Global oziq-ovqat ta’minotidagi muammolar bugun Germaniyaning Shtutgart shahrida “Katta Yettilik”ka a’zo mamlakatlar qishloq xo’jaligi vazirlari majlisida muhokama etildi.
Yevropa Komissiyasi kelasi uch oyda Ukrainadan 20 million tonna bug’doyni olib chiqishga qaratilgan qator choralar taklif etgan.
Rossiya Ukraina portlarini nazorat qilarkan, bug’doy Yevropaga poyezdlarda olib chiqilishi mumkin. Biroq Ukraina va Yevropa temir yo’llarida relslar hajmining nomutanosibligi va Ukrainaga qarashli vagonlarning Yevropa relslariga tushmasligi sabab bug’doy chegarada tushirilib, yuk mashinalari va Yevropa andozalariga javob beruvchi vagonlarga ortilishi ko’zda tutilgan. Bu esa mahsulotni bozorga olib chiqishga ko’p vaqt talab qiladi.
Odessa portlarida 25 million tonna bug'doy saqlanayotgani aytilmoqda.
“Katta Yettilik” vazirlari Ukraina va boshqa mamlakatlardagi fermalarga moliyaviy yordam ko’rsatishga va’da berdi.
Ukraina Qishloq xo’jaligi vaziri Mikola Solskining aytishicha, bu yilgi hosil kamroq bo’ladi, chunki hosildor yerlarning bir qismi rus armiyasi nazoratida yoki faol janglar bo’layotgan hududlarda. Vazir Qora dengizdagi portlar qamaliga chek qo’yishda yordam so’rab, bug’doy eksporti uchun Boltiq dengizi bandargohlaridan foydalanishni taklif etdi.
"Katta Yettilik" tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi
Germaniyada “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ham ko’rishdi. Yillik majlisga Ukraina va Moldova vazirlari taklif etilgan. Yevropa rasmiylariga ko’ra, Ukrainadagi urush qo’shni Moldovaga ham tarqalishi mumkin. Uchrashuv Germaniyaning Boltiq dengizi bo’yidagi oromgohda bo’lib o’tdi.
Vazirlar Rossiyani dunyoda yakkalashda davom etishga, rus neftidan butunlay voz kechishga so’z berdi.
“Harbiy va moliyaviy sektordagi tashabbuslarimizni, Ukrainani g’alabagacha qo’llab-quvvatlashda davom etamiz”, - dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.
Unga ko’ra, “Katta Yettilik” Rossiya bilan urush qilgani yo’q, aksincha Rossiya Ukrainada urush olib bormoqda.
Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass Ukrainaga qurol yetkazish va sanksiyalarni kuchaytirish orqali Rossiyaga bosim davom ettirilishini bildirdi.
Yevropa Ittifoqidan Ukrainaga qo'shimcha yordam...
Anjumanda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Ukrainaga 500 million yevroga teng qo’shimcha harbiy yordam berilishini ma’lum qildi.
“Restsept o’sha-o’sha – Ukrainani qo’llab-quvvatlash, harbiy yordam berish”, - dedi u.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba “Katta Yettilik”dan Rossiyaning xorijdagi mulklarini muzlatib, Ukraina qayta qurilishi uchun sarflashni so’radi.
"Kanada shunday qildi va boshqalar ham ertami-kech shu qarorga keladi degan fikrdaman. Gap yuzlab milliard dollar haqida ketmoqda. Rossiya to’lashi kerak”, - dedi u.
...Rossiyaga esa qo'shimcha sanksiya
G’arb mamlakatlari Rossiyani jazolash yo’llarini izlarkan, bungacha yuzlab badavlat ruslar va Rossiya kompaniyalariga sanksiya qo’ygan Britaniya bugun Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Ocheretnaya va yana bir necha qarindoshini qora ro’yxatga qo’shdi. Ularning Britaniyadagi mulki muzlatilib, mamlakatga kirishi taqiqlanadi.
Sanksiyalarning teskari natijasi?
Rossiya dunyo davlatlari orasida rekord miqdordagi sanksiyalar bilan yuzlashganiga qaramay, rubl dollarga nisbatan qiymatini o’nglab olib, 2020-yil fevralidan beri eng yuqori nuqtaga chiqdi.
Ukrainada urush boshlanganida bir dollar 100 rubldan oshib ketgan edi, biroq hozir 63 rublga tushgan.
Shu bilan birga, rus gazidan voz kechishga ahd qilgan va avvaliga Putinning tabiiy gaz uchun rublda to’lash talabidan bosh tortgan Yevropa kompaniyalari endi birin-ketin rublda hisob raqamlarini ochmoqda.
AQShning “Blumberg” axborot resursiga ko’ra, bunday kompaniyalar soni 20 taga yetgan, yana 14 tasi rublda hisob raqamlarini ochishga hozirlik ko’rmoqda.
Ukraina hukumatining rus gazidan voz kechish talabiga qaramay, Yevropada Rossiyadan eng ko’p gaz xarid qilayotgan Germaniya ayni paytda bunga tayyor emasligini bildirdi.
Erdog'an Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga qarshi
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo’lish rejasiga e’tiroz bildirib, ularni alyans safida ko’rishga tayyor emasligini ma’lum qildi. Yangi davlatlarni qabul qilish uchun alyansning barcha a’zosi bir ovozdan nomzodlar arizasini ma’qullashi kerak.
Putin NATOning sharq tomon kengayishini Ukrainada urush boshlashga sabab qilib ko’rsatib, Kiyevning kelajakda tashkilotga qo’shilishini Rossiya uchun tahdid deb atagan.
“Turkiyaning oldingi hukumati Gretsiyani NATOga qabul qilishda xatoga yo’l qo’ydi va Gretsiyaning Turkiyaga nisbatan NATO dastaklayotgan hozirgi pozitsiyasini bilasiz. Turkiya ayni xatoning takrorlanishini istamaydi. Bundan tashqari, Skandinav mamlakatlari terrorchi tashkilotlar uchun mehmonxonaga aylangan va ularning ba’zilari hatto ayrim mamlakatlar parlamentiga saylangan”, - dedi Erdog’an.
Shvetsiya va Finlyandiya shu kunlarda NATOga a’zo bo’lish uchun ariza berish qarorini e’lon qilishi kutilmoqda.
Facebook Forum