Breaking News

Rossiya qo'shinlari Ukrainaga bostirib kirganiga bir oy to'ldi


Ukraina-Rossiya urushiga bir oy to’lar ekan, Prezident Volodimir Zelenskiy dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqmoqda.

Ukrain, ingliz, rus tillarida qilingan bu murojaatda Zelenskiy dunyo xalqlarini urushga qarshi norozilikka qalqishga, Rossiya agressiyasini to’xtatishga chaqirdi.

Urushning bir oyligi NATO alyansining favqulodda sammiti, “Katta Yettilik” yig’ini bilan ham kuzatilmoqda. Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyat, jumladan, NATOning diqqat markazida, ammo bu diqqat Ukraina umid qilgan darajadagi yordam bilan kuzatilayotgani yo’q.

Aksincha, bu urush NATO eshiklari Ukraina uchun yopiqligi haqidagi haqiqatni yanada oydinlashtirdi. Har holda so’nggi vaziyatga ko’ra shunday. Buni Prezident Zelenskiy ham e’tirof etmoqda.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, bu Ukraina-Rossiya o’rtasidagi muzokaralar jarayonidan o’tgan. Ukraina AQSh, Fransiya, Germaniya, Angliya, Turkiya kabi yirik davlatlarning xavfsizlik kafolati ostida NATOga a’zo bo’lmaslik shartiga ko’ngan.

Muzokaralar hozircha mamlakat hududlariga bog’liq masalada to’xtab turibdi. Urush Ukraina mudofaasi ko’plar, xususan, Rossiya tomoni kutganidan ancha mustahkam ekanligini ko’rsatdi.

Ukraina qurolli kuchlari shtabi urushning 29-kuniga kelib dushman, ya’ni Rossiya armiyasi pozitsiyalarida siljish mutlaqo to’xtagani, ayrim hududlarda ukrain armiyasi muvaffaqiyatli qisqa hujumlar o’tkazgani, xususan poytaxt Kiyev atrofidagi ayrim aholi punktlari ustidan nazorat qayta o’rnatilganiga doir hisobot berdi.

Ammo Rossiya tomoni hisobotiga tayanilsa, rus armiyasi siljishi davom etmoqda, 24-mart kuni Ukraina sharqidagi Izyum shahri ustidan nazorat o’rnatilgan.

Harbiy talafotlar masalasida har ikki tomondan berilayotgan raqamlar jiddiy ko’rsatkichga ega. Faqat Ukraina armiyasi hisobotida Rossiya armiyasidan berilayotgan qurbonlar, ya’ni o’ldirilgan rus harbiylari soni ham ko’rsatiladi.

Rossiya tomoni hisobotida esa o’ldirilgan harbiylar yoki urushda berilgan qurbonlar borasida biror ma’lumotlar uchramaydi.

Masalan, bugun taqdim qilingan ma’lumotlarda Ukraina tomoni o’ldirilgan rus harbiylari soni 16 mingdan oshganligini ta’kidlagan, Rossiya esa bu raqamlar, shuningdek, ukrain armiyasidan berilgan qurbonlar haqida ham sukut saqlab kelyapti va asosiy urg’uni Ukraina hududida yo’q qilinayotgan harbiy obyektlarga qaratmoqda.

Mavjud hisobotlardan kelib chiqilsa, urush har ikki tomon uchun og’ir talafotlarga boy, ammo urush Rossiyadan farqli Ukraina hududida bormoqda. Tinch aholidan berilayotgan qurbonlar ham, vayron qilinayotgan, bomba ostida qolayotgan shaharlar ham Ukraina hisobiga to’g’ri kelmoqda.

Urushning shiddatli kechishi, qisqa fursatda yakunlanishiga doir farazlar bir qadar bosilgan. Ukraina taranglik o’chog’iga, ziddiyatni tezda alangalatish mumkin bo’lgan hududlardan biriga aylanishiga doir taxminlar yuzaga chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG