Breaking News

Qrim-tatarlar faoli: O'zbekiston Rossiya e'tirozidan qo'rqmoqda


Ukraina Parlamenti a'zosi, Qrim-tatarlar faoli Mustafo Jemilov
Ukraina Parlamenti a'zosi, Qrim-tatarlar faoli Mustafo Jemilov

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi masalasida ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda. O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlij Senatining yalpi majlisida O’zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo’llab-quvvatlashini, ayni paytda Ukrainadan ajralib chiqqanini e’lon qilgan Donetsk va Luganks xalq respublikalarini tan olmaganini aytdi. Bu shu paytgacha rasmiy Toshkent tomonidan Ukraina masalasida bildirilgan eng jur'atli bayonot ekani aytilmoqda.

Ammo ko'plab faollar fikricha, O’zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari Rossiya e'tirozidan cho'chib, bu bosqinni qoralashdan hanuz o'zini tiyib turibdi.

Ukraina Parlamenti a’zosi, Qrim-tatarlar faoli Mustafo Jemilov yaqinda Ukraina masalasi muhokama qilingan, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari ham ishtirok etgan Turkiyadagi diplomik forumda qatnashdi. U bu forum doirasida Markaziy Osiyo rasmiylari bilan uchrashmagan, ammo ularning urush bo’yicha tutgan pozitsiyasi bilan yaqindan tanish.

Komilov: O’zbekiston urushga qarshi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:55 0:00

Urushni to’xtatish bo’yicha Ukraina, Rossiya, Turkiya tashqi ishlar vazirlari ishitirokidagi muzokaralar ham aynan shu forum doirasida tashkil qilingan edi. Bu uchrashuv natijasiz tugaganiga qaramasdan Turkiyadagi muzokara maydoni e’tibordan chetda emas, tomonlar muhokamalarni yopiq shaklda davom ettirish qarorida.

Mustafo Jemilovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Turkiyadagi uchrashuvning natijasiz tugashi Rossiya tashqi ishlar vazirining vakolatlari cheklangani, aniqrog’i uning qaror qabul qilish vakolatida emasligi bilan bog’liq. Bu forumda qatnashgan, ammo agressiyani tan olishga botinmagan Markaziy Osiyo davlatlari esa vaziyatga xolis baho berish uchun Moskvaning izmidan chiqishi kerak, deydi Jemilov.

“Rossiya tashqi ishlar vaziri o’z vakolati doirasida ham biror qaror qabul qilishga ojiz, hammasi Putin ko’rsatmasiga ko’ra davom etishi kerak. Matbuotda bu uchrashuv o’tganligining o’zini ham ijobiy baholashdi. Lekin shaxsan men buning biror ijobiy tomonini ko’rmadim. Turkiyada forumdagi ishtirokdan tashqari Prezident Erdag’on bilan ham uchrashdim. Ukraina, Qirim masalasidagi ko’magi uchun unga minnatdorchilik bildirdim. Albatta, Ukraina-Rossiya o’rtasidagi muzokaralar boshqa maydonda ham davom etmoqda. Bu muzokaralar Rossiya talabiga ko’ra yopiq shaklda o’tmoqda, jumladan, Istanbulda ham tomonlar shunday uchrashuvlar o’tkazish qarorida”, - deydi qrimlik faol.

Jemilovning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari o’z pozitsiyasini aniq ayta olmayotganining sababi – ular Rossiyadan qo’rqadi.

“Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina masalasida qo’rqoqlarcha pozitsiya egallashdi. Bunga Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi ovozga qo’yilgan BMT Bosh assambleyasi yig’ilishida ham guvoh bo’ldik. Markaziy Osiyoning biror davlati buning agressiya ekanligini tasdiqlashga jur’at topmadi. Mayli, ular betaraf qolishdi, Rossiyani qo’llab ovoz berishmadi, shunisiga ham rahmat. Uchrashuvga kelsak, yo’q, ular bilan ushrashuv bo’lgani yo’q. Nazarimda ular bunday uchrashuv Putinga yoqmasligidan qattiq xavotirda turishibdi. Ammo forum doirasida mendan turk davlatlari Ukrainaga, jumladan, qrim tatarlariga qanday yordam ko’rsatayotgani haqida so’rashdi. Afsuski, Markaziy Osiyodan hech qanday, chunki ularning o’zi hali haqiqatda mustaqil emas, hamon Moskva izmidan chiqmagan. Buni BMTdagi ovoz berish yana bir bor isbotladi. Markaziy Osiyoning ikki davlati betaraf qoldi, yana ikki davlati (O’zbekiston, Turkmaniston) mutlaqo qatnashmadi, shunaqa qo’rqoqlarcha pozitsiya.

Amerika Ovozi: Ukrainadagi urush Qirim masalasiga, jumladan yarim oroldagi qirim-tatarlari bilan bog’liq vaziyatga qanday ta’sir o’tkazmoqda?

Mustafo Jemilov: Qirimdagi vaziyat o’ta yomon, ammo boshqa tomondan ishg’ol ortidan Rossiyadan ko’chib kelgan aholi yana o’z mulkini sotib Qrimdan chiqib ketish harakatiga tushib qolgani ham aytilmoqda. Chunki urush Qrimga ham ko’chishi mumkin. Bundan tashqari, menga aytishlaricha, Ukrainadagi janglarda halok bo’lgan, yaralangan rus askarlarini ham Qrimga olib kelishmoqda, albatta, ular orasida armiya safiga chaqirilgan qrimliklar ham bor, chunki urushga yosh askarlarni ham jo’natishgan. Ular aksariyati Ukraina tomonidan minalashtirilgan hududlarda jarohatlangan, rus armiyasi bu hududlar minalashtirilganini bilardi, lekin baribir yosh askarlarga shu hududlar orqali bostirishga buyruq berdi. Bu minalardan tozalash ko’p vaqt olishi, og’ir texnikani zararsiz olib o’tish uchun maxsus qilindi deb o‘ylayman. Ukrainadagi vaziyat, xususan qamalda qolayotgan Mariupoldagi ahvol hozir o’ta og’ir. Chunki qamaldagi aholi, suvsiz, oziq ovqatsiz qolmoqda, gumanitar yo’lak ishlamayapti, rus armiyasi otishmani to’xtatmayapti. Umuman olganda esa rus armiyasi bu urushda ulkan talafotlar bermoqda, ukrain armiyasi, oddiy aholining jiddiy qarshiligiga uchrayapti. Rossiya urushda halok bo’lgan askarlarini o’z yurtiga qaytarishga ham cho’chib qoldi. Rus hukumati Ukrainada bizni gullar bilan kutib olishadi degan xayolda edi, ammo ular shunday kutib olindiki, ko’zlari ravshan tortdi, vahimaga tushib qolishdi. Xullas, bu urushda Ukraina g’alabasi juda yaqin”.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG