Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 29-kun. NATO va G7 sammiti


AQSh Prezidenti Jo Bayden Bryusselda "Katta Yettilik" sammitida
AQSh Prezidenti Jo Bayden Bryusselda "Katta Yettilik" sammitida

Chorshanba kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiya qonunchilariga murojaati ketidan Fransiya parlamentiga ham virtual shaklda Rossiyaning Ukrainaga hujumi borasida hisobot berdi.

Xalqaro hayot - 24-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:16 0:00

Uning aytishicha, Fransiyaning ayrim kompaniyalari Rossiyada hamon ishlamoqda va bu bilan bilvosita urushni moliyalamoqda.

"Reno”, “Ashan”, “Lerua Merlen” Rossiya urush mashinasiga homiylik qilishni, bolalar va ayollarning o’ldirilishi va zo’rlanishini moliyalashni bas qilishi va Rossiya bozorini tark etishi kerak”, - dedi Zelenskiy Milliy majlis vakillariga murojaatida.

Bugun esa Ukraina rahbari Bryusselda to’plangan NATOga a’zo davlatlar rahbarlari diqqatini o’ziga tortdi. Navbatdagi virtual murojaatida Zelenskiy G’arb davlatlarini yana bir bor Ukraina havo sarhadini yopishga, samolyotlar, tanklar va hujumkor turdagi boshqa qurollar berishga chaqirdi.

"Mana shu uch sammitda kim bizga do’st va hamkoru, kim bizga xiyonat qilayotganini ko’ramiz. Hayotni faqat birlikda himoya qilish mumkin, xolos. Ozodlikni qurollantirish kerak”, - dedi u.

NATO, “Katta Yettilik” va Yevropa Ittifoqi majlislarida qatnashish uchun Yevropaga AQSh Prezidenti Jo Bayden safar qilgan.

Zelenskiy shu bugunoq Shvetsiya deputatlariga ham dardini to’kib, bu mamlakat hukumati va kompaniyalarini Ukrainani tiklashda yordam berishga chaqirdi.

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashida Ukrainaga gumanitar yordam berishga qaratilgan Rossiya taklif etgan rezolyutsiya loyihasi qabul qilinmadi. Britaniyaning BMTdagi elchisi Barbara Vudvord hujjat matnini qoralab, Rossiyani urush jinoyatlarida aybladi.

“Agar Rossiya haqiqatan gumanitar vaziyatdan xavotir olganida edi, bolalarni bombardimon qilishni, qamal taktikasini bas qilgan bo’lardi. Ammo bunday bo’lmadi”, - dedi u.

Rossiya tinch aholini o’qqa tutayotganini inkor etarkan, faqat Ukraina harbiy inshootlari nishonga olayotganini ta’kidlaydi.

NATOga a’zo ayrim mamlakatlarning xavotir olishicha, Rossiya Ukrainadagi urush bilan cheklanmasligi mumkin.

"Hech kim o’zini xavfsiz his qilmayapti. Balki keyingi nishon Polsha bo’lar, balki Boltiq davlatlari. Rossiya chegarasidan uzoqda joylashgan mamlakatlar ham xavfsiz emas”, - dedi Litva Prezidenti Gitanas Nauseda.

Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi sharqdagi Xarkov viloyatining Izyum shahri nazoratga olinganini ma’lum qildi, Mariupol uchun janglar davom etyapti.

Ukraina o’z navbatida Berdyansk shahrida portda turgan rus harbiy kemasini nishonga olganini ma’lum qilarkan, unda tanklar va harbiylar bo’lganini da’vo qilmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Davlat xalqaro aloqalar instituti talabalari bilan uchrashuv chog’ida mamlakatga qo’yilayotgan siyosiy va iqtisodiy bosim haqida gapirdi.

“G’arbning ehtimoliy sanksiyalarini bashorat qilayotganda hech kim Markaziy Bank zaxirasi muzlatiladi deb o’ylamagan edi. Bu haqiqiy qaroqchilik”, - dedi Lavrov.

Moskva bunga javoban Rossiyaga sanksiya qo’ygan mamlakatlar uchun bundan keyin neft va gaz savdosi rublga o’tkazilishini bildirdi. Rossiya fazo agentligi ham xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik rublda bo’lishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Rossiya aviakompaniyalariga lizing asosida berilgan 500 dan ortiq samolyot xorijiy lizing kompaniyalari shartnomani bekor qilib, samolyotlarini chaqirib olishiga qaramay, mamlakatda qoldirildi.

Kreml Rossiya bozoridan ketishga qaror qilgan xorijiy kompaniyalar mulki davlat tasarrufiga o’tkazilishi mumkinligiga ishora qilgan. Xususan, Fransiyaning “Reno” avtomobilsozlik kompaniyasi Moskvadagi zavodida ishlab chiqarish to’xtatilganini kecha ma’lum qildi. Rossiya Sanoat va savdo vazirligi zavod taqdiri bo’yicha qaror kelasi hafta qabul qilinishini bildirdi.

Rossiyaning “Avtovaz” kompaniyasi hissalarining 68 foiziga egalik qiluvchi “Reno” Tolyatti va Ijevsk shaharlaridagi zavodlarida ham faoliyatni qisman to’xtatgan. Kompaniya buni ayrim qismlar tanqisligi bilan izohladi.

24-fevraldan beri Rossiya bozorini 400 dan ortiq xorijiy shirkat tark etgan.

Rossiyadan nafaqat tijoriy kompaniyalar, balki xorijiy diplomatlar ham chiqib ketmoqda. Kreml o’tgan oy Rossiyaning BMTdagi vakolatxonasidan 12 nafar diplomatini haydash qaroriga javoban Amerikaning Moskvadagi elchixonasi xodimlarini haydamoqda. Polshadan 45 nafar diplomatining chiqarilishiga ham Rossiya tegishli javob berishini bildirdi.

Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritganiga roppa-rosa 1 oy bo’ldi. BMT hisobiga ko’ra, urush 925 odamning o’limiga sabab bo’ldi. Harbiy talafotlar bundan mustasno. Rossiya va Ukraina qancha askar yo’qotgani aniq ma’lum emas. Turli manbalar turlicha raqamlar ko’rsatyapti. Masalan, NATO hisobicha, Rossiya 7 mingdan 15 minggacha askar yo’qotgan. Raqamlardagi tavofut o’ta katta.

Ukrainada jurnalistlar ham o’lmoqda. Xususan kecha rossiyalik muxbir Oksana Baulina Kiyevda nobud bo’lgan. Baulina muxolif axborot vebsayti uchun ishlagan, qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniy safdoshlaridan bo’lgan.

Urush sabablari va ko’lami, undagi talafotlar, harbiy harakatlarning cho’zilgani ayrim rossiyaliklar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Bunday norozilik oilaviy, do’stona munosabatlarga salbiy ta’sir qilmoqda.

Xususan Rossiyalik taniqli aktyor Vladimir Mashkovning Amerikada yashayotgan qizi Masha Mashkova Ukrainadagi urushga qarshi ekanini, bu mavzuda otasi bilan chiqisha olmayotganini aytadi.

Vladimir Mashkov Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini, Prezident Putinni ochiq qo’llab-quvvatlaydi. Aktrisa qizining aytishicha, otasi undan ikki nabirasini olib, Rossiyaga qaytishni so’ragan.

AQSh va G’arb Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralarkan, bu mamlakatlarda ham o’z hukumati siyosatini qoralayotgan faollar bor. Xususan, amerikalik taniqli jurnalist Taker Karlson hamda konservativ sharhlovchi Kendes Ovens Ukraina hukumati va Prezident Zelenskiyni bir necha oy oldin korrupsiyada tinimsiz ayblagan AQSh matbuotini Rossiya urush boshlaganidan beri Zelenskiyni ulug’lashga va Ukrainani demokratik davlat deb atashga o’tganini, Zelenskiyning oligarxlar bilan aloqalariga ko’z yumayotganini aytadi.

Ofshor kompaniyalarga xizmat ko’rsatuvchi bir nechta idoraning Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumiga uzatgan salkam 12 millionta hujjatdan ma’lum bo’lishicha, Zelenskiy va uning maslakdoshlari bir nechta ofshor kompaniyaga ega.

AQSh hukumati Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblarkan, aybdorlarni javobgarlikka tortishga va’da bermoqda.

AQShning global jinoiy adolat bo’yicha elchisi lavozimida o’tgan hafta tasdiqlangan Bet Van Shaakning aytishicha, Ukrainada urush jinoyatlariga doir ma’lumotlar to’planib boriladi.

"Xalqaro qonunchilik asosida urushga bevosita aloqador bo’lgan, jinoyatlarga qo’l urganlar bilan til biriktirgan yoki ularga bog’liq bo’lgan barcha javobgarlikka tortiladi”, - dedi u.

AQSh Rossiya armiyasini kasalxonalar, maktablar va boshqa ijtimoiy imoratlarni vayron qilayotganlikda ayblab keladi.

Xalqaro huquq bo’yicha ekspert Jeyn Stromsetning aytishicha, Xalqaro jinoiy sud ham Ukrainada tergov boshlagan.

"Sud prokurori Ukrainaga tergovchilarni yuborgan, uning o’zi mahalliy rasmiylar, jumladan Prezident Zelenskiy bilan gaplashgan”, - deydi mutaxassis.

Bryusseldagi majlislarda qatnashayotgan Prezident Baydenning ham NATOdagi hamkorlar va boshqalar bilan Rossiya harbiy jinoyatlari masalasini ko’tarishi kutilmoqda.

Estoniya, Litva, Germaniya, Polsha, Slovakiya, Shvetsiya ham alohida tergov o’tkazmoqda. Rossiya bu mamlakatlarni ikkiyuzlamachalikda ayblarkan, AQShning Iroq, Afg’oniston, Liviya va Suriyadagi urushlarida ko’plab begunoh insonlar nobud bo’lganiga, amerikalik harbiylar jinoyatlar sodir etganiga, biroq javobgarlikka tortilmaganiga e’tibor qaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG