Breaking News

Vashington universiteti: Markaziy Osiyo tadqiqotlari dasturiga nazar


Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:34 0:00

Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi

Amerika Qo'shma Shtatlarining Sietl shahri nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda dovruq qozongan. Bu yer “Amazon”, “Boing”, “Microsoft” kabi gigant kompaniyalar joylashgan zamonaviy shahar sifatida, ayni paytda tarixiy va madaniy obyektlari hamda ta’lim dargohlari bilan ham mashhur. Vashington universiteti, ayniqsa, Markaziy Osiyoni tadqiq qilishga bag’ishlangan maxsus dasturi bilan nom qozongan.

“Vashington universiteti Markaziy Osiyoni oʻrganish boʻyicha AQShdagi sanoqli markazlardan biri. Biz Markaziy Osiyo tillari, xususan, o‘zbek, qozoq va uyg‘ur tillarini o‘rgatadigan kam sonli universitetlardan birimiz. “Markaziy Osiyo siyosati” kursimdan tashqari, Markaziy Osiyo xalqlari etnografiyasi, antropologiyasi va Ipak yo‘li geografiyasi kurslarini taklif qilamiz. Bizda Markaziy Osiyoni oʻrganish boʻyicha 1960-yillarga borib taqaladigan koʻp yillik ilmiy meros bor. Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi odamlar dunyoning nisbatan qorongʻu bu hududi haqida hech narsa bilmagan bir paytda tarixchilarimiz va tilshunoslarimiz mintaqani oʻrganishni boshlagan”, - deydi universitetning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari Skot Radnits.

Roman Pomeshchikov asli o‘zbekistonlik; hozir Vashington universitetida doktorlik ishini yoqlayapti. U o’z tadqiqoti uchun nega aynan bu o’quv yurtini tanlaganini shunday izohlaydi.

“Vashington universiteti yetakchi o’quv yurtlaridan biri. U dunyo universitetlari ro'yxatida peshqadamlardan. Kuchli tibbiyot maktabiga, ijtimoiy fanlar bo’yicha kuchli markazlarga ega. Bundan tashqari, Sietl mintaqa bilan, xususan, Toshkent bilan tarixiy aloqalarga ega. 1972-yil Sovet ittifoqi davrida Toshkent bilan birinchi qardosh shahar munosabatlarini qurgan. O‘shandan beri qardosh shaharlar uyushmasi ishlab kelyapti. Sietlda, Kapitoliy tepaligida Toshkent parki bor. Toshkentda ham Sietl parki ochilgan. Bundan tashqari, Sietl umuman yashash uchun ajoyib joy. U go'zal tabiiy muhitga ega rang-barang shahar”, - deydi asli o’zbekistonlik Roman Pomeshchikov.

Talant Mavkanuli Vashington universitetining Yaqin Sharq tillari va sivilizatsiyasi kafedrasi professori. U turkiy tillar va sotsiolingvistika, Markaziy va Ichki Osiyodagi etnik oʻziga xoslik, yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar, xususan, Xitoyda islom va musulmonlar antropologiyasi mavzularida tadqiqot olib boradi. Tadqiqotchi Markaziy Osiyo tillari va mintaqaga xos kurslarni o‘qitish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, dastur istiqboliga ham to’xtaldi.

Sietlda do'kon ochgan "amerikalik o'zbeklar"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00

“Markaziy Osiyoni oʻrganish bo’limi Vashington universitetidagi eng eski dasturlardan biri. U AQShda Markaziy Osiyoga bag’ishlangan eng katta loyiha, shuning uchun uzoq tarixga ega. Dasturning o'zi Yaqin Sharq tillari va sivilizatsiyalarining bir qismi sifatida o’rgatiladi. Bizda boshqa bir dastur ham bor; u bo'lim ichidagi dasturlardan biri. U orqali biz turli turkiy tillarni taklif qilamiz: qozoq, qirg'iz, o'zbek va uyg'ur tillari bor. O'tmishda ham o'zbek tili eng muhim tillardan biri bo'lgan. Ilgari talabalarning aksariyati asosan aspirantlar edi, ammo yaqinda moliyalashtirish va qiziqish tufayli bu sohaga qiziqqan bakalavr talabalari ham ko’paymoqda. Demak, bizda bu tillarni o‘rganayotgan talabalar juda xilma-xildir. Hozir dasturni kengaytirish imkoniyati mavjud. Men bu yerga kelishimdan oldin dastur juda kichik edi. Biz turli xil kurslarni ishlab chiqdik. Natijada ko'plab talabalarni jalb qildik. Amerikalik talabalar, shuningdek, Markaziy Osiyodan bu yerga oʻqish uchun, baʼzi qisqa kurslarini oʻrganish uchun kelgan talabalar bor”, - deydi professor.

Universitetning Markaziy Osiyo dasturi uzoq yillik tarixga ega bo’lgani bois bu yerda mintaqaga oid boy ilmiy manbalar yig’ilgan. Shu bois mintaqani o’rganayotgan olimlar uchun Vashington universiteti birinchi tanlov, deydi Lingvistika bo’limi talabasi Iston Kugler.

Vashington choyxonasi: Sietl-Toshkent do'stligining 50 yillik tarixi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:36:32 0:00

“Oʻtgan yili men Qirgʻizistonda yetti oy til dasturida oʻqish imkoniyatiga ega boʻldim. U yerda ham rus, ham qirgʻiz tillarini oʻrgandim va bu tilshunoslik talabasi sifatida men uchun juda qiziq bo’ldi. Markaziy Osiyo bir vaqtning o'zida bir nechta til qo'llaniladigan rang-barang mintaqa.

Keyingi chorakda men Qozog'istonga boraman. U yerda mahalliy qozoq universitetida ushbu dasturda o'rganganlarimni real dunyoda ishlatib ko’rmoqchiman.

Markaziy Osiyodan Vashington universitetiga kelgan talabalar ko'p. Shuningdek, ushbu dasturda qatnashish uchun mamlakatning turli burchaklaridan kelganlar ham bor, bu juda kamdan-kam uchraydigan narsa. Amerikadagi universitetlarning koʻpida aynan Markaziy Osiyoga yoʻnaltirilgan bunday maxsus dasturlar mavjud emas. Bu dasturning mavjudligi bizning omadimiz”, - deydi talaba.

Universtitet ilmiy jamoasi va talabalar Markaziy Osiyoga oid dasturlarning yanada kengayishidan, mintaqadagi ilmiy dargohlar bilan yangi aloqalar o’rnatilishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG