Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 22-kun tafsilotlari. Zelenskiyning Bundestagga murojaati


Zelenskiyning germaniyalik qonunchilarga murojaati paytida
Zelenskiyning germaniyalik qonunchilarga murojaati paytida

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSh Kongressi a’zolariga video aloqa orqali murojaatidan so’ng Amerika Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 800 million dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi.

Xalqaro hayot - 17-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

“Putin Ukrainani dahshatli vayronagarchilik va dahshatga solmoqda. Turar-joy binolari, tug'ruqxonalar, shifoxonalarni bombardimon qilishyapt”, - dedi Bayden.

Zelenskiy AQShdan havo mudofaasi tizimlari va samolyotlar so’raganiga qaramay, Qo’shma Shtatlar Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda dastaklarkan, samolyot va zirhga qarshi qurollar, kichik hajmli harbiy dronlar, o’q-dori, bronejiletlar uzatmoqda.

"Dunyo yetakchisi bo’lishingizga tilakdoshman. Dunyo yetakchisi bo’lish tinchlik yetakchisi bo’lishdir”, - dedi Zelenskiy amerikalik qonunchilarga murojaatida.

AQSh va NATO Rossiya-Ukraina mojarosiga bevosita aralashmasligini, Ukraina havo sarhadlarini rus samolyotlaridan himoya qilmasligini bot-bot takrorlamoqda.

“Ukrainaga eng asosiy tahdid bu artilleriya, an’anaviy raketalar va piyoda askarlardan tushmoqda. Havo sarhadlarini yopish bilan bu tahdidlarning oldi olinmaydi va Ukrainadagi harbiy harakatlarga sezilarli ta’sir qilmaydi, ammo bu vaziyatni jiddiy keskinlashtiradi. Polsha qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga uzatishga kelganda ham shu gap”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashidan Stiven Biddl.

NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari Bryusselda uchrashib, alyans hududini Rossiyaning ehtimoliy hujumidan himoya qilish xususida gaplashdi.

AQSh Kongressi Ukrainaga yordam tariqasida ajratgan 13,6 milliard dollarning 4 milliard dollari urush sabab mamlakatini tark etgan 3 milliondan ziyod ukrainalikka gumanitar yordam berishga sarflanadi.

Britaniya, Kanada, AQSh qonunchilariga virtual murojaati ketidan Zelenskiy bugun Germaniya Bundestagi a’zolaridan ham yordam so’radi. O’z ma’ruzalarida bu mamlakatlar tarixidan misol keltirgan Zelenskiy nemis qonunchilariga murojaatida Ikkinchi jahon urushidan so’ng AQShning G’arbiy Berlinga yordami va 1989-yilda Berlin devorining qulashini eslatdi.

Uning aytishicha, Yevropada erkinlik va erkinsizlik o’rtasida devor paydo bo’lgan. Zelenskiy nazarida, Germaniya Rossiyada biznesni kuchaytirib, ana shu devorning ko’tarilishiga hissa qo’shgan.

“Ukrainaga tushayotgan har bir bomba va bunga qarshi qabul qilinmayotgan har bir qaror bilan bu devor kattalashmoqda”, - dedi u.

Zelenskiy Germaniya Kansleri Olaf Sholsga qarab, AQSh sobiq prezidenti Ronald Reyganning bir vaqtlar SSSR rahbari Mixail Gorbachevga aytgan gaplarini ishlatib, “janob Shols, bu devorni buzib tashlang!”, dedi.

Ukraina diplomatik frontda faollashar ekan, Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Yevropa parlamenti a’zolariga virtual shaklda murojaat qilib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy jinoyatchi deb e’lon qilishga chaqirdi.

Bundan bir kun oldin Prezident Bayden ham Putinni harbiy jinoyatchi deb atadi. Kreml yirik davlat arbobiga nisbatan aytilgan bu so’zlarni “kechirib bo’lmas izoh” deb aytdi.

Yevropa mamlakatlari Ukrainadan qochayotgan odamlarni qabul qilishda davom etarkan, AQSh-Meksika chegarasida turgan ukrainaliklar Amerikaga bir yillik gumanitar viza asosida kiritilayotgani ma’lum bo’ldi.

Meksikaning Tixuana shahridagi xalqaro o’tish punktida Janubiy va Markaziy Amerika hamda Lotin Amerikasi fuqarolaridan tashqari ukrainaliklar ham turibdi, biroq AQShga faqat ukrainaliklar o’tkazilmoqda.

Ukrainalik qochqinlar “Reyter” axborot agentligiga uzatgan bu ma’lumotni AQSh rasmiylari hozircha rasman tasdiqlagani yo’q.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga ko’ra, Ukrainadagi urush xalqaro miqyosda iqtisodiy o’sishni 1 foizga sekinlashtirib, global inflyatsiya darajasiga 2 foiz qo’shadi.

Urushning Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga salbiy ta’siri 1,4 foiz, Amerika iqtisodiyotiga ta’siri esa 0,9 foiz bo’lishi bashorat qilinmoqda.

Rossiya va Ukrainaning jahon yalpi ichki mahsulotga hissasi atigi 2 foiz bo’lgani bilan, deyiladi tashkilot hisobotida, bu mamlakatlar yoqilg’i, o’g’it kabi xom-ashyo ishlab chiqarishda yetakchi davlatlar hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG