Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) tashqi ishlar vazirlarining Dushanbedagi yig’ilishida qilgan bayonotiga ko’ra, AQSh va Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlarini Rossiya bilan hamkorlikni to’xtatishga chaqirmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarini turli darajadagi muloqotlarga taklif etayotgan AQSh, deydi Lavrov, aynan shu maqsadni olg’a surmoqda.
Tojikiston matbuotida Lavrovdan keltirilgan iqtibosga ko’ra, AQSh mintaqa davlatlariga quyidagicha murojaat qilmoqda: “Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishni o’ylamang, umuman hozir Rossiya vayron qilingan davlat, hamkorlikda bizga suyaning”.
Ukrainaga urush ochishi ortidan keng qamrovli sanksiyalarga tutilgan, xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qolgan Rossiya ayni paytda ittifoqchilarga, hech bo’lmaganda bu urushga nisbatan betaraflikni saqlab qolayotgan davlatlarga o’ta muhtoj.
Markaziy Osiyo respublikalari urushga nisbatan rasman betaraflikni saqlab qolayotgan aynan shunday davlatlar safiga kiradi.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarini surishtirish masalasi yaqinda BMTda ovozga qo’yilishi ham buni tasdiqladi. Mintaqa davlatlarining hech biri surishtiruvni yoqlamadi, ayrimlari ovoz berish jarayonida qatnashmadi.
Dushanbedagi uchrashuvda O’zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vaziri lavozimini bajaruvchi Vladimir Norov ishtirok etgan.
Toshkent tomonidan MDH tashqi ishlar vazirlari uchrashuviga doir tarqatilgan xabarda Ukraina tilga olinmaydi, ammo “yig‘ilish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi jahonda ro‘y berayotgan voqealar va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlarning jadalligi Hamdo‘stlikni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini” ta’kidlagani qayd etiladi.
O’zbekiston Ukrainadagi urush bo’yicha rasman betaraf, ammo Vladimir Norovning Tashqi ishlar vazirligi rahbarligiga kelishi aynan Ukraina masalasi bilan, sobiq vazir Abdulaziz Komilovning Lugansk va Donetsk maqomi tan olinmasligi haqida bergan bayonoti bilan bog’liq ko’riladi.
Abdulaziz Komilovning iste’fosi, ayniqsa bu iste’fo Ukraina bo’yicha berilgan bayonot ortidan kuzatilishi o’zbek jamoatchiligida jiddiy muhokamaga sabab bo’ldi. Rasman esa Komilovning lavozimdan ketishi uning salomatligi yomonlashgani bilan bog’liq.
Rossiya dunyo bo’ylab, xususan, AQSh tomonidan o’ta kuchli sanksiyalarga uchrashi ortidan Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston bilan ham hamkorlikni kuchaytirmoqda. Ta’kidlanishicha, bu hamkorlik mavjud sanksiyalarni aylanib o’tishni ham nazarda tutadi.
Ammo ekspertlar bu sanksiyalarni aylanib o’tish Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirayotgan davlatlar, xususan O’zbekiston uchun ham izsiz ketmasligidan ogohlantirishmoqda.
Ukraina urushi ortidan Rossiya-O’zbekiston hamkorligiga doir vaziyatni kuzatib kelayotgan ekspert Safar Bekjon fikricha, Toshkent pozitsiyasi haqiqatda betaraflikdan darak emas. Hukumat, o’zbek elitasi va biznesi sanksiyalarga qaramasdan Rossiya bilan hamkorlikdan voz kechmaydi.
“Rossiya, xususan, Kreml bilan aloqalar mustahkamligi markaziy hukumat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. O’zbekiston rasman betaraf, ammo bizdagi ma’lumotlar o’zbek hukumati Ukrainadagi urush davomida Rossiyaga bilvosita ko’mak ko’rsatishga ham tayyorligi, har holda shunday muzokaralar bo’lib o’tganidan darak beradi. Iqtisod, biznesga doir hamkorlik masalasida esa Rossiya O’zbekiston orqali bu sanksiyalarni aylanib o’tishga harakat qilmoqda, bunga hukumat, Moskva manfaatiga xizmat qilayotgan biznes doiralar ham qarshi emas. Hozir buni xalqaro tashkilotlar, jumladan, biz ham o’rganyapmiz. Shunisi aniqki sanksiyalarni buzgan har qanday davlat, jumladan, O’zbekiston bundan chetda qolmaydi”, - deydi Safar Bekjon.
Ukrainaga hujumi ortidan misli ko’rilmagan sanksiyalarga uchragan Rossiya, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari orqali ham bu sanksiyalarni aylanib o’tishga harakat qilayotgani, taqiq ostidagi tovarlarning Rossiya bozoriga kirishiga yo’l ochganlik uchun ikkilamchi sanksiyalarga sabab bo’lishi ehtimoli ta’kidlab kelinadi.
Facebook Forum