O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev bugun Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi video anjumanida qatnashib, respublika hozircha kuzatuvchi maqomidagi bu blokni o'z davlati va a'zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etishga va sertifikatlashtirishni o‘zaro tan olishga chaqirgan.
"Bu tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirishga xizmat qiladi", - degan Mirziyoyev.
Uning ta'kidlashicha, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish - eng dolzarb vazifa. Toshkent agro-hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qilgan.
Toshkentga ko'ra, O‘zbekistonning blok a'zolari bilan savdo hajmi 2021-yilda 30 foizga, joriy yilda esa 33 foizga oshgan.
Mirziyoyev muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish, janub va sharq yo‘nalishidagi tranzitni mustahkamlash zarurligini aytgan. U, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga olib chiqishi ko'zlangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘lini barpo etishni tezlashtirishga undagan.
Termiz shahridan Pokistonning Peshovar shahri tomon transafg‘on temir yo‘lini qurish xususida ham gap ketgan.
Mirziyoyevga ko'ra, blok turizm rivojiga ko'proq e'tibor berishi kerak. O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kompaniyalari ishtirokida maxsus forum o‘tkazish kerak deb hisoblaydi.
Video anjumanga Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov raislik qilgan. Ayni damda Bishkek bu blokka bosh-qosh. Yig'inda a'zo davlatlarning rahbarlari, Rossiyadan Vladimir Putin, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘istondan Qosim-Jo'mart To'qaev, Armanistondan Nikol Pashinyan qatnashgan. Kuzatuvchilardan esa Mirziyoyev va Kuba rahbari Migel Bermudes.
Facebook Forum