Breaking News

AQShning Osiyoga nisbatan yangicha siyosati qanday bo'ladi?


AQSh Davlat kotini Entoni Blinken Senat Tashqi ishlar qo'mitasi a'zolari oldida, Vashington, 26-aprel, 2022
AQSh Davlat kotini Entoni Blinken Senat Tashqi ishlar qo'mitasi a'zolari oldida, Vashington, 26-aprel, 2022

AQSh Osiyoga nisbatan, xususan Xitoy bo'yicha endi qanday siyosat yuritmoqchi ekanini bayon etishga otlanmoqda. Kelasi oy ikki davlat harbiy rahbarlari muzokaralar olib boradi.

Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Senatning Tashqi ishlar qo'mitasida so'zlaganida prioritetlar o'zgarmagani, ammo taktikada yangilik bo'lishini tushuntirdi.

Prezident Jo Bayden shu oy Tokioda Avstraliya, Hindiston va Yaponiya rahbarlari bilan uchrashadi.

Bayden fikricha, Vashington va Pekin raqobat qoidalari yuzasidan kelishib olishi kerak. Maqsad tinchlik va taraqqiyot, deydi u, keskinlik va mojaro emas.

Singapurda kutilayotgan harbiy dialogda bu masala obdon muhokama qilinadi, deydi rasmiylar.

Yillik Shangri-La dialogi 10-12 iyun kunlari o'tadi. Biroq 2020 va 2021-yillarda pandemiya koronavirusi sabab kechiktirilgan edi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Xitoy Mudofaa vaziri Uey Fenge bilan til topisha olishiga ishonadi.

“Ikkalamiz ham dialog muhim ekanini bilamiz, dangal gaplashib olish ahamiyatini tushunamiz' Men bu mulooqotni intizorlik bilan kutayapman", - deydi Ostin.

Bayden ma'muriyati hali Xitoy bilan bu darajada yuzma-yuz muloqotlar olib bormagan.

Prezident Bayden Oq uyda Xitoy rahbari Shi Zinpin bilan virtual muloqotda, 15-noyabr, 2021
Prezident Bayden Oq uyda Xitoy rahbari Shi Zinpin bilan virtual muloqotda, 15-noyabr, 2021

Ekspertlar nazarida uchrashuvlarda katta yangiliklar kutmaslik kerak. Muammo va ziddiyarlar shu qadar chuqur va murakkabki, dialogning o'zigina ularni hal etmaydi, deydi Pekin va Vashingtondagi siyosatdonlar.

“Rahbarlar bayonotlarini o'qib berishadi, pozitsiyalarini tushuntirishadi", - deydi Dryu Tompson, Singapur milliy universiteti olimi.

Davlat departamentiga ko'ra, ikki davlat orasida kelishmovchiliklar haqiqatan ham talay. Ukrainadagi urush sabab hamkorlikda yangi chigalliklar paydo bo'lgan.

Yaqinda Senat ma'qullagan qonun loyihasi AQShning texnologik ustunligini oshirish uchun milliardlab dollar ajratishni ko'zlaydi, xususan muayyan jabhalarda undan o'tib ketishni ta'minlashni.

Blinken yaqin kunlarda qilishi kutilayotgan ma'ruzada ham Amerika strategik manfaatlari yo'lida ko'proq sarflashi qayd etiladi, xususan ilg'or texnologiya sanoatiga.

“Texnologik inqilobimizning asosi shuki, u bizning manfaatlarimizni himoya qiladi. Yangi texnologiyamiz raqobatda bizga kuch berib, qadriyatlarimizni ham olg'a suradi", - deydi Blinken Senatda so'zlar ekan.

Xitoy harbiy dengiz kuchlari Janubiy Xitoy dengizida mashqda, 12-aprel, 2018
Xitoy harbiy dengiz kuchlari Janubiy Xitoy dengizida mashqda, 12-aprel, 2018

Shu bilan birga Xitoy AQShning yaqin strategik hamkori hamdir. Pekinning harbiy va iqtisodiy ta'siri oshib borar ekan, Vashington hamkorlik va raqobat orasida muvozanat izlamoqda.

O'tgan yillarda ikki davlat tariflar ustida olishdi. Texnologik sirlarni talashdi. Tayvan taqdiri ustida tortishdi. Janubiy Xitoy dengizi va Sharqiy Xitoy dengizida qo'shnilar bilan kelisha olmayotgan Pekin bu masalada ham Vashingtonga g'anim sifatida qaraydi.

“Tayvanga Xitoy agressiyasiga qarshi kurashda yordam beramiz", - deydi Blinlen.

Bayden ma'muriyati xavotiricha, Xitoy Tayvanni kuch bilan egallab olishga urinishi mumkin.

Xitoy nazarida esa Tayvan uning ajralmas bir qismi. Tayvan esa o'zini mustaqil yurt deb biladi. Pekin buni tan olmay, harbiy chora ko'rishi mumkinligi haqida ogohlantirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG