Breaking News

Ukraina, Xitoy, savdo - AQSh-ASEAN sammitidagi mavzular


Prezident Bayden ASEAN sammitida, Oq uy, Vashington, 26-oktabr, 2021
Prezident Bayden ASEAN sammitida, Oq uy, Vashington, 26-oktabr, 2021

Savdo aloqalari, mintaqaviy xavfsizlik, Rossiyaning Ukrainadagi urushi - AQSh rahbari Jo Bayden Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan Vashingtonda muloqotda shu mavzularni muhokama qiladi.

ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasining 12-13 may kunlari kechadigan maxsus anjumanida blokning sakkiz a'zosi rahbari qatnashadi.

1967-yilda tashkil topgan tashkilotga Bruney, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Myanma, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam kiradi.

Filippinning yaqinda lavozimdan ketadigan prezidenti Rodrigo Duterte, shuningdek, Myanmaning harbiy lideri Min Aun Xlayn tadbirda kutilmayapti. Xlayn ASEAN tomonidan man qilingan. O'tgan yili u xalq saylagan hukumatni ag'darib, hokimiyatni egallab olgan.

Oq uyga ko'ra, ASEAN bilan hamkorlik kengayadi. Bayden bu davlatlarni Ukrainaga bostirib kirgani bois sanksiyalar qo'yilgan Rossiya bilan aloqalarni cheklashga undaydi.

Amerika prezidenti shu oy Janubiy Koreya va Yaponiyaga safar qiladi.

Bayden dunyoning bu qismini Vashington yetakchiligidagi koalitsiyaga qo'shilib, Ukrainani himoya qilishga va Rossiyani jazolashga chaqirmoqda.

Oq uy mintaqa urushni qoralaganidan mamnun va uning nazarida bu mamlakatlar Ukrainadagi vaziyatga befarq emas.

Biroq Myanma Kremlni oqlab chiqqan. ASEANda faqat Singapur Rossiyaga sanksiya joriy etgan. ASEAN sammitida a'zolar urushga diplomatik yechim topish kerak, deya bong urishga hozirlanmoqda.

Kambodja Bosh vaziri Hun Sen Vashingtonda, 10-may, 2022
Kambodja Bosh vaziri Hun Sen Vashingtonda, 10-may, 2022

Siyosiy tahlilchi Sarang Shidor deydiki, bu o'lkalar tarafkashlik qilishni xohlamaydi va Bayden nima deyishidan qat'i nazar hozirgi yo'nalishda qoladi, ya'ni Oq uy xohlaganidek agressiv tanqidga berilmaydi.

"ASEAN dunyo ikki blokka ajralib qolishini istamaydi", - deydi Shidor.

Yana bir ekspert Aron Konneli tahlilicha, ASEAN AQSh-Xitoy ziddiyatining qurboni bo''lmaslik uchun harakat qilmoqda. Shu bois ham, deydi u, Rossiya bilan aloqa mutlaq uzilmaydi.

"G'arb sanksiyalari ta'siri aloqalarni cheklashi tayin, ammo ASEAN davlatlari Moskva bilan hamkorlikni to'xtatishini kuta olmaymiz", - deydi tahlilchi.

Vashington uchun eng muhimi ASEANdagi hukumatlarning Moskvadan qurol sotib olmasligidir. Oq uy buni muntazam eslatib keladi.

Blok a'zolari Amerika bilan savdoni qayta ko'rib chiqish va strategik sheriklikni yangilash niyatida. ASEAN Xitoy va Astraliya bilan allaqachon bunday bitimlar imzolagan.

Vashington bu borada shoshmayapti. AQSh bozori bu davlatlar uchun "ancha yopiq", deya tasvirlaydi ekspertlar. ASEAN bu orada Kanada bilan yangi kelishuvlarga erishgan.

ASEAN, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi
ASEAN, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi

Bayden ma'muriyati mintaqa bilan savdoni kengaytirish uchun mukammal reja ustida ishlayotganini bildiradi. Hind okeani-Tinch okeani iqtisodiy kelishuvi deb nomlanadigan bu loyiha adolatli tijorat, mustahkam ta'minot, yangi infrastruktura, yashil iqtisod, korrupsiyaga qarshi choralar va isloh qilingan soliq tizimini o'z ichiga oladi, deydi rasmiylar.

ASEANdagi 10 davlat hozircha bu rejani baralla olqishlamagan. Bu o'lkalar birgalikda jahon iqtisodiyotining yettinchi eng yirik qismidir. Umumiy yillik milliy mahsuloti 2,4 trillion dollar.

"ASEAN - o'ta muhim region, - deydi Mark Mili, AQSh-ASEAN biznes kengashi vakili. - Amerikaning 20-30 eng yirik sherigiga qarasangiz, ulardan oltitasi ASEANdan".

Infrastrukturaga sarmoya qilishda AQSh Xitoydan o'zib keta oladimi? Buning uchun Vashingtonda yetarlicha iroda bormi? Har ikki savolga ham ijobiy, ham salbiy javoblar beriladi.

AQSh o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda aqlli investitsiyalar qilishi kerak, deydi mutaxassislar. Rasmiylar deydiki, sarmoyani hukumat emas, bizneslar qiladi. Ular ASEANga intilishi kerak.

Bayden ma'muriyatining asosiy e'tibori Ukrainada ekan, ASEAN davlatlari ular bilan harbiy hamkorlik zaiflashadi, degan xavotirda.

"Vyetnam va Filippin AQSh xalqaro suvlarda Xitoyga qarshi qattiqroq turishini xohlaydi, chunki Xitoy regionda o'zini yakkahokimdek tutadi, - deydi Gregori Poling, amerikalik tahlilchi. - Indoneziya, Malayziya va Tailand esa AQSh-Xitoy ziddiyati ASEANdan tashqarida bo'lishini xohlaydi. Bu platforma Pekin va Vashington uchun qurol bo'lib qolmasligini qayd etadi".

Poling fikricha, AQSh har ikki tomonning ko'nglini olishi kerak.

ASEAN sammitida Shimoliy Koreyaning qurollanishi qoralanishi kutilmoqda.

AQSh pandemiyaga qarshi kurashda ASEAN a'zolariga 190 million doza virus uzatgan. Bu beg'araz yordamdan tashqari ASEAN va Amerika yaqin orada 40 million dollarlik qo'shma tibbiy izlanishlar boshlashi kerak. Loyiha hali Kongress tasdig'idan o'tmagan.

Sammitda inson huquqlari ham muhokama qilinadi, xususan Myanmadagi vaziyat va rohinja musulmonlarining taqdiri. ASEAN va AQSh birgalikda Myanmadagi harbiy boshqaruvni o'zgarishga undab keladi. Vashington nazarida hukumat musulmonlarga qarshi genotsidni amalga oshirgan va oshirishda davom etmoqda.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash ham kun tartibidagi masala. Yashil iqtisodga o'tish, ekologik ogohlikni targ'ib qilish, atrof-muhit muhofazasi - bular ham ASEAN doirasida hamda AQSh bilan muloqotlarda yuqori o'rinlarda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG