyat inobatga olinsa.

Hozircha O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishiga doir to’xtamli qaror yo’q, hukumat bu borada tadqiqotlar o’tkazilayotganini bildirgan.

Ekspertlar, jumladan, AQSh savdo tashkiloti rasmiylari ham avvalroq O’zbekiston uchun Yevrosiyo ittifoqi emas, avvalo, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lish manfaatli bo’lishini ta’kidlashgan edi.

Belarusdagi hukumat rahbarlari darajasidagi majlis tashkilotning ikki yirik a’zosi Rossiya va Qozog’iston o’rtasida taranglik kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Prezident To’qayev Qozog’iston Ukrainaning ayirmachi hududlari Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olmasligi haqida bayonot berishi ortidan ikki o’rtadagi iqtisodiy munosabatlarda ziddiyatlar yuzaga chiqa boshladi.

Rossiya Qozog’iston neftini o’z quvurlari orqali o’tkazilishini, Novorossiya porti orqali yuklanishini chekladi. Bu port havzasida ikki jahon urushi davridan qolgan bombalar, portlovchi moddalar aniqlangani, ularni zararsizlantirish bir oy atrofida vaqt olishi bilan izohlanyapti.

Qozog’iston Rossiya quvurlari, porti orqali o’z neftini asosan Yevropa davlatlariga eksport qilib kelayotgan edi. Qozog’iston tomoni bu taqiqni javobsiz qoldirmagan. Ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiya ko’miriga nisbatan cheklovlar o’rnatilmoqda.

Qozog’iston Yevrosiyo ittifoqining eng faol a’zosi; tashkilotga sobiq prezident Nazarboyev tashabbusi ortidan asos solingan edi.

Ammo ittifoq doirasidagi hamkorlik, ayniqsa, so’ngi vaziyat qozoq jamoatchiligida tanqidiy qarashlarni jiddiy kuchaytirgan. Qozog’iston hukumatidan tashkilotni tark etishni talab qilayotgan faollar ham ko’p.

Qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiq Qozog’istonning nafaqat Yevrosiyo ittifoqidan, balki Kollektiv xavfsizlik shartnomasidan ham chiqishini talab qilib kelayotgan faollardan biri.

“Yevrosiyo ittifoqi tashabbuschisi afsuski Nazarboyev, ammo tashkilot Rossiya boshqaruvida, Qozog’iston a’zo bo’lgan harbiy ittfoqda ham shu. Bu tashkilotlar Rossiya iqtisodi, siyosatini muhofaza qilishi ortiqcha izohga muhtoj emas. Qozog’istonliklar na iqtisodiy, na harbiy ittifoqdan biror foyda ko’rishdi, aksincha turli cheklovlar shu tashkilotlar vositasida ham amalga oshirilmoqda. To’qayev ham bu borada Nazarboyev yo’lini davom ettiradi, qolaversa yaqinda rus matbuotiga bergan intervyusida Qozog’iston har ikki ittfoqni ham tark etmasligini aytdi. Jamoatchilikda esa bu tashkilotlarga, ayniqsa, xalq namoyishini bostirishda qatnashgan Kollektiv xavfsizligi shartnomasiga nisbatan norozilik juda kuchli. Rossiya bilan sheriklikka intilayotgan mintaqa davlatlari, jumladan, O’zbekiston ham Qozog’iston misolidan saboq chiqarishi kerak ”, - deb hisoblaydi Aydos Sodiq.

Yevrosiyo iqtisodiy ittfoqi ustuni bo’lgan Rossiya Ukrainaga urush ochishi ortidan sanksiyalar ostida qoldi. AQSh, Yevropa Ittifoqi tomonidan qo’yilgan sanksiyalar Rossiyaning ittifoqchilariga ham jiddiy ta’sir ko’rsatmoqda. Yevrosiyo ittifoqini Belarusda o’tgan majlisida sanksiyalar sharoitidagi hamkorlik muhokama qilingan, ittifoqdagi aksariyat davlatlar, jumladan, Qozog’iston Rossiya bilan hamkorlik sanksiyalar tartibi buzilmasdan davom etishi mumkinligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG