Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushining 43-kunida Gretsiya parlamentiga murojaat qilib, G’arb davlatlarini Rossiyani javobgarlikka tortishga yana bir bor chaqirdi.
"Rossiya va boshqa ehtimoliy bosqinchilarga dars bo’lsin. Urush boshlagan, Yevropani iqtisod va yoqilg’i inqirozi bilan shantaj qilganlar hamisha yutqazadi”, - dedi u.
Unga ko’ra, demokratik dunyo Rossiya neftidan voz kechib, banklarini xalqaro moliya tizimidan uzishi kerak.
"Rossiyaning harakatlari eng boshidan nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropaga qarshi bo’lgan”, - dedi Zelenskiy.
Qo’shma Shtatlar Rossiya qo’shinlarini Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholini qatl etganlikda ayblab, unga qarshi yangi sanksiyalarini e’lon qildi. Qora ro’yxatga Rossiyaning “Sberbank” va “Alfabank” banklari, bir nechta davlat korxonasi hamda bungacha sanksiyaga uchragan Prezident Vladimir Putin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va yana bir necha rasmiyning oila a’zolari tushgan.
AQSh, shuningdek, Rossiyaga barcha sarmoyalarga to’siq qo’ymoqchi, Rossiyaning 600 milliard dollardan oshiq suveren qarzini AQShda muzlatilgan pullari hisobidan uzishni man qildi.
“Sanksiyalarimiz 1 yilda Rossiyaning 15 yildagi iqtisodiy yutuqlarini yo’qqa chiqaradi. Rossiyani 21-asrda raqobat uchun zarur bo’lgan yarim o’tkazgichlar, shifrlash xavfsizligi, kvant texnologiyasining muhim komponentlaridan ayirdik”, - dedi Amerika Prezidenti Jo Bayden.
Britaniya ham yangi sanksiya paketini qabul qildi.
“Rossiya kemalarini portlarimizga kiritmaymiz endi, rus banklarini nishonga olyapmiz, oltin kabi Putinning urushini moliyalayotgan sanoatlarni ham ta’qib etamiz”, - dedi bu mamlakat Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass.
Yevropa Ittifoqi esa Rossiya energetika sektorini nishonga olmoqchi.
“Yangi paketda ko’mir importiga taqiq qo’yilgan. Ertami-kech, neft va gaz importiga nisbatan ham chora ko’rishga to’g’ri keladi”, - deydi Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel.
Yevropa Ittifoqi Ukrainada urush boshlanganidan beri yoqilg’i uchun Rossiyaga 38 milliard dollar to’laganini ma’lum qildi. Shu davr mobaynida esa Ukrainaga ko’rsatilgan harbiy yordam miqdori 1 milliard dollardan oshgan. Ammo Ukraina Yevropani sust harakat qilayotganlikda ayblamoqda, deydi tahlilchi Liana Fiks.
“Qaror tezroq qabul qilinib, Ukrainaning muzokaralar va jang maydonidagi pozitsiyasini kuchaytirishini xoxhlashyapti”, - deydi germaniyalik ekspert.
Bugun o’z atom elektrostansiyasi uchun Rossiyadan yoqilg’ini ilk bor havo orqali olgan Vengriya yadro energetikasi bobida Rossiyaga sanksiya qo’yilishiga qarshi chiqishini bildirdi.
Bungacha yadro yoqilg’isi Ukraina hududi orqali temir yo’l bilan yetkazilar edi.
Rossiya Paks shahrida Vengriya uchun qurib bergan ikki gigavatli atom elektrostansiyasi 2019-yilda ishga tushgan, undagi 4 ta reaktor ishlab chiqaradigan energiya mamlakatning elektr quvvatiga bo’lgan ehtiyojining yarmini qoplaydi. Budapesht Moskvadan stansiyaga yana 2 ta reaktor o’rnatishni so’ragan.
O’tgan hafta qatorasiga to’rtinchi muddatga saylangan Bosh vazir Viktor Orban Ukrainadagi urushni qoralagan bo’lsa-da, uning mamlakatiga zarar qiladigan aksil-Rossiya sanksiyalariga qarshi, rus gazini rublga sotib olishga rozilik bergan.
Zelenskiy Vengriyaning bu siyosatini tanqid qilgan. Orban Zelenskiyni raqib deb atadi.
Bu o’rtada NATO tashqi ishlar vazirlari Bryusselda ikki kun majlis qildi. AQSh Ukrainaga qo’shimcha 100 million dollarga teng harbiy yordam bermoqchi.
"Rossiyaning Ukrainadagi har bir tankiga Ukrainaga 10 ta tankka qarshi qurol uzatamiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Chexiya esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida birinchilardan Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng qolgan T-72 tanklarini Ukrainaga uzatmoqda.
NATO majlisiga taklif etilgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning tadbirdan oldin aytishicha, alyansga a’zo ayrim mamlakatlar Rossiya bilan mojaroga bevosita aralashib qolishdan qo’rqib Ukrainaga qurol bermayapti. Unga ko’ra, Ukraina Rossiya bilan butun Yevropa uchun jang qilmoqda.
“Quroldan boshqasini so’raganim yo’q. Ukrainaga yordam bersangiz, Putinni to’xtatib, rus armiyasini Ukrainada mag’lub etib, urushning Yevropaga tarqalishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Kuleba.
NATO maxsus majlisiga unga a’zo bo’lmagan, biroq Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilgan Finlyandiya, Shvetsiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Avstraliya vazirlari ham taklif etilgan.
Bugun AQSh, Ukraina va yana ba’zi boshqa mamlakatlar tashabbusi bilan BMT Bosh Assambelyasida o’tkazilgan ovoz berishda Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi ishtirokini cheklashga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilindi. 93 mamlakat uni qo’llab-quvvatladi, 24 davlat, jumladan O’zbekiston qarshi ovoz berdi va 58 mamlakat betaraf bo’ldi.
Rezolyutsiyaga ko’ra, Rossiya 47 mamlakat a'zo kengashdan butunlay chetlatilmaydi, biroq ovoz berish va muhokamalarda qatnashish huquqidan mahrum bo'ladi.
Shundan so'ng Rossiya elchisining o'rinbosari Gennadiy Kuzmin uning mamlakati kengashdan butunlay chiqayotganini ma'lum qildi. Ukraina elchisi Sergey Kislitsya bu bayonotga kinoyali munosabat bildirib, "ishdan haydalgandan keyin ishdan ketish haqida ariza berilmaydi" dedi.
Rossiyaning Ukrainadagi urushidan norozi ayrim kompaniyalar Rossiyada faoliyatini to’xtatar ekan, kuni kecha AQSh qora ro’yxatiga tushgan Bosh vazir Mixail Mishustin Rossiyani global iqtisodiyotdan yakkalashga qaratilgan harakatlar samara bermasligini bildirdi.
Unga ko’ra, Rossiyadan ketmoqchi bo’lgan xorijiy kompaniyalar rossiyalik xodimlari ish o’rinlarini saqlab qolishi uchun bizneslarini Rossiyada butunlay yopmasligi kerak.
Rossiya Kiyev atrofidan qo’shinlarini chiqarishi va shaharni o’qqa tutishni to’xtatishi ketidan Ukraina poytaxtida hayot normal holatga qaytayotgandek. Biroq AQSh Mudofaa vazirligi va NATOning ogohlantirishicha, bu vaqtincha tinchlik, xolos, chunki ayni damda Rossiya armiyasi Donbassda yirik hujumga hozirlanmoqda va g’alabadan so’ng Kiyevga hujumni jonlantiradi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarni, asosan, AQSh va G’arb qo’llab-quvvatlar ekan, arab dunyosi Ukraina urushi masalasida qanday fikrda?
Ba’zi arab mamlakatlari fuqarolari Rossiyani mintaqada AQSh ta’siriga qarshi muvozanatlovchi kuch deb ko’rmoqda.
BMT Bosh Assambleyasida Rossiyaga qarshi rezolyutsiyaga ovoz berishda aksariyat arab mamlakatlari betaraf bo’lgan.
AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi Iordaniyada aholi betaraf siyosatni to’g’ri deb biladi. Ularga ko’ra, mamlakat manfaatlarini shu tariqa himoya qilish mumkin, xolos.
Fevral oxirida Livan Tashqi ishlar vazirligi urushni qoralab bayonot chiqargan bo’lsa-da, mamlakatda bo’lib o’tgan norozilik namoyishlarida xalq mojaroga aralashmaslikka chaqirdi.
"Ukraina-Rossiya urushi bizning ishimiz emas, o’zlari hal qilsin. Biz o’z ishimiz bilan shug’ullanishimiz kerak. Hukumatimiz bu masalada betaraf bo’lishi kerak edi”, - deydi livanliklardan biri.
Suriyada esa hukumat ham, aholi ham Rossiya tarafida. Damashqliklar Rossiya o’z vaqtida Suriyaga yordam berganini eslaydi. Biroq ba’zilar betaraf siyosat tarafdori.
Suriya hukumati fuqarolar urushi paytida undan yuz o’girgan boshqa arab davlatlari bilan aloqalarini tiklamoqda. Uzoq yillar AQSh bilan o’ta yaqin bo’lgan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari so’nggi paytlarda Vashingtondan uzoqlashgan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlamadi.
Arab Ligasi mojaroga barham berish uchun vositachi bo’lishga harakat qilmoqda. Hafta boshida liga bosh kotibi Ahmad Abul G’ayt hamda Misr, Sudan, Jazoir, Iroq va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan, Varshavada esa Ukraina va Polsha vazirlari bilan ko’rishib, tomonlarni sulhga chaqirdi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, G’arb Rossiya bilan muloqotdan bosh tortib, Ukrainani qurollantirishda davom etarkan, mojaroga barham berish niyati yo’qligini ko’rsatmoqda.
“G’arb blokining inqirozga yondashuvini xavotirsiz qabul qilib bo’lmaydi, chunki bunday yondashuv inqirozni kuchaytirishi mumkin. Bu esa arab mamlakatlariga ham salbiy ta’sir qiladi”, - deydi Misr Afrika jamiyati tahlilchisi G’ada Fuad.
Osiyoda esa Xitoy, Hindiston, Pokiston ham betaraf bo’lishni afzal ko’rdi. AQSh bu mamlakatlarga bosim qo’yib, Ukraina-Rossiya mojarosida aniq pozitsiya bildirishni, Rossiyadan yuz o’girishni talab qilmoqda.
Kreml AQShni urush boshida Moskvada Putin bilan uchrashgan Pokiston Bosh vaziri Imron Xonni hokimiyatdan olish uchun bu mamlakat ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi. Imron Xonning o’zi ham Pokistonda vujudga kelgan siyosiy inqirozda Vashington qo’lini ko’rmoqda.
Bir necha kun oldin muxolif qonunchilar unga ishonchsizlik votumini bildirishga harakat qildi. Tashabbus mag’lubiyatga uchragach mamlakat prezidenti Imron Xon iltimosiga ko’ra parlamentni tarqatib yubordi. Muxolifat Oliy sudga shikoyat qildi. Shu kunlarda sud bosh vazir harakatlarining qonuniyligini tekshirmoqda.
Facebook Forum