Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun Yaponiya qonunchilariga virtual murojaat qilib, bu mamlakatdan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni, rus mahsulotlari importini man qilishni so’radi.
"Siz tinchlikni tiklash uchun Osiyoda birinchi bo’lib Rossiyaga bosim qo’ydingiz, sanksiyalarni qo’llab-quvvatladingiz”, - dedi u.
Parlament a’zolaridan tashqari Zelenskiy ma’ruzasini Yaponiya bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri va mudofaa vaziri ham o’tirib tingladi.
Tokioning Rossiyaga qo’ygan sanksiyalariga javoban Moskva shu hafta Yaponiya bilan tinchlik bitimi bo’yicha muzokaralarni to’xtatishga qaror qildi. Ikkinchi jahon urushidan so’ng bu ikki mamlakat tinchlik bitimini imzolamagan, Yaponiya urushdan keyin olib qo’yilgan orollarini qaytarishga umid qilmoqda.
Bu o’rtada Ukrainaning janubi-sharqdagi port shahri Mariupol uchun janglar davom etmoqda. Rossiya shahar aeroportini ishg’ol qilganini ma’lum qildi.
O’n minglab odam suvsiz, oziq-ovqatsiz, chiroqsiz yerto’lalarda jon saqlayapti.
Azov dengizi bo’yidagi shahar Rossiyaga sharqdagi bo’lginchi hududlar bilan birlashish imkonini beradi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina shimoli-g’arbidagi Rovno shahri tevaragida dengizdan otilgan raketa hujumida qurol ombori yo’q qilinganini ma’lum qildi.
Donetsk oblastida esa Rossiyaga xayrixoh bo’lginchi kuchlar Marinka shahrini egallab olgani aytilmoqda. Natijada ko’plab qurol-yarog’ qo’lga kiritilgani ma’lum.
Rossiya Ukraina qurolli kuchlarini qurolsizlantirishni maqsad qilganini ta’kidlar ekan, harbiy harakatlar asta-sekin mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan chegaradosh g’arbiy hududlariga ham ko’chishi kutilmoqda.
Polsha ertaga Bryusselda bo’ladigan NATO sammitida Ukraina g’arbiga alyans tinchlikparvar kuchlarini kiritishni taklif etmoqchi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, bu Rossiya va NATO o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvga olib kelishi mumkin.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham buni xavfli tashabbus deb atadi.
Zelenskiy xorijiy davlatlar parlamentlari oldidagi deyarli har bir chiqishida Ukraina havo sarhadlarini himoya qilishni so’raydi. Ertaga ham NATO sammitiga murojaatida shunday bo’lishi kutilmoqda. Biroq AQSh va NATO rahbariyati bu qadamning Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinligini aytib, Zelenskiy da’vatlarini rad etib kelmoqda.
Polsha Rossiya elchixonasi xodimlarini josuslikda ayblab, 45 diplomatni mamlakatdan haydashga hozirlanmoqda. Polsha razvedkasiga ko’ra, bu diplomatlarning barchasi Rossiya maxsus xizmatining xodimlaridir.
Moskva Polshaning bu qadamiga qattiq javob berishini bildirdi.
Yevropaga otlanayotgan AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaga qarshi qo’shimcha sanksiyalar e’lon qilishi kutilyapti. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Rossiya parlamentining quyi palatasidagi 300 dan ortiq deputat Amerika qora ro’yxatiga tushishi mumkin.
Bundan tashqari, Bayden Yevropa mamlakatlarini Rossiya gazi va neftiga tobelikni kamaytirishga chaqirishi, Yevropaning energetika xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qo’shma dastur e’lon qilishi kutilmoqda.
Bayden Bryusselda NATO, “Katta Yettilik” guruhi hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan ko’rishadi, so’ng Polshaga yo’l oladi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Baydenning Yevropaga tashrifidan yana bir maqsad Ukrainaning Rossiya bilan muzokaralardagi pozitsiyasini kuchaytirish. Zelenskiy tinchlikka erishish uchun NATOga a’zo bo’lish rejasidan voz kechishga tayyor ekanini bildirgan.
“Ittifoqchi va hamkor davlatlar Rossiyani qo’shinlarini Ukrainadan chiqarishga majburlabgina qolmay, mamlakatni tiklashga ketadigan xarajatlarni ham Rossiyaning bo’yniga ilmoqchi”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Jonatan Kats.
NATOga a’zo mamlakatlarning ba’zilari Ukrainani qiruvchi samolyotlar kabi hujumkor qurollar bilan ta’minlash tarafdori, biroq boshqa mamlakatlar Moskva bilan ziddiyatning kuchayishini istamaydi.
“Ukrainadagi urush dahshatli albatta, biroq kattaroq urush Yevropani qamrab olsa, vaziyat tubdan halokatli bo’ladi. NATOning asosiy maqsadi hozir Uchinchi jahon urushining, Rossiyaning Yevropa davlatlariga kattaroq agressiyasining oldini olish, alyansni kuchaytirish”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazi eksperti Shon Monagan.
Bayden millionlab ukrainalik qochqinlarni qabul qilayotgan Polshada bo’lib, qo’shimcha gumanitar yordam paketini e’lon qilishi kutilmoqda.
“Sharqiy qanotimizni mudofaa qilish va kuchaytirish maqsadida AQSh Polshada qo’shinlari sonini keskin oshirdi. Nafaqat Ukrainadagi urush, balki Rossiyaning Belarusga qo’shin joylashtirgani ham Polsha uchun tahdiddir”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.
Bayden Polshadagi qochqinlar bilan uchrashadimi, yo’q, hozircha ma’lum emas. Oq uyga ko’ra, Ukrainadagi vaziyatning xavfli ekanini hisobga olib, AQSh rahbari bu mamlakatga bormaydi.
Rossiya bosh vazirining o’rinbosari Aleksandr Novakning aytishicha, agar Yevropa Rossiya yoqilg’isidan voz kechsa, global neft va gaz bozorlarida narxlar keskin ko’tarilib ketadi.
“O’tgan yoz Yevropa yer osti gaz omborlarini to’ldirishga muvaffaq bo’lmadi. Bu yili ham buning uddasidan chiqa olmaydi. Yevropa Ittifoqi keyingi qish g’amini yeyishi kerak. Ammo hech kim bu haqda o’ylamayotgan ko’rinadi”, - dedi Novak.
Germaniya Kansleri Olaf Sholsning aytishicha, uning mamlakati Rossiya energiya resurslariga tobelikdan bir kunda qutula olmaydi. Rus gazi va neftidan voz kechish yuz minglab odamni ishsizga aylantiradi, dedi u.
"Bunday tobelikka barham beramiz. Imkon bo’lishi bilan. Bu ishni hozir qilsak, butun Yevropa tanazzulga yuz tutadi”, - dedi Shols parlamentdagi qonunchilarga.
AQSh va G’arb sanksiyalari oqibatida Rossiya banklari SWIFT tizimidan haydalishi hamda dollar va yevroda muomala qilish imkoniyatidan ayrilishi ketidan Prezident Vladimir Putinning bugun ma’lum qilishicha, Rossiya do’stona emas deb topgan davlatlarga gaz va neftni bundan keyin faqat rublda sotadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 50 ga yaqin mamlakat va orollarni do’st bo’lmagan davlatlar ro’yxatiga kiritgan.
Rossiya AQSh bosimi ostida ayrim xalqaro tashkilotlardan haydalar ekan, uni “Katta Yigirmalik” guruhidan ham chiqarish haqida xabarlar tarqalmoqda. Polsha Rossiyaning tashkilotdagi o’rnini egallamoqchi.
Biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbinning aytishicha, “Katta Yigirmalik”ka a’zo hech bir mamlakatda bunday vakolat yo’q.
Guruhning bu yilgi sammiti oktabr oxirida Indoneziyada bo’lib o’tadi. Tadbir kun tartibiga Ukraina masalasi kiritilmagan. Rossiyaning Indoneziyadagi elchisi Lyudmila Vorobyovaning aytishicha, Prezident Putin sammitda ishtirok etishni rejalamoqda.
Kuzatuvchilarga ko’ra, “Katta yigirmalik” norasmiy guruh bo’lib, a’zolikdan chiqarish mexanizmiga ega emas. Bundan tashqari, Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika, Braziliya kabi yirik a’zolar Rossiyaga sanksiya qo’ymagan, BMT Bosh Assambleyasida Ukrainadagi urushni qoralovchi rezolyutsiyaga ovoz berishda betaraf bo’lgan.
Facebook Forum