AQSh Osiyo davlatlari bilan savdoni qayta ko'rib chiqar va yangi imkoniyatlar ochar ekan, eng yirik tijoriy hamkori Xitoy bilan biznes aloqani taranglashtirishni xohlamaydi. AQSh Savdo vakili Ketrin Tay Singapurda safarda ekan, buni sheriklarga uqtirishga urinmoqda.
Tay xonim qatnashgan Hind-Tinch okeani iqtisodiy kengashida mamlakatlar o'zaro muammo va manfaatlarni muhokama qildi. Hukumatlar ziddiyatlar talay ekanini tan olib, uzoq va yaqindagi hamkorlar bilan hal qilinishi zarur bo'lgan masalalarni sanadi.
AQSh Kongressi Bayden ma'muriyatidan Xitoy bilan oldi-berdi yuzasidan yangicha strategiya kutmoqda.
Tay deydiki, tariflarni oshirish Xitoyni Amerikaga o'z bozorini kengroq ochishga majbur qilmadi.
"Donald Tramp prezidentligi davrida joriy etilgan bunday siyosat ish bermadi", - deydi rasmiy. "Pekin hamon sog'lom raqobatdan bosh tortadi".
Tay fikricha, Vashington endi boshqacha yo'ldan borishi lozim. Gap bu yerda savdo hajmida emas, uni qay tarzda yo'lga qo'yishda, deydi Tay.
AQSh-Xitoy tijorati - global iqtisodning eng katta qismlaridan biri. 2021-yilda ular orasidagi savdo qariyb 700 milliard dollarni tashkil etgan.
Peterson Xalqaro iqtisod institutidan Gari Xafbauer:
“Hind-Tinch okeani mamlakatlari uchun Xitoy Amerikadan ko'ra kattaroq hamkor. Ularning Pekin bilan tijorati kun sayin kengaymoqda. Ular bu ikki yirik davlat orasida taranglik bo'lishidan manfaatdor emas".
Bu hukumatlar yo u yo bu tomonni tanlashga majbur bo'lishni istamaydi. Biroq Kongressda shunday qilish kerak, degan konservativ talablar yangrab turadi.
Xafbauer nazarida Bayden ma'muriyati realistik yondashmoqda, muvozanat tarafdori.
“Savdodagi kamchiliklar, sarmoya bilan bog'liq yetishmovchiliklar, bularni hal etishda hamjiyatlik zarur. Oradagi davlatlar har ikki taraf bilan ishlashni xohlaydi".
AQSh-Xitoy Biznes kengashidan Dag Berri deydiki, Oq uy tariflardan qurol sifatida foydalanmasligi kerak.
"Bunday usul na Xitoyni o'zgartiradi, na Amerika iqtisodiga biror naf keltiradi".
Berri kuzatishicha, muzokaralar juda sust. Vashingtonda ham, Pekinda ham yakdillik sezilmayapti, deydi u.
2017-yilda AQSh mintaqa bilan savdo bitimlaridan chiqib ketgan. Mamlakatlar yangilarini imzolash niyatida.
11 mamlakat Amerika ishtirokisiz o'zaro tijorat kelishuvi tuzgan. Endilikda ular Vashington bu tizimga kiradi degan umidda, ammo Bayden ma'muriyati alohida bitim tarafdori. Yaponiya va Avstraliya Xitoyni yaqinlashtirmoqchi emas.
Facebook Forum