Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 36-kun tafsilotlari. Zelenskiyning Avstraliya parlamentiga murojaati


Mariupoldan evakuatsiya
Mariupoldan evakuatsiya

Rossiya-Ukraina urushining 36-kunida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Istanbulda ikki mamlakat vakillari o’rtasida yuzma-yuz muloqotdan so’ng muzokaralar virtual shaklda davom etmoqda, biroq konkret natijalar hozircha yo’q.

Xalqaro hayot - 31-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:16 0:00

Zelenskiyga ko’ra, Rossiya Kiyev tevaragidan qo’shinlarini olishga va’da bergan, biroq aslida Ukraina mudofaachilari ularni chekinishga majburlamoqda.

“Rus qo’shinlari Donbassda yangi hujumlarga hozirlanmoqda”, - dedi u.

Chorshanba kuni Zelenskiy telefonda AQSh rahbari Jo Bayden bilan gaplashib, Ukrainaga qo’shimcha yordam berish, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va Moskva bilan kechayotgan muzokaralar haqida so’zlagan.

Qo’shma Shtatlar Ukraina byudjetini qo’llab-quvvatlash maqsadida 500 million dollar uzatmoqchi.

Zelenskiy bugun Avstraliya qonunchilariga ham virtual murojaat qilgan. Unga ko’ra, Rossiyani o’tmishdagi barcha qilmishlari uchun jazoga tortish kerak, aks holda uning harakatlari boshqa davlatlarni qo’shni mamlakatlarga hujum qilishga da’vat etishi mumkin.

"Agar Rossiyani hozir to’xtatmasak, javobgarlikka tortmasak, qo’shnilariga yovuz niyat bilan qarab turgan mamlakatlar ham shunday qilishi mumkin”, - dedi u.

Avstraliya G’arb davlatlari kabi Rossiyaga qator sanksiyalar qo’ygan, o’z mintaqasida Xitoyning Tayvanga da’vosini xavotir bilan kuzatib keladi.

Rossiya Kiyev tevaragida harbiy harakatlarini keskin kamaytirishga so’z bergani bilan poytaxt atrofida o’q ovozlari hamon eshitilmoqda.

“Rus qo’shinlari Kiyevdan chekingani yo’q. Tunda hujumlarini kuzatganmiz, portlashlarni eshitganmiz. Demak, janglar hali ham davom etmoqda, odamlar o’lyapti”, - dedi Kiyev meri Vitaliy Klichko.

Ukraina Kiyev oblastidagi Irpin shahrini rus qo’shinlaridan tortib olganini da’vo qilmoqda.

Oq uyning bildirishicha, Kremldagi maslahatchilar Ukrainada harbiy harakatlar ko’ngildagidek va rejaga ko’ra ketmayotganini, xorijiy sanksiyalarning rus iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq aytishdan qo’rqmoqda.

"Rus harbiy qo’mondonligi Putinga noto’g’ri ma’lumot uzatmoqda, natijada Putin va qo’mondonlik o’rtasida ziddiyatlar vujudga kelgan. Maslahatchilar Putinga rus armiyasining muvaffaqiyatsizliklari haqida ochiq aytmayapti, chunki undan qo’rqishyapti”, - deydi Oq uyda aloqa xizmati rahbari Keyt Bedingfild.

Yevropadagi ayrim rasmiylar ham shunday fikrda.

Britaniyaning razvedka va xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi idorasi rahbari Jeremi Flemingning aytishicha, Ukrainadagi urushda qatnashayotgan rus askarlari qo’mondonlar buyruqlarini bajarishdan bosh tortmoqda, harbiy texnikani ataylab tashlab ketmoqda va hatto bir marta o’z samolyotini behosdan urib tushirgan.

“Rus askarlarining ruhiyati tushib ketgan, ta’minoti yaxshi emas”, - deydi Fleming.

Bu o’rtada Ukraina sharqidagi ikki bo’lginchi hududning Rossiyaga qo’shilish istagi ketidan 2008-yilda Gruziyadan ajralgan Janubiy Osetiya Rossiyaning Shimoliy Osetiya Respublikasi bilan birlashib, Rossiya tarkibiga kirmoqchi.

"Janubiy Osetiya Respublikasi tarixiy vatani – Rossiyaning bir qismi bo’ladi”, - dedi hudud rahbari Anatoliy Bibilov.

Rossiya tarkibiga kirish masalasi 10-aprel kuni respublikada bo’ladigan referendumda ovozga qo’yiladi.

Gruziya Janubiy Osetiyani o’z hududi deb bilarkan, referendum natijasini tan olmasligini bildirgan. Gruziyadan ajralgan Abxaziya Rossiyaga qo’shilish rejasi borligini ma’lum qilgani yo’q.

Ayrim xabarlarga ko’ra, joriy yilning 30-dekabrida SSSR tashkil bo’lganining 100 yilligi kunida Sovet Ittifoqining tarqalishiga sabab bo’lgan Belovej shartnomasini bekor qilishga qaratilgan referendum o’tkazilishi mumkin. Ayrimlar buni Sovet Ittifoqini jonlantirishga qaratilgan harakat deb atamoqda.

G’arb sanksiyalari, Rossiyaning javob choralari hamda Ukrainadagi urush oqibatida dunyo oziq-ovqat tanqisligiga uchrashi kutilmoqda. Bu esa o’z navbatida Afrika va Yaqin Sharqdan Yevropa tomon migratsiyani kuchaytirishi mumkin.

Rossiya “do’stona emas” deb topgan mamlakatlar tabiiy gaz va neftni rublga sotib olishdan bosh tortmoqda, Kreml to’lov bo’lmasa, yoqilg’i Yevropaga uzatilmasligini ma’lum qildi. Yoqilg’i ta’minoti uzilgan taqdirda Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarish to’xtashi, ishsizlik kuchayishi, bu esa norozilik namoyishlari va amaldagi rahbarlarning saylovlarda mag’lub bo’lishiga sabab bo’lishi mumkinmi?

10-aprel kuni Fransiyada prezident saylovlarining birinchi bosqichi o’tkaziladi. Rossiya va Ukraina o‘rtasida vositachi bo’lishga harakat qilayotgan Prezident Emmanuel Makron ayni paytda ijtimoiy so’rovlarda birinchi o’rinda ketmoqda. Kuzatuvchilar Makron har ikki bosqichda g’alaba qozonib, ikkinchi muddatga saylanishini bashorat qilmoqda.

Undan oldin esa – 3-aprelda Vengriyada saylovlar. Bosh vazir Viktor Orban to’rtinchi muddatga saylanishga umid qilmoqda. Muxolifat 2010-yildan beri ilk bor birlashib, oltita partiya saylovda yagona koalitsiya bo’lib qatnashmoqchi.

Orban o’zini G’arb liberalizmiga qarshi kurashuvchi va an’anaviy nasroniy qadriyatlarni himoya qiluvchi kuch deb ko’radi.

Liberal siyosatchilar Orbanning immigratsiyaga qarshi siyosatini, Rossiya prezidentiga yaqinligini tanqid qiladi.

Vengriya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralagan, sanksiyalarni yoqlagan, biroq Vengriya milliy manfaatlariga zarar qiluvchi sanksiyalarga veto qo’yishini bildirgan.

3-aprel kuni Vengriyada referendum ham o’tkaziladi. Maktablarda gomoseksuallik va transgenderlik haqida ta’limni cheklashga qaratilgan qonun bo’yicha xalq fikri o’rganiladi.

Orbanning “Fides” partiyasi so’rovlarda 40 foiz ovoz bilan hozircha oldinda ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG