Breaking News

AQSh Hindistonning Rossiya bo'yicha tutgan pozitsiyasidan xavotirda


AQSh Prezidenti Jo Bayden (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan onlayn muloqot o'tkazmoqda, 2022-yil, 11-aprel.
AQSh Prezidenti Jo Bayden (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan onlayn muloqot o'tkazmoqda, 2022-yil, 11-aprel.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan onlayn muloqot o’tkazib, rus neftini ko‘proq sotib olish Hindiston manfaatlariga to’g’ri kelmasligini ta’kidladi. Vashington Ukraina urushi bo’yicha neytral pozitsiyani egallagan Nyu Dehlini Rossiyaga nisbatan keskinroq munosabatda bo’lishga undamoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining so'zlariga ko'ra, Bayden dushanba kuni bir soatlik videomuloqot chog'ida AQSh Hindistonga energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda yordam berishga tayyorligini aytgan.

"Prezident, shuningdek, Rossiyadan energiya yoki boshqa mahsulotlar importini tezlashtirish yoki ko'paytirish Hindiston manfaatlariga mos emasligini ham ta’kidladi", - dedi Psaki.

AQSh rasmiysi ikki yetakchi o'rtasidagi muloqotni "iliq va samarali" deb ta'riflab, Rossiyadan energiya importi bo'yicha Hindistonga qandaydir aniq iltimos yoki talablar qo’yilmaganini aytdi.

Muloqotning jurnalistlar uchun ochiq bo'lgan qismida Bayden AQSh va Hindiston o'rtasidagi hamkorlik haqida gapirib, " Rossiya urushining beqarorlashtiruvchi oqibatlarini qanday boshqarish bo'yicha yaqin maslahatlashuvlarni davom ettirish" lozimligini qayd etdi.

Modi o’z navbatida Ukrainadagi, xususan, ko‘plab tinch aholining jasadi topilgan Buchadagi vaziyatdan xavotiri ortib borayotganini bildirdi.

"Yaqinda Bucha shahrida begunoh fuqarolarning oʻldirilgani haqidagi xabar juda xavotirli edi. Biz buni darhol qoraladik va mustaqil tekshiruv oʻtkazishni soʻradik", - dedi u.

Modi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashganini va Rossiya rahbariga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishni taklif qilganini ham aytdi.

Hindistonning Ukraina bosqinini qoralashdan tiyilgani Vashingtonni xavotirga soldi, ammo Moskvaning olqishlariga sazovor boʻldi.

O'tgan oy Nyu-Dehlida Modi bilan uchrashgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Hindiston "vaziyatni bir tomonlama emas, balki to'liq baholaganini" aytdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘tgan hafta Moskvani BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligidan chiqarish haqida ovoz berganida Hindiston ovoz berishdan o’zini tiydi.

Hindiston, shuningdek, AQSh va boshqa G'arb davlatlarining bosimiga qaramay, Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etmoqda. “Reuters” ma'lumotiga ko'ra, Rossiya o'z energiya ta'minoti uchun keskin chegirmalar taklif qilgan va Hindiston Ukraina bosqini boshlangandan beri Rossiyadan kamida 13 million barrel neft sotib olgan. 2021-yilda jami sotib olingan neft hajmi 16 million barrel bo’lgan.

Bayden va Modi o'rtasidagi qo'ng'iroqdan so'ng, AQSh Davlat va Mudofaa kotiblari Vashingtonda hindistonlik hamkasblari bilan uchrashdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken uchrashuv oldidan jurnalistlarga muzokaralar bir qator mavzularni, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, COVID-19 pandemiyasi, iqlim muammolari va xavfsizlik masalalarini qamrab olishini aytdi.

"Bizning hamkorligimiz ikki tomonlama doiradan ancha rivojlandi va endi global muammolarga ham sezilarli ta'sir ko'rsatmoqda", - dedi Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jaishankar.

“Endi har qachongidan ham demokratik davlatlar hammamizni birlashtiradigan qadriyatlarni himoya qilish uchun birga turishi kerak”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Bayden va Modi oxirgi marta mart oyida AQSh, Hindiston, Avstraliya va Yaponiyaning "To'rtlik" alyansi yig'ilishida gaplashgan edi. Baydenning ta'kidlashicha, guruhdan faqat Hindiston Rossiyaning Ukrainaga bo'lgan tajovuziga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Dushanba kuni boʻlib oʻtgan virtual suhbat chogʻida Bayden va Modi Ukrainadan tashqari, iqlim oʻzgarishi va Xitoyning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi taʼsiriga qarshi kurashish kabi qator masalalarni ham muhokama qilgan.

Psaki yakshanba kuni qilgan bayonotida, liderlar "Hind-Tinch okeanida xavfsizlik, demokratiya va farovonlikni mustahkamlash uchun global iqtisodiyotni mustahkamlash hamda erkin, ochiq, qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo'llab-quvvatlash" masalalarini muhokama qilishlarini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG