Belarusning Ukrainadagi elchisi Igor Sokol boshliq diplomatlarning Ukrainani tark etishi ziddiyatli mojaro bilan kuzatildi.
Ukrainadan chiqishda chegara xizmati tomonidan tintuv qilingan Sokol missiya yakunlanishini urush bilan emas, Kiyev tomonidan qo’yilgan to’siqlar, diplomatlarga nisbatan jismoniy tahdidlar mavjudligi bilan izohladi.
Bu ziddiyat ortidan Minsk Ukrainaning 12 nafar diplomatiga mamlakatni tark etish uchun 72 soat muhlat berdi. Diplomatlar Belarusga qarshi g’arazli harakatlarda, ayg’oqchilikda ayblanishdi.
Ukrainaning Belarusdagi bir nechta konsullik bo’limlari yopilmoqda. O’rtadagi aloqalarni ushlab turish uchun mamlakatda elchi doxil cheklangan miqdordagi diplomatlar qoldirilgan.
Belarus Ukrainadagi urushga rasman qo’shilmagan. Prezident Aleksandr Lukashenko bir necha bor tashqi kuchlar Belarusni bu urushga tortishga urinishgani, lekin mamlakat bu urushga qo’shilmasligini ta’kidlab o’tgan edi.
Ukrainadagi mavjud munosabatlarga ko’ra esa Minsk allaqachon bu urushga tortilgan, Rossiya armiyasi, harbiy texnikasi Belarus orqali mamlakatga kirib kelmoqda. Lukashenko bir necha bor urush yuzaga chiqishida Ukraina tomonini ayblab chiqqan.
Ayni paytda Rossiya agressiyasiga qarshi turgan Ukraina uchun uchinchi front ochilishi ehtimoli mavjud. Har holda, ukrain-belarus munosabatlarida ziddiyat jiddiy taranglashgan. Belarus o’z hududi Ukraina tomonidan otilgan snaryadlarga nishon bo’layotganini ham bildirgan.
Belarus Ukrainaning yaqin qo’shnisi, Rossiya bilan ittifoqdosh davlat. Rossiyaning Ukrainaga qo’shni bo’lgan davlatlar bilan munosabati, ittifoqdosh Belarus istisno qilinsa, azaldan tarang.
Rus qiruvchi samolyotlari Polsha havo hududini buzib o’tishgani haqidagi ma’lumotlar ortidan bu taranglik yanada kuchaydi. Polsha Rossiyaning 40 dan oshiq diplomatini mamlakatdan badarg’a qilmoqchi.
Polsha Rossiya tahdididan jiddiy xavotirda. Ayni paytda u NATO doirasidagi tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga yuborish bo’yicha tashabbus bilan chiqmoqda.
Rossiya ham o’z javobida Polshaning o’ndan oshiq diplomatini chiqarib yuborishini ma’lum qildi. Moskva, shuningdek, tinchlikparvar kuchlar Ukrainaga jo‘natilishi NATOning urushga qo‘shilishi sifatida baholanishini bildirdi.
NATOning Ukrainaga doir navbatdan tashqari sammiti 24-mart kuni o’tadi. AQSh Prezidenti Jo Baydenning unda ishtiroki, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning onlayn tarzda nutq so’zlashi kutilmoqda.
NATO bosh kotibiga ko'ra, sammitda Ukrainani tashkilotga qo‘shish masalasi muhokama qilinmaydi. Ukraina tomonida, prezident Zelenskiyning sammitda ishtirokiga qaramasdan, Ukrainaning NATO a’zoligiga, xususan shimoliy alyans uning xavfsizligini kafolatlashiga bo’lgan umidlar jiddiy zaiflashgan.
Ukrainaliklarga ko’ra, NATO ham, Yevropa Ittifoqi ham Rossiya agressiyasiga nisbatan zaif pozitsiyada.
Qrim-tatar Milliy majlisi raisi, Ukraina parlamenti sobiq deputati Refat Chubarovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, NATO Ukraina havo hududlarini yopishga doir murojaatlarni inobatsiz qoldirmoqda.
“Ukraina shaharlari Rossiya armiyasi, samolyotlari tomonidan tinimsiz bombalanmoqda, havo zarbalari ostida qolgan, tinch aholi qurbon bo’lmoqda. Shaharlar, turar joylar, infratuzilma vayron qilinmoqda. NATO hech bo‘lmaganda Ukraina havo hududini yopishi, tinch aholini raketa hujumlaridan himoya qilishi mumkin edi. Afsuski, hozircha bunday bo’lmadi. Xavfsizlik kafolatlarini ta’minlovchi xalqaro institutlar, tashkilotlar faoliyati qayta ko’rib chiqilishi, agressiyaga o’tadigan har qanday davlatga nisbatan keskin choralar qo’llanishi kerak”, - deb hisoblaydi Chubarov.
Rossiya Ukrainada urush boshlaganiga salkam bir oy bo’lyapti. Moskva bu urushni Donbassdagi harbiy amaliyot sifatida taqdim etgan bo’lsa-da, urush butun mamlakat bo’ylab yoyilgan.
Ukraina armiyasi turli yo’nalishlarda mudofaani ushlab turibdi. 3,5 milliondan oshiq ukrainlar mamlakat tashqarisida, 6 milliondan oshig’i mamlakat ichkarisida urush qochqinlariga aylanishdi.
BMT Ukraina hududida borayotgan urushda tinch aholidan berilgan qurbonlar soni 1000 kishiga yaqinlashayotganini aytmoqda. Ukraina berayotgan ma’lumotlarda esa bu bir necha barobar ko'p.
Facebook Forum